Nigohida salobat, har bir soʻzida tarbiya, xatti-harakatida namuna mujassam boʻlardi.
Ovozini koʻtarib gapirmasa-da, soʻzi oilada hal qiluvchi edi. Dunyo haqidagi ilk tasavvurni bobolarimiz shakllantirgan boʻlsa ajab emas. Boisi, ular aytib bergan hayotiy hikoyalar, shuurimizga singdirgan urf-odatlar negizida oʻziga xos hikmat va yaxshilikka chorlovchi ibrat bisyor edi. Aytib bergan ertaklari axloqni, hikoyalari umr haqiqatini, goʻzal suhbatlari esa hayotga muhabbatni oʻrgatardi.
Bugun davr oʻzgargandek. Toʻgʻri, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat har birimizning qalbimizda asl holicha turibdi. Biroq telefon, internet hamda global madaniyat hayotimizga shiddat bilan kirib kelgani, natijada turmush tarzimiz, qarashlarimiz oʻzgargani ham ayni haqiqat.
Negadir hozirgi aksariyat yoshlar bilimni turli platformalardan, hayot va odobni ijtimoiy tarmoqlardan oʻrganayotgandek tuyulaveradi. Lekin bilganlari orasida bobolar oʻrgatadigan muomala madaniyati, odob va axloq yoʻq.
Telefon paydo qilayotgan masofa
Yaqinda oʻzim guvoh boʻlgan bir voqeani aytib bersam. Yoz faslining haroratli kunlarida koʻchaga chiqdim. Oʻrindiqda oʻtirar ekanman, nigohim roʻparadagi uyda yashovchi nuroniy qoʻshnim va 12 yoshlar chamasidagi nevarasiga tushdi. Bobo-nevara uyimiz yonidagi doʻkon tomon kelardi. Ularni kuzata turib, dastlab avlodlar orasidagi ulugʻvor rishtani his qilgan boʻldim. Biroq bolaning qoʻlidagi telefonga koʻzim tushgach, dilim xufton boʻldi. Nevara ekrandan koʻz uzmay kelardi.
Shu mahal otaxon xayol bilanmi birdan qalqib ketdi va qoʻlidagi hassasi yerga tushdi. U qaddini tiklab, atrofga bir qur nazar soldi. Soʻng bir oz egilib, hassani yerdan olmoqchi boʻldi, ammo beli ogʻridimi, boʻyni egilmadimi, ishqilib hassasini ololmadi.
— Bolam, — dedi past ovozda.
Nevara bobosining ovozini eshitmadi. Chol bu safar qattiqroq chaqirdi.
— Hassamni olib ber, bolam!
Shundagina sal oldinroqda yurib ketayotgan bola telefondan koʻz uzib, bobosiga qaradi. Bir soʻz demay yurib keldi va befarq holicha yerdagi hassani olib bobosiga uzatdi. Na nima boʻlgani haqida soʻradi, na hayratlandi.
Hassasini yerdan ololmay engashgan boboning holati haqida ancha vaqt oʻylab yurdim. Bobo va nevara orasidagi bunday masofa koʻnglimni ogʻritdi, qoʻshnimning dilidagi ozorni his qilganday boʻldim. Oddiy holatga aylanib ulgurayotgan bunday voqea larda, ehtimol, bola aybdor emasdir. Unga berilayotgan tarbiya, oilasining “zamonaviy gʻamxoʻrligi” sabab ushbu vaziyat yuzaga kelgandir.
Davlatimiz rahbari bir yigʻilishda bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qoʻlidagi telefon tarbiyalayotgani, mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, koʻpincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanayotgani, bularning barchasi biz uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlib yangrashi zarurligini taʼkidlagan edi.
