Qaror loyihasini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon qilib olindi. Xalqaro tajriba asosida aholining kam taʼminlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika boʻyicha amalga kiritilishi belgilanmoqda.

Mazkur qaror loyihasi bilan 2022-yil 1-iyuldan boshlab:

Elektr energiyasi boʻyicha:

- aholi uchun 1 kVt.soat elektr energiyasi isteʼmoli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 soʻm, 250 kVt.soatdan yuqori har 1 kVt.soat uchun – 650 soʻm;

- 1 kVt.soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 800 soʻm hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 soʻm.

Tabiiy gaz boʻyicha:

- aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz isteʼmoli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 soʻm, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 soʻm, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 soʻm, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 soʻm.

- 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 300 soʻm, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 200 soʻm, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 soʻm hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 150 soʻm.

Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 soʻm miqdorida belgilanmoqda. Bunda, 1 abonentga bir oyda oʻrtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishini hisobga olsak, abonentning qoʻshimcha xarajati bir oyda 9,6 ming soʻmni tashkil etadi.