Hozirgi kunda tumanda jami 177 nafar yolgʻiz keksalar va nogironlar roʻyxatga olingan. Shundan 137 nafari uyda ijtimoiy xizmatga muhtoj yolgʻizlar, 40 nafari esa 19 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlari bilan taʼminlanuvchi yolgʻiz keksalar hamda nogironlar hisoblanadi.

Prokuratura tomonidan ushbu shaxslar bilan “xonadonbay” va “fuqarobay” yurib oʻtkazilgan uchrashuvlar yakuni boʻyicha, ularning 10 nafarida maishiy texnika vositalariga muhtojligi borligi aniqlandi. Mazkur masala homiylar koʻmagida yechim topilib, 1 nafariga televizor, 1 nafariga kir yuvish mashinasi, 4 nafariga muzlatkich va 4 nafariga mikrotoʻlqinli pech va gaz plitalari yetkazib berildi.

Shuningdek, 2 nafariga hassa, 4 nafariga Taxiatosh tumanidagi sihatgohda sogʻlomlashtirish uchun yoʻllanma olib berildi. 55 nafari malakali shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga sogʻligʻi holatiga koʻra 18 turdagi dori-darmon vositalari zarurligi aniqlanib, ushbu dorilarning yetkazib berilishini tuman prokuraturasi oʻz nazoratiga oldi.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri