Mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi nufuzi va rolini oshirishda muhim qadamlar qoʻyilmoqdaki, bu yurtimizning har bir jabhasini rivojlantirishda, taraqqiyoti va ravnaqida oʻz samarasini bermoqda. Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi muhitini yaxshilash yoʻlidagi islohotlar ishsiz ayollarni kasb-hunarga oʻqitish, biznes yuritishlari bilan bogʻliq barcha jarayonlarni soddalashtirish, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hamda imkoniyatlar yaratib berishga qaratilgan.
— Prezidentimizning “Odamlarning mehnat qilib, boy boʻlishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz zarur”, degan soʻzlarini televideniye orqali eshitib, har bir inson oʻzi tugʻilib oʻsgan ona yurtida boy-badavlat, baxtli-saodatli va osuda hayot kechirishga haqli ekaniga, ish izlab oʻzga yurtlarda sarson-sargardon boʻlmasligi kerakligiga yana bir bor amin boʻldim, — deydi xatirchilik tadbirkor Munira Hamroyeva.
“Ayollar daftari”
Davlatimiz rahbari joriy yil 8-oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida yangi ish tizimi joriy etilishi, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantirilishini va bu “temir daftar”dan alohida boʻlishini, unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritilishini taʼkidladi.
Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ish yoʻlga qoʻyilishi qayd etilib, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tajribasi Xatirchi tumani va Yangiyer shahri misolida muhokama etildi. Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi 68 ta mahalla fuqarolar yigʻinida “temir daftar”ga kiritilgan 340 nafar xotin-qiz 18 ta yoʻnalish boʻyicha kasb-hunarga oʻqitilmoqda. Oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 30 nafarga yaqin xotin-qiz esa loyiha doirasida ishga joylashtirildi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Munira Hamroyevaning murojaati ham oʻrganilib, faoliyatini rivojlantirishi uchun 30 million soʻm imtiyozli kredit ajratib berildi. Maqolamiz qahramoni, oddiy qishloq oilasida voyaga yetgan xatirchilik Munira Hamroyeva yoshligidanoq onasining yonida chopon tikish, gilam va kashta toʻqish ishlariga qarashib, voyaga yetdi. Mehnatdan boʻyin tovlamaslik unga onasidan meros.
“Ishlayman, koʻp daromad yigʻib, kelajakda oilam bilan farovon yashayman”, degan orzu-umidlar qurshovida Rossiyaga ish izlab ketgan Munira 6 yil davomida oʻzga yurtda maqsadiga yeta olmay, vataniga qaytib keldi. Munira bilan suhbatlashar ekanman, yurtimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlardan unumli foydalanish darajasi ularning oʻzigagina bogʻliq boʻlib qolayotganiga amin boʻldim.
Gilamlaringizni kimga sotasiz?
Ayollar oʻzlarini nafaqat ona, rafiqa, balki jamiyatga kerakli shaxs sifatida koʻrib, salohiyatini toʻgʻri yoʻnaltira olsa, faqat oila qurish, farzandlar tugʻib, tarbiyalashni emas, balki oʻz iqtidori, halol mehnati bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishi lozimligini teran anglab yetsa va shunga intilsa, xayolidagi barcha ezgu maqsadlari haqiqatga aylanardi. Munira tuman mutasaddilaridan gilam sexini ochish masalasida yordam va maslahat soʻraganida, yuragidagi armonlarini halol mehnati bilan yuzaga chiqarishni niyat qilgandi.
Tuman hokimi uning qarorini qoʻllab-quvvatlab, “toʻqigan gilamlaringizni qayerda va kimlarga sotmoqchisiz”, deb soʻraganida, umrining olti yilini Rossiyada sarsongarchilikda, ogʻir mehnatda besamar oʻtkazgan ayol: “Agar kerak boʻlsa, yelkamda koʻtarib, uyma-uy yurib sotaman”, deya qatʼiy javob bergan edi. Munira Hamroyevaga oʻz tadbirkorligini rivojlantirish uchun dastlab shu yilning may oyida 60 million soʻm kredit ajratildi.
U turmush oʻrtogʻi bilan birga bu mablagʻga oʻzlari yashaydigan “Bogʻchakalon” mahallasidagi tashlandiq binoni toʻliq taʼmirdan chiqardi va gilam toʻqish dastgohlarini sotib olib kelib oʻrnatdi. Soʻngra gilamchilik sohasida yetarli darajada koʻnikmaga ega boʻlish uchun Qashqadaryo viloyatining Koson tumaniga borib, 10 kun davomida tajriba orttirib keldi. Qishlogʻidagi ishsiz ayollarni yigʻib, oʻzining “Xatirchi asl ipak gilamlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Natijada hamqishloq xotin-qizlardan 20 nafarining bandligi taʼminlandi.
Hozir gilam sexida sof, boʻyalmagan jundan gilamlar, joynamoz va poyandozlar qoʻl mehnati bilan toʻqilmoqda. — Prezidentimiz xalqimizga keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi, — deydi Munira. — Ayniqsa, tadbirkorlik qilaman, yangi ish oʻrinlari yarataman, degan odamga hech qanday toʻsiq yoʻq. Tadbirkorni hamma, har jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqda. Yaratilgan ana shu imkoniyatlar oʻz ishini endigina boshlagan men kabi tadbirkorlarga qanot boʻlmoqda.
Yaqinda yana 30 million soʻm kredit olib, qolipli non sexini ishga tushirdik. Kuniga 600 dona non ishlab chiqarib, tumandagi 11 ta maktabgacha taʼlim muassasasiga nonlarni shartnoma asosida yetkazib beryapmiz. Kelgusida jun yigirish va sut mahsulotlari sexlarini ham ochmoqchiman. Rejalarim va orzularim juda koʻp. Ammo yuragimda bir armon va bir kemtik borki, uni hech qachon toʻldira olmasam kerak. Sababi, shunday kunlarga yetganimni onam koʻra olmadi. Onam 6 yil mobaynida mening bolamni oq yuvib, oq tarab, mehr berib qaradi, koʻz tikib yoʻllarimni poyladi-yu, kelganimdan soʻng ogʻir xastalik sabab bizni tashlab ketdi...

Baxtga choʻmgandim, lekin unga toʻymadim
— Bolaligim boshqa bolalarnikidek shoʻx-shodon, oʻyin-kulgilarga yoʻgʻrilgan holda oʻtmagan, — deydi Munira. — Oilada toʻrt farzandmiz. Men toʻngʻichiman, dadam ertalabdan kechgacha tinim bilmay dalada ishlar, lekin juda kam maosh olardi. Onam rahmatli esa roʻzgʻorga yordam boʻlsin, kam-koʻstimiz toʻlsin, deb hamma uxlar chogʻida yarim tungacha, baʼzan esa tonggacha xira chiroq yogʻdusida tanish-bilishlar, qoʻni-qoʻshnilarga chopon, joynamoz, kashtali sochiqlar tikib, chevarlik qilardi. Kunduz kunlari roʻzgʻor yumushlarini saranjomlab, jun yigirib, gilam toʻqirdi. Kimlardir pul bersa, boshqa birovlar pul oʻrniga 5-6 kilogramm yongʻoq, mayiz yoki turshak tashlab ketardi. Onam kim nima bersa indamay olar va juda ham mamnun boʻlardi.
Bolalik, yoshlik chogʻlarimda va ulgʻayib katta boʻlganimda ham hech qachon ortiqcha pulimiz boʻlmagan, oʻzimga, ukam va singillarimga xohlagan narsalarini sotib olib berishga qurbimiz yetmagan. Bir kuni 10-sinfda oʻqiydigan ukamni yoʻlovchi mashinasi urib ketgan va hech qanday yordam bermagan. Biz esa bisotimizdagi televizorimizni sotib, pulini ukamning davolanishiga sarflaganmiz. Oʻshanda singillarim javdirab, rosa yigʻlagan. Oʻtgan kunlarimni eslasam, yuragim oʻrtanib, bagʻrim ezilib ketaveradi.
Nolishni istamayman, lekin boy boʻlmasak-da, toʻkin yashashni istardim. Oʻninchi sinfni tugatganimdan soʻng Kattaqoʻrgʻon tumanidagi pedagogika kasb-hunar kollejiga oʻqishga kirdim. Lekin uy ishlari va chevarchilikda onamga koʻmaklashish uchun oʻqishimni oxirigacha davom ettira olmadim. Turmushga chiqqanimdan soʻng ham yana moddiy qiyinchiliklar ichida yashadim. Ichimdagi bir ovoz, erta bir kun hammasi yaxshi boʻladi, derdi. Oʻgʻlim tugʻilganidan soʻng oilamizda quyosh charaqlab, baxtga choʻmgandek boʻldim.
Onalik oʻzi haqiqiy baxt edi men uchun. Shu quvonch bilan ikki yil qanday oʻtganini bilmay qoldim. Bolam tufayli baxtga choʻmgandim, lekin unga toʻymadim. Katta roʻzgʻorga kelin boʻlganman. Oilada koʻpchilikmiz, ishlay desak ish, alohida hovli qurib chiqib ketishga esa mablagʻimiz yoʻq edi. Men kelin boʻlib tushgan uyga yana kelin kelishi, qaynim uylanishi lozim boʻldi. Oʻgʻlim 2 yoshga toʻlgach, bolaginamni onamga tashlab, turmush oʻrtogʻim bilan Rossiyaga ishlashga ketishga majbur boʻldik...
Oʻgʻlim onamda, koʻzlarim esa yoʻldaqolgandi
Muniraning turmush oʻrtogʻi bilan xorijda kechgan yillari qalbida ogʻriqli va ozorli xotiralarnigina qoldirgan. Yoshgina kelinchakning oʻzga diyorda koʻrgan azoblarini tasvirlab berishga qalam ham ojizlik qilmoqda nazarimda. Nam, yomgʻirli kunlarda kartoshka va sabzi terganlari-yu, ayol boshiga 50 kilolik qoplarni koʻtarib, ulkan mashinalarga ortganini yoki savdo doʻkonlarida ishlab, bir soʻm boʻlsa ham jamgʻarib, uy olishni niyat qilgani haqidagi hikoyalarni tinglar ekanman, baʼzi bir yoshlarimizning hoyu havaslarga berilib, xorijda yengil hayotni kasb qilib olganlariga achindim.
“Sadoqatli ayollar urush davrlaridagina boʻlgan, ular hamma qiyinchilikka chidagan, hozirgi yoshlar unday emas”, deydi baʼzi birovlar. Yoʻq, aslida insonning qanday yashashi uning maʼnaviyatiga bogʻliq. Bolaligidan yoʻqchilikda qiynalib oʻsgan Munira rostgoʻyligi bilan oʻsha yerdagilarning ham koʻnglidan joy olib, ishonchiga kirdi. Turmush oʻrtogʻi va oʻzining halol mehnatlari tufayli xorijlik tadbirkorlar ularga masʼuliyatli ishlarni topshirar edi. Biroq ishlab topganlarini yemay-ichmay jamgʻarsalar-da, qoʻllari pul koʻrib, choʻntaklari qappaymadi.
Yillar oʻtgan sari yurt sogʻinchi, onasining mungli qarashlari, bolasining chirqirab yigʻlab qolgan chehrasi bir zum boʻlsa-da koʻz oʻngidan ketmadi. Turmush oʻrtogʻining “ozgina sabr qil, chida”, degan soʻzlari soʻnggi vaqtlarda qulogʻiga ham kirmay qoldi. “Yuring, yurtimizga ketamiz, oʻgʻlimiz yaqinda maktabga chiqadi, nahotki uni qoʻlchalaridan ushlab, maktabga oʻzimiz olib bora olmasak”, deya zorlanaverdi. Nihoyat, turmush oʻrtogʻi bilan jonajon qishlogʻiga qaytib keldi. Toʻplagan pullari har holda chogʻroqqina hovli sotib olishga yetdi. Bu yogʻiga yana na ish bor, na roʻzgʻor yuritishga ortiqcha bir soʻm mablagʻ. Boshi qotib, nima qilishni bilmay oʻylanib yurganida, xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar uning umidsiz koʻngliga umid chirogʻini yoqib, nurli manzillarga yetaklovchi yorugʻ va istiqbolli yoʻlga keng bir eshik ochib berdi.

Maqsad bilan yashash kerak
Bir zamonlar ayollarga zaifa, ojiza sifatida mensimay qarashgan. Bu soʻzlar hozir ham uchrab turadi. Aslida hech bir davrda ayol ojiza boʻlgan emas. Munira kabi oʻz oilasi, farzandining baxti-saodati uchun ming bir mashaqqatga tayyor ayollar buning isbotidir. Men uning yot elning ayozli, izgʻirinli, qorli-qirovli kunlarida ishsiz, pulsiz, boshpanasiz qolganlarini, na yotishga joy, yeyishga non topolmay arosatda oʻtkazgan azobli kunlarining ozorlarini qogʻozga tushirishni istamadim. Chunki ayanchli oʻtmish ortda qoldi. Yorugʻ istiqbolli kunlari esa chindan ham oldinda turibdi.
Eng asosiysi, biz yashab turgan jamiyatda Munira singari mehnatkash, qatʼiyatli, shijoatli ayollarning borligida. Munira Hamroyeva kelgusida jun yigirish va sut mahsulotlari ishlab chiqarish sexlarini ham ochmoqchi. Tadbirkorlik qilib kam boʻlmayapti. Oilasi tinch, topayotgan daromadi ham yomon emas, odamlarga nafi tegyapti. Asosiysi, yaqinlarining yonida. Farzandining kamolini koʻrib, diydoriga toʻyib, kuch olib yashash oʻzbek ayoli uchun eng oliy baxt, bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak.
Ayolning qadami tekkan sahro boʻstonga, qoʻli tekkan tikan gulga aylanishi bejiz emas. Yuragida ming bitta umid va ezgu niyatlar bilan oʻz faoliyatini boshlagan tadbirkor ayolning boshida Oʻzbekiston degan jannatmonand diyori bor, yelkasiga bosh qoʻyishga munosib turmush oʻrtogʻi va hayotining mazmuni — oʻgʻli bor.









