Yosh o'qituvchi Prezident ishonchini oqladi

    Ingliz tili bo'yicha yuqori darajaga ega, 30 yoshida professor lavozimida ishlayotgan Nozima Prezidentimizning Buxoroga ikki yil oldingi tashrifini ayniqsa, yaxshi eslaydi.

    Kuni kecha shaxmat bo'yicha yirik xalqaro musobaqa — “Tata Steel Chess—2023” bellashuvlarida yosh shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov katta g'alabasi haqida jorij ommaviy axborot vositalariga ingliz tilida ravon intervyu berganini ko'rib, xalqimiz u bilan yana bir karra g'ururlandi. Tabiatan kamtar va kamgap o'zbek o'g'lonining ajnabiy zabonida burro so'zlashi ko'pchiligimizni hayratga soldi. Boshqa tomondan, hozir yoshlarimiz bir emas, bir nechta tilda ana shunday erkin so'zlasha olishi, bu ham ta'lim tizimidagi islohotlardan biri ekani kishini quvontiradi.

    Ota-bobolarimiz ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga, deb bejiz aytishmagan. Bugungi davrimizda buni til bilganga, desak ham to'g'ri bo'ladi. Nafaqat xorij davlatlariga chiqish, balki istalgan sohada ko'proq bilim egallash, chet el tajribasini o'rganish, o'qitishning innovatsion usullaridan foydalanish, qolaversa, o'zga mamlakatlardan birida o'qib, ishlash uchun ham til bilish zarur.

    Mamlakatimizda bog'cha, maktab davridanoq bir necha tillarni o'qitishga e'tibor oshib borayotgani boisi shunda. Joriy yil boshidanoq bu boradagi vazifalarni takomillashtirishga kirishildi. 20-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida o'tgan maktablarda xorijiy tillar va kasb o'rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo'yicha kengaytirilgan yig'ilishda chet tillarni o'qitish sifatini oshirish va o'quvchilarni kasbga yo'naltirish masalalari kun tartibiga chiqarildi.

    Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olingan. Ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, o'quvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi o'rganilgan. Ular orasida Buxoro viloyatining G'ijduvon, Shofirkon tumanlari hamda Buxoro shahri ham bor. Bu hududlarda xorijiy til va kasb-hunarga talab nisbatan yuqori. Shu bilan birga, til o'rganishga qiziquvchilar ham ko'pchilikni tashkil etadi.

    — Viloyatimizda xorijiy tillarni o'qitish 2021-yildayoq alohida tus olgan edi, — deydi Buxoro davlat universiteti professori Nozima Xolikova. — O'sha yili ayni shu vaqtlarda davlatimiz rahbari Buxoroga tashriflari chog'ida viloyat hokimiga xorijiy tillarga alohida e'tibor qaratilishi hamda Buxoroni xorijiy tillarni o'rgatish bo'yicha namunali viloyatlardan biri bo'lishi kerakligi haqidagi ilk topshiriqni bergan edilar. SHundan so'ng chet tillarini rivojlantirishga doir birin-ketin Prezident qarorlari, Vazirlar mahkamasi qarori va boshqa hujjatlar qabul qilina boshlandi. Gap shundaki, bu qarorlar nafaqat ta'lim tizimi, balki nota'lim sohalar, davlat tashkilotlarida ham rahbar va xodimlarga xorijiy tillarni o'qitishni yo'lga qo'yishga qaratilgan.

    Topshiriq berildi, natija esa...

    Ingliz tili bo'yicha yuqori darajaga ega, 30 yoshida professor lavozimida ishlayotgan Nozima Prezidentimizning Buxoroga ikki yil oldingi tashrifini ayniqsa, yaxshi eslaydi. O'shanda u faollar qatorida o'tirar, so'ng davlatimiz rahbari bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilgandi. Suhbat davomida doktorlik ishini ingliz tilida himoya qilganini aytgan. Yosh doktorantning erishgan yutuqlaridan ham quvonib, ham hayratlangan Prezidentimiz viloyat hokimiga Nozimani Buxoroda xorijiy tillarni o'rgatish bo'yicha rahbar qilib tayinlash va uning g'oyalarini qo'llab, barcha sharoitlarni yaratib berishlariga topshiriq bergan.