Soʻzlarida hayot, qarashlarida oʻgit bor edi
— Bolaligimda nonushtada ham, kechki ovqat chogʻida ham bobom birinchi boʻlib taomga qoʻl choʻzmagunicha kutib turardik. Bu biz uchun oiladagi tartib emas, balki hurmat-ehtirom belgisi edi, — deydi poytaxtimizdagi “Katta Qorasuv” mahalla fuqarolar yigʻini raisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Naima Jabborova. — Taom yeyish faqat qorin toʻydirish emas, balki odob-axloq koʻzgusi edi. Bobom gap boshlasa, hammamiz jim tinglardik. Uning soʻzlarida hayot, nigohida oʻgit bor edi. Aynan shu dasturxon atrofida kattani hurmat qilish, kichikka mehr bilan qarash, taomdan oldin va keyin duo qilish, shukr aytish kabi jihatlar ongimizga quyilgan.
“Tirik darsliklar”
Bobolar oʻgiti bilan ulgʻaygan nevaralar ona tiliga, madaniyatiga va xalqining urf-odatlariga hurmat bilan qaraydi. Bobo va nevara oʻrtasidagi rishtalar faqat shaxsiy va oilaviy aloqalardan iborat emas, balki butun jamiyatning maʼnaviy kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Umr yoʻlimda rahmatli bobomning oʻgitlari koʻp asqotgan. U bilan qilgan suhbatlarimiz hayot saboqlari bilan toʻla boʻlardi. Hovlimizdagi biror daraxt haqida soʻrasam, u daraxtning yoshi, kim ekkani, mevasi qaysi dardga shifoligi va hatto uning soyasida kimlar dam olgani haqida ham gapirib berardi. Bobom faqat nimani bilish kerakligini emas, balki nima uchun bilish zarurligini ham oʻrgatardi.
Bugungi aksariyat bolalar esa bu nima, u kim degan savollarni bobosi yoki ota-onasidan soʻrab oʻtirmaydi. Nimani bilmoqchi boʻlsa, smartfoniga murojaat qiladi. Biroq internet berayotgan javoblarda hayot tajribasiyu inja tafakkur aks etarmikan degan savol qiynaydi kishini.
— Biz farzandlarimizga bolaligidanoq kitob oʻqishni oʻrgatardik. Har bir sahifani birga oʻqib, savol-javob qilardik. Har qanday neʼmat tarbiya bilan, masʼuliyat bilan muvozanat topsagina samarali boʻladi. Bizning vazifamiz yoshlarni ilmli qilish, ular bilan doimiy muloqotda boʻlib, shaxsiy namuna koʻrsatish, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinov. — Yoshi ulugʻlar bola qalbiga tarbiyani dabdurustdan emas, donolik bilan asta-sekin tomchilatib singdirib borish kerakligini aytadi. Afsuski, bugun bobolarning tarbiyadagi ishtiroki kamayib, oʻrnini algoritmlar egallayotgandek. Yosh avlodga ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumot olish erkini va oqimini berib qoʻydik, biroq nazoratda ushlashda sustkashlik qilyapmiz.
Hozirgi bolalar “koʻp oʻqi, koʻp eshit” degan hayotiy qoidani “koʻp koʻr”, deb tushuna boshlagan. Internetdagi videolar, turli trendlar, tezkor xabarlar va oʻyinlar ularni oʻz qarmogʻiga ilintirib borayotir. Ming afsuski, bular yoshlarni tarbiyalash oʻrniga vaqtini oʻgʻirlaydi, kuchini ketkazadi, oʻzini va ichki qarashlarini eʼtiborsiz qilib qoʻyadi. Bobolar aytgan “oʻylab soʻzla, sabrli boʻl” kabi hayotiy hikmatlarni ularning ongidan yulib tashlaydi.
Shuning uchun, eng avvalo, oilada bobolar suhbatiga koʻproq oʻrin berish kerak. Kechki ovqatdan soʻng dam olish paytida bobolarni gapga tutish, ibratli voqealar haqida gaplashishni oilaviy anʼanaga aylantirish lozim. Bunda, ayniqsa, ota-onaning oʻrni beqiyos.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri