Yoshlar — Vatanning bo‘lg‘usi qahramonlari

    O‘tgan yili barchamiz boshimizdan kechirgan murakkab pallalarda mamlakatimiz harbiy xizmatchilari matonati, shijoati hamda vatanparvarligi bilan shifokorlardan aslo kam xizmat qilgani yo'q.

    Davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida ham alohida ta'kidladi. “Ana shunday g'oyat keskin sharoitda Qurolli Kuchlarimiz sohibqiron Amir Temur bobomizning “Millatning dardiga darmon bo'lmoq — chin vazifangizdur”, degan ezgu da'vatini o'ziga shior qilib oldi”, deya yurt o'g'lonlarining matonatiga yuksak baho berdi.

    O'zbekiston Respublikasini 2017–2021 yillarda yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimiz hayotining boshqa jabhalari qatori harbiy sohaning ham eng muhim yo'nalishlari bo'yicha zamon talablariga mos qarorlar qabul qilindi. Amalga oshirilgan tizimli va kompleks chora-tadbirlar natijasida qisqa davr ichida milliy armiyamizning jangovar shayligi va umuman mamlakatning mudofaa qobiliyati oshdi.

    Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrifi asnosida o'tkazilgan yig'ilishda davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash hamda bu borada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg'or innovatsiyalarni keng tatbiq etish masalalariga alohida to'xtaldi.

    Jumladan, barcha darajadagi qo'mondonlik va boshqaruv organlari faoliyatini takomillashtirish, qo'shinlarda avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari va komplekslarni joriy qilish orqali ularning hamkorlikdagi operativ va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlikni ta'minlash istiqboldagi dolzarb vazifalardan bo'lib qolishini ta'kidladi.

    Bundan taxminan bir yil avval O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti negizida harbiy soha uchun innovatsion g'oyalar izlash, ishlanma va texnologiyalarni amalga oshirish dasturi tasdiqlangan. Mazkur dastur doirasida qator ishlar bajarilmoqda. O'tgan yili maxsus yo'nalishda 4,3 milliard so'mlik uchta ilmiy tadqiqot ishiga kirishildi. Mazkur yo'nalishdagi ilmiy ishlarga ajratilgan mazkur mablag' 2019 yildagiga qaraganda o'n bir baravar ko'pligi diqqatga sazovor.

    Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining ilmga chanqoq bir guruh talabalari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi YOshlar akademiyasi a'zosidir. Ayni paytda yurtimizning bo'lg'usi posbonlari vazirligimiz tomonidan yoshlar uchun tashkil etilayotgan tanlov va ko'rgazmalarda faol ishtirok etmoqda. YOshlar akademiyasi tomonidan 2020 yil 1–15 dekabr` kunlari tashkil etilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining besh nafar iqtidorli talabasi o'z loyihalari bilan qatnashdi. Marafonning yakuniy bosqichida harbiy institut talabasi Oybek Dehqonovning “Tibbiy ma'lumotlarni aniqlash uskunasi 30 million so'm miqdoridagi mukofot bilan rag'batlantirildi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligining maxsus yo'nalishdagi ilmiy-texnik kengashi tomonidan mudofaa va harbiy sanoat uchun zarur qator ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, vazirlik tomonidan moliyalashtirish qiymati 10,978 milliard so'mlik maxsus yo'nalishdagi o'n ikkita loyiha amalga oshirilyapti. Maxsus yo'nalishdagi ilmiy-texnik kengash tomonidan o'tgan yili qo'shimcha ravishda umumiy moliyalashtirish qiymati 10,95 milliard so'mga teng o'n bitta ilmiy tadqiqot loyihasi mavzulari e'lon qilingan.

    Hozir Toshkent shahrining Olmazor tumanida “Istambul” texnoparki filialini ochish bo'yicha sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Ushbu loyiha mudofaa sohasiga yangi texnologiyalarni olib kirish, ilmiy tadqiqotlar o'tkazishni ham nazarda tutadi. Bu O'zbekiston–Turkiya hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish bo'yicha qo'shma dasturlarni tayyorlash, tajriba almashish va malaka oshirish uchun mustahkam platforma yaratish imkonini beradi.

    Mudofaa tizimi va harbiy ta'lim mamlakat osoyishtaligini ta'minlashning eng muhim omili bo'lishi bilan birga, juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Sohaga tegishli muassasalarning xalqqa yaqinlashuvi natijasida vatanparvarlik va fidoyilik tuyg'ulari, yurtni sevish va ardoqlash, sadoqat va matonat tushunchalari shakllanib, mustahkamlana boradi. Zero, bugungi yoshlar Vatanning bo'lg'usi qahramonlaridir. SHu sababli davlatimiz rahbari ayni mavzuga alohida e'tibor qaratdi. Mamlakat aholisini, xususan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bilan bog'liq ishlarni “Jasur jangchi — yoshlar uchun namuna” shiori ostida yanada jadallashtirish, harbiy okruglar qo'mondonliklariga kamida o'ntadan maktabni otaliqqa olish hamda harbiy qism komandirlari tomonidan o'quv maskanlarida vatanparvarlik va harbiy shon-sharaf darslarini yo'lga qo'yish vazifasi berildi.

    Prezidentimiz “O'z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega bo'lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi”, deya ta'kidladi. Davlatimiz rahbarining ushbu so'zlari mazmun-mohiyati keyingi to'rt yil mobaynida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida bajarilayotgan keng ko'lamli ishlar, berilayotgan ko'mak va keng ommalashgan besh tashabbus bilan uzviy bog'liq.

    Prezidentimiz O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida bilan tariximizda birinchi marta o'z mohiyatiga ko'ra noyob tizim — harbiy-ma'muriy sektorlar tashkil etilganini qayd etdi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish, “Armiya va xalq — bir tanu bir jondir” degan ulug' g'oyani amalda ta'minlashga hissa qo'shishga imkon yaratdi.

    O'tgan yili Innovatsion rivojlanish va Mudofaa vazirliklari hamkorligida “Askarga maktub” pilot loyihasi amalga oshirildi. CHirchiq oliy tank qo'mondonlik-muhandislik bilim yurti muddatli xizmatchilari ishtirokida boshlangan loyiha yoshlarda faol hayotiy pozitsiya, Vatanga muhabbat, uning tarixiy merosiga hurmat, millat manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish kabi ma'naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan.

    Loyihada yaqinlari milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan yoshlar, ta'lim muassasalari va harbiy qismlardagi ta'lim jarayoni ishtirokchilari — o'qituvchilar, harbiy instruktorlar, psixologlar, askar va ofitserlar ishtirok etdi.

    Harbiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda harbiy ilmni rivojlantirish borasida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni tomonidan zamonaviy harbiy bilimlarni va milliy harbiy san'at tarixini chuqur o'rganib, qo'shinlarning tayyorgarlik usul va uslublarini yanada takomillashtirish vazifasi qo'yildi. Bu jarayonda harbiy ta'lim tizimida boshlangan islohotlarni uzviy davom ettirish, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari faoliyatini takomillashtirish, ularda ta'lim olayotgan o'quvchilar qalbida milliy ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg'usini har tomonlama kuchaytirish, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, SHohrux mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda ajdodlarimizning boy harbiy san'atidan keng foydalanish muhimligi alohida ta'kidlandi. Nomlari zikr etilgan ulug' bobolarimizning harbiy mahorati o'ta chuqur bilim, taktika, strategiya, vaziyatni to'g'ri baholash va rejalashtirish kabilarga asoslangani bilan ajralib turadi. SHohrux mirzo va Zahiriddin Muhammad Bobur joriy etgan “tebratma” va “to'lg'ama” usullari harbiy san'atlar tarixidan joy olgan.

    Prezidentimizning mamlakatimiz poytaxtida barpo etilgan “G'alaba bog'i” va “SHon-sharaf” muzeyi majmuasini harbiy xizmatchilar, yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarixni va buyuk ajdodlarimiz qahramonligini o'rganish ilmiy markaziga aylantirish taklifini barcha qizg'in qo'llab-quvvatladi. Ulug' sarkarda ajdodlarimizning nomlari qatorida ular bilan yonma-yon safda turgan fidoyi, sadoqatli va jasur qo'mondonlarning, botir lashkarboshilarning el-yurt uchun ko'rsatgan qahramonliklari solnomalarini yaratish shonli tariximizni tiklash, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizga etkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    innovatsion rivojlanish vaziri, akademik