    — Shundan so'ng Vazirlar mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etildi, men esa ana shu agentlikning Buxoro viloyati vakilligi rahbari etib tayinlandim va 29 yoshimda shunday mas'uliyatli vazifada ishlay boshladim, — deydi Nozima Xoliqova. — Davlatimiz rahbarining uchrashuvda “Mana ko'rasizlar, yil yakuni bo'yicha boshqa viloyatdagi rahbarlardan ko'ra, mana shu qiz yaxshi natija qilib beradi”, degan so'zlari menga hozirgacha kuch va ishonch berib turadi.

    Faoliyatimizni eng avvalo, xalq ta'limi tizimi o'qituvchilarini o'qitishdan boshladik. Tibbiyotdan ma'lumki, kasallikni aniqlash uchun, eng avval, to'g'ri tashxis qo'yish lozim. Biz ham birinchi navbatda, C1 darajadagi xalqaro sertifikatga ega malakali kadrlar tayyorlash, xorijiy tillarni ommalashtirishga qaratilgan vazifalar ijrosini o'rganish maqsadida viloyatdagi barcha tuman va shahar xalq ta'limi tizimida faoliyat yuritadigan o'qituvchilarning xorijiy tilni bilish bo'yicha sertifikatsiyasini tahlil qildik. Har bir tumanda eng kuchli o'quv markazlari mutaxassislarini jalb qilib, viloyatdagi barcha o'qituvchilarni ingliz tiliga qayta o'qitdik. Turli davlat tashkilotlarida ham xorijiy til kurslarini tashkil qildik.

    Hozirgi kunda viloyat Xalq ta'limi tizimida 2676 nafar xorijiy til o'qituvchisi faoliyat yuritayotgan bo'lsa, shundan 977 nafarida xalqaro va milliy til bilish sertifikati mavjud. Bu 37 foiz degani, oliy ta'limda esa mazkur ko'rsatkich 74,40 foizni tashkil etmoqda. Xorijiy tilni bilish sertifikatiga ega 14—30 yoshdagi yigit-qizlar 1550 nafardan oshiq. Ushbu statistika viloyatda sertifikatsiya olish darajasi 3-4 barobar oshganidan dalolat beradi. Mamlakatimiz miqyosida esa Buxoro viloyati bu yo'nalishda ikkinchi o'ringa ko'tarildi.

    “Onamdan motivatsiya olaman”

    ... “Nozima, qizim, turing, sizni buyuk ishlar kutmoqda!”. Qahramonimizning onasi tongda qizini doim shunday uyg'otardi. Saida Baxranova 40 yil maktabda tarix fanidan dars bergani uchunmi, farzandlariga xuddi tarixiy shaxslar, buyuk insonlarning onasidek muomala qiladi. Balki mana shu ishonch ularning bugungi muvaffaqiyatlari, katta maqsadlar sari dadil intilib, orzulariga birin-ketin erishib kelayotganlariga sababdir.

    Buxoro shahrida tug'ilib o'sgan Nozima Xoliqova bolaligidan xorijiy tillarni o'rganishga mehr qo'ygan. Maktab davridayoq faollar safida edi. Buxoro davlat universiteti talabasi bo'lganidan keyin ham turli tanlovlarda qatnashib, g'oliblikka erishdi. 2014-yilda o'qishning magistratura bosqichi talabasiga aylandi. Keyinroq oila qurgan qahramonimiz ilmiy faoliyatini ham tashlab qo'ymadi. 24 yoshida o'zi o'qigan universitetda o'qituvchi sifatida ish boshladi. Pandemiya sabab joriy etilgan karantin davrida esa AQSHning Arizona universitetida onlayn tahsil olib, xalqaro o'qituvchilik darajasini qo'lga kiritdi. Orada farzandli bo'lish barobarida, ta'limning keyingi bosqichlarini davom ettirgan Nozima o'zi orzu qilganidek, 30 yoshida universitet professori darajasiga erishdi.

    — Hamon esimda, 2020-yili fan yo'nalishi bo'yicha “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo'lganimda, Prezidentimizning shaxsan o'zlari mukofotni taqib qo'yar ekanlar, “Doktor, professor bo'ling, qizim”, deya tilak bildirdilar. Bu so'zlar hanuzgacha qulog'im ostida jaranglaydi va menga doim kuch beradi, — deydi qahramonimiz. — O'shanda yurtimiz tarixida ilk bor doktorant ushbu mukofotga loyiq ko'rilgan edi. Bu ham biz yoshlarga barcha imkoniyatlar eshiklari ochib berilayotganidan dalolat emasmi? Imkoniyatlar haqida gapirganda, ayrim yigit-qizlar buni ko'rmayotganini aytib nolib qoladi. Lekin buning bari izlanmaslik, maqsad sari intilmaslikdan. Maqsadi aniq, harakatlari dadil bo'lgan inson, albatta, imkoniyatlardan foydalana oladi. Oddiy oilaning farzandi sifatida bunga o'zimni misol keltirishim mumkin. Otam ishchi, onam o'qituvchi bo'lishgan. Ammo bu mening bugungi darajaga erishishim, imkoniyatlardan foydalanishimga to'siq bo'la olmadi.

    Albatta, barcha muvaffaqiyatlar avvalo, YAratgandan. Ammo insonda ham shunga yarasha harakat bo'lishi kerak. Men doim onamdan kuch, motivatsiya olaman. Badiiy, psixologik kitoblarni ko'p o'qiyman. Adabiyotlarning birida senga etmayotgan narsani boshqalarga ilin, shunda senga ikki karra bo'lib qaytadi, deyiladi. Ya'ni, hayot misoli bumerang, hammasi o'zingga qaytadi. Men bunga hayotim davomida guvoh bo'lyapman. Doim atrofimdagilarga o'zim kabi natijalarga erishishlari uchun yordamlashaman va bu menga ikki karra bo'lib qaytadi. Bu albatta, falsafiy qarashlar. Aslida esa, shunchaki, o'zim kabi yoshlarni qo'llab-quvvatlashga doim intilaman.

    Nozima hayotdagi eng katta yutuqlaridan biri — bu oilasi va farzandlari ekanini ta'kidlaydi. Turmush o'rtog'ini ham ilmiy sohaga qiziqtirgan, hozir Buxoro davlat universiteti doktoranti. Ular birgalikda ikki o'g'ilni tarbiya qilishyapti. Qolaversa, har sohada bir-birlarini tushunib, qo'llab-quvvatlashadi. Nozima 2019-yilda asos solgan “Aligenius innovative centre” o'quv-innovatsion markazining yaqinda ishga tushishi kutilayotgan yangi binosining qad rostlashida ham har ikkalalarining teng hissalari bor.

    Gap shundaki, qahramonimiz markaz tashkil etgunga qadar ijaraga bino olib, turli yoshdagi 20—30 nafar bolani ingliz tiliga o'qitib kelgan. Markaz uchun ruxsatnoma olingach, boshqa tillarda ham darslar tashkil etildi. Aytgandek, Nozima Xoliqova ingliz, rus, tojik tillarida erkin so'zlasha olish bilan birga, frantsuz va arab tillarini ham qisman biladi. Hozirgi kunda turk tilini o'rganyapti. Shunday qilib, markaz ish boshlaganidan keyin ham joy masalasi muammo bo'lib, u yoqdan bu yoqqa ko'chib yurishdi. Nihoyat, Nozima “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi ishtirokchisiga aylandi va unga qo'shimcha er hamda imtiyozli kredit ajratildi.

    — Kredit chiqquniga qadar bino poydevorini o'zim va turmush o'rtog'imning oylik maoshlari hisobiga ko'tardik, — deydi u. — O'tgan yili markaz qurilishini nihoyasiga etkazdik, tez orada ochilishini o'tkazamiz. Yangi binoda bosqichma-bosqich mingga yaqin yoshlarni o'qitish imkoniyatimiz bor. Innovatsion texnologiyalar o'rnatilib, xorijiy tillar zamonaviy metodlar asosida o'qitiladi. U erda o'nlab yoshlarni ish bilan ta'minlashni ham rejalashtirganmiz.

    Yangi metod o'ylab topish shart emas...

    Nozima xorijdagi universitetda tahsil olish davomida o'zi uchun tajriba ham to'pladi. AQSHning Arizona universitetida pandemiya sabab onlayn o'qigan bo'lsada, darslar juda qiziqarli bo'lgani, yurtimiz ta'lim tizimidan farqli tarzda, ularda ijodkorlikka keng urg'u berilishini kuzatdi. Ta'lim jarayonida o'quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini namoyon etishlariga ko'proq sharoit yaratish kerakligiga amin bo'ldi. Uning fikricha, buning uchun o'qituvchilarda ham ijodkorlik yuqori bo'lishi, ortiqcha vaqtni oladigan qog'ozbozlikka chek qo'yish lozim.

    Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligining Buxoro viloyati vakilligi rahbari sifatida faoliyatini davom ettirayotgan qahramonimiz xorij tajribasini mahalliy sharoitda qo'llashga intilmoqda. Nozima ingliz tili bo'yicha bir qancha darsliklar, o'quv qo'llanmalar, monografiya va xalqaro ilmiy maqolalar ham yozgan. Ammo u yurtimizda ingliz tilini sifatli o'qitish uchun yangi metodlar, qo'llanmalar ishlab chiqish shart emas, shunchaki mavjudlaridan to'g'ri foydalanish kerak, deb hisoblaydi. “Ingliz tili bizning ona tilimiz emas va uning o'z egalari bor, demakki, uning dastur, platformalarini ham ishlab chiqishgan, haligacha doimiy yangilanib boriladi. Biz ulardan faqat maqsadli foydalansak, vaqtni ham, mablag'ni ham tejaymiz. Asosiy metod — bu muntazamlilik va muhitdir. Shularga rioya etilsa, kifoya”, deydi u.

    Mamlakatimizda maktab o'quvchilarini til va kasbga o'qitish, o'qitganda ham professional ta'lim berish, bu ularning keyingi hayotida asqotishiga erishish kabi katta maqsadlar qo'yilmoqda. Davlatimiz rahbari bejiz “Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug'i, bilmagani muammo”, deya ta'kidlamadi. 11 yillik ta'limni tugatgan bola bir nechta tilni mukammal bilsa, o'qishga kira olmagan taqdirida ham, biror ish topish imkoniga ega bo'ladi.

    Bularga erishish uchun tizimda malakali kadrlarga ehtiyoj katta. Qolaversa, chet tillarini sifatli o'rgatish uchun maktablarga “til egasi” bo'lgan pedagoglarni jalb qilish masalasi ham muhim. Buxoro viloyatida turli dasturlar doirasida ana shunday jami 9 nafar “til egasi”, ya'ni xorijlik mutaxassis ishlaydi. Masalan, Alisia Bredley maktab o'qituvchilarining “ESN” dasturi bo'yicha malakasini oshirish bilan birga, zamonaviy dasturlardan foydalanishga doir namunali darslarni namoyish etib kelmoqda.

    Yana bir jihati, viloyatda 2021-yili maktablar moddiy-texnik bazasini boyitish maqsadida 1 milliard so'm mablag' ajratilgan. Buning evaziga xorijiy til o'qituvchilarining hatto eng kichik detallarigacha xarid qilib berilyapti. CHet tilidagi adabiyotlarni sotib olishlari uchun har bir til o'qituvchisiga 1 million so'mdan pul mablag'lari berildi. Maqsad — ular o'z bilim va malakalarini muntazam oshirib borishlariga ko'maklashishdan iborat.

    — Biz nima uchun ingliz tili o'qituvchilarini qayta o'qitish, ularning malakasini muntazam oshirib borishga intilyapmiz? Chunki ta'lim muassasalarida o'quvchiga til o'rgatish ko'rsatkichlarini oshirish uchun, avvalo, malakali kadrlar zarur, — deydi Nozima Xoliqova. — Mamlakatimizda ingliz tilini boshlang'ich tarzda emas, balki professional o'qitishning vaqti keldi. Bu borada til o'qituvchilarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz.

    Agentlik faoliyati haqida gap borganida, test tizimidagi yangilanishlarga hissa qo'shayotganini yutuqlardan biri sifatida e'tirof etish mumkin. Oldinlari talabgorlar til bo'yicha ayrim turdagi testlar haqida bilar edi. Agentlik esa yurtimizga 10 ga yaqin test turlari va xorijiy tillarni o'rganish metodlarini olib kirdi. Linguaskil va shunga o'xshagan qulay testlar endilikda poytaxtda emas, viloyatimizning o'zida har oy o'tkazilmoqda. Qolaversa, mamlakatimiz tarixida ilk bor maktab o'quvchilarini ta'lim sayohatiga olib borish yo'lga qo'yildi. Xorijiy til bo'yicha o'tkazilgan musobaqa g'oliblari London shahrida bir haftalik o'quv-tanishuvda bo'lib qaytdi. Viloyatning chekka hududlaridagi bir qancha o'qituvchilar ham xorijda malaka oshirdi.

    Maqsadim: xorijiy tillar orqali dunyoga chiqib, O'zbekiston nomini tanitish

    Nozimaning orzulari va kelgusidagi maqsadlarini alohida qismga yozishni istadik. Bu orzular nihoyatda katta bo'lgani uchun emas, balki ularning beg'ubor, yosh, ammo ulkan qalbda yashayotgani, faqat mehnat, intilish ortidan birin-ketin ro'yobga chiqayotgani uchun.

    Qahramonimizning bolalikdagi ilk katta orzusi ingliz va boshqa xalqaro tillar orqali dunyoga chiqib, O'zbekiston nomini tanitish bo'lgan. Bu olov hamon shu yurakda yashayapti. Ammo uning atrofida hozir boshqa niyat va maqsadlar ham alanga olgan.

    — Mendan orzuing nima, deb so'rasangiz, O'zbekiston tarixida qolish, deb javob beraman. Biroq, o'z-o'zidan tarixda qolib bo'lmaydi. Buning uchun katta ishlar qilish, dolzarb masalalarga echim topish lozim. Va men ana shunga erishishni orzu qilaman. Umuman, inson dunyoga kelib, kichik niyatlar bilan emas, balki katta maqsadlar bilan yashashi lozim. Doim maqsadni keng olish va unga intilish kerak. Muntazam mehnat va harakat esa o'sha maqsadlarga eltuvchi kalitdir, — deydi qahramonimiz.

    Nozima bilan suhbatlashish juda maroqli. Uning o'ziga ishonchi, dadil maqsadlari kishiga motivatsiya beradi. Balki, yosh bo'lishiga qaramay, rahbarlik lavozimiga tayinlangani boisi shundadir. Har holda, o'z ortidan ko'plab yoshlarni ergashtira olayotganiga ishonamiz.

    — Prezidentimiz bilan bo'lgan ikkinchi muloqotimiz davomida ularning “Ayollarni mana shunday ilmiy sohaga qiziqtira bilganlari uchun ota-onangizga rahmat”, deb aytgan so'zlaridan ko'zimga yosh keldi, — deydi Nozima Xoliqova. — Chindan, mening bugungi muvaffaqiyatlarimda onamning hissalari beqiyos. Afsuski, ko'p oilalarda qizlarning o'qishiga etarlicha e'tibor qaratishmaydi. Ammo, mening nazarimda, o'g'il bolani o'qitsangiz bitta oilani o'qitgandek bo'lasiz, qiz bolani o'qitsangiz — butun jamiyatni. CHunki buning o'sha ayol atrofidagi xotin-qizlar, o'z oilasi, farzandlariga ta'siri bo'ladi. Ajdodlarimiz ham bola tarbiyasida o'qimishli ayolning o'rni katta ekani haqida bejiz ta'kidlashmagan.

    Qahramonimizning joriy yil uchun ham oldiga qo'ygan maqsadlari talaygina. O'zi biladigan va o'rganayotgan bir nechta tillar bo'yicha yuqori C1 darajasini olish, fan doktori va Professor ilmiy unvonlarining yakuniy talablarini bajarib, ularni qo'lga kiritish hamda xorijda malaka oshirib qaytishni ko'zlagan. Tabiiyki, bu maqsadlar orasida viloyat, qolaversa, yurtimizda xorijiy tillarni o'rganish ko'rsatkichlarini oshirishga hissa qo'shish, bu borada yangi loyihalarni amalga oshirish kabilar ham bor.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 02.02.23, 22-sonida e'lon qilindi)