Yoshlar korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashadi

    Oʻzbekiston dunyoga islohotlar mamlakati sifatida tanilib ulgurdi. Har jabhada oʻzgarishlar, yangilanishlar kechmoqda. Boshqaruv tizimi shaffof, ochiq siyosat yuritish tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyildi. Bu korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

    Gap korrupsiyaga qarshi kurash haqida borar ekan, bu borada jamoatchilikning nazorati juda muhim ekanini alohida taʼkidlash kerak. Eng asosiysi, bu jarayonda yoshlarning faolligi sezilayotgani eʼtiborga molik.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida korrupsiyaga barham berish masalasiga alohida toʻxtalib, bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidladi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilib, uning tarkibiga yoshlar, xususan, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti vakillari jalb etilishi ham yaxshi natija berishi, shubhasiz. Chunki, yoshlarimiz vatanparvarligi, mamlakat taraqqiyotiga befarq emasligi, fidoyiligi bilan ajralib turadi. Ularda hayotbaxsh gʻoyalar, tashabbuslar ham koʻp.

    Kengashning asosiy vazifalari agentlik faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, korrupsiyaga qarshi kurashish rejalari, strategiyalari, agentlik tomonidan qabul qilingan qarorlarni mustaqil monitoring qilish va taʼsirini baholash, davlat xaridlari, byudjet mablagʻlaridan foydalanish jarayonlarini kuzatish hisoblanadi. Bu orqali yana-da ochiqlik va shaffoflikka erishish mumkin. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyati bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.

    Kengash