Hujjat Prezidentning “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 24-sentyabrdagi PQ-5251-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Maktab-internat oʻquvchilarining umumiy kontingenti 100 nafarni tashkil etadi. Oʻquvchilarga olimpiya zaxiralari kollejlari oʻquvchilari uchun belgilangan sutkalik oziq-ovqat normasi tatbiq etiladi.

Respublika velosport mahorat maktab-internatiga velosport turlari boʻyicha belgilangan sinov imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili 5-sinfga qabul qilinadi.

Maktab-internatning asosiy vazifalari:

  • bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, sport klublari yoki boshqa sport-taʼlim tashkilotlarida sport tayyorgarligi oʻquv-mashq bosqichining birinchi yil tayyorgarligidan oʻtgan oʻquvchilar oʻrtasida tanlov asosida maktab-internatga tanlab olish;
  • respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sport zaxirasini terma jamoalar tarkibiga tayyorlash;
  • oʻquvchilarning respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur boʻlgan mahorati va koʻnikmalari rivojlantirilishini taʼminlash;
  • sport zaxirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, oʻquv-metodik, psixologik-pedagogik, mediko-biologik va moddiy-texnik shart-sharoitlarni taʼminlash.

Maktab-internati boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining shtatlar jadvali tasdiqlandi.

Belgilanishicha, maktab-internat oʻquvchilarining taʼlim olishi maktab-internatga yaqin joyda joylashgan umumtaʼlim maktablarida tashkil etiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 02.06.2022-yildan kuchga kirdi.