Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha jabhada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli, chuqur va shiddatli oʻzgarish va yangilanishlar amaldagi qonunchilik, xususan, Asosiy qonunimizni ham qayta koʻrib chiqish, uni yangi davrga mos, taraqqiyotga keng yoʻl ochib beradigan, islohotlarni qoʻllabquvvatlaydigan, bir soʻz bilan aytganda, huquqiy asos boʻla oladigan darajaga yetkazishni taqozo etdi. Shu bois, Konstitutsiyamizga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish jarayonini tom maʼnoda yangi davr, Yangi Oʻzbekiston talabi, ehtiyoji va zarurati sifatida yuzaga keldi, deb aytish mumkin.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayoni bir necha bosqichda tashkil etildi. Uni shakllantirish va tayyorlashda BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar tomonidan qabul qilingan 400 dan ziyod xalqaro hujjat, 190 ga yaqin mamlakat konstitutsiyasi puxta oʻrganildi va tahlil qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, fuqarolardan takliflar olindi. Mazkur komissiya takliflarni oʻrganib chiqqanidan soʻng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shakllantirilib, umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Bundan tashqari, loyiha bir necha bor turli darajada muhokama qilindi, 10 ga yaqin xalqaro ekspertizadan oʻtkazilib, xorijlik mutaxassislar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Maʼlumotlarga qaraganda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bugunga qadar 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgan. Quvonarlisi, ularning 60 foizdan ortigʻi bevosita yoshlar tomonidan berilgan. Takliflarning har toʻrttadan bittasi loyihadan joy olgan. Shu bois, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizni bemalol umumxalq Konstitutsiyasi yoxud xalqchil Konstitutsiya, deb atash mumkin. Unda yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu, albatta, bejiz emas.
Chunki mamlakatimiz aholisining 18 milliondan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar”, deb ataladi. Mazkur bobning 79-moddasi bevosita yoshlarga bagʻishlangan boʻlib, unda “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deyilgan.
Koʻrib turganimizdek, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarini himoya qilish, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishi, oʻz haq-huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratish, ularga maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishiga sharoit yaratish hamda bandligini taʼminlash majburiyatini davlat oʻz zimmasiga olmoqda. Bu esa yoshlarimizga ragʻbat berish barobarida, hayotda oʻz salohiyatini toʻlaqonli namoyon etishiga imkoniyat yaratadi.
Yana bir eʼtiborli jihat shundan iboratki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlarning tanlov asosida bepul oliy taʼlim olishi ham kafolatlanmoqda. Ochiq aytish kerak, soʻnggi oʻn yilda yoshlarning davlat granti asosida bepul taʼlim olishi salmogʻi ancha kamaygan edi. Ayni paytda davlat granti asosidagi kvotalar soni ikki barobar koʻpayib, 40 mingga yetkazildi. Buning natijasida yoshlarda, avvalo, bilim olishga qiziqish va ishtiyoq oshadi. Ilmli yigit-qizlar koʻpayishiga zamin hozirlanadi, ular oʻz iqtidorini namoyon etishiga sharoit vujudga keladi.
Oliy Majlis palatalari shu yilning 30-aprel kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu, albatta, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqeadir. Shu bois, u barchamizdan, ayniqsa, yoshlardan faollik va uyushqoqlikni talab etadi. Ushbu jarayonda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari ham kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi boʻlishi maqsadga muvofiq. Ayni paytda Yoshlar parlamenti oldida bir qator muhim vazifalar turibdi.
Jumladan, jamiyatimizning yoshlar qatlamiga Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hamda referendumning zarurati, mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, targʻib va tashviq qilish lozim. Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti ayni paytda bu borada bir qancha amaliy tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Barcha saʼy-harakatlarimiz konstitutsiyaviy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, boʻlgʻusi referendumda yoshlarimizning faol va uyushqoqlik bilan ishtirok etishiga qaratilgan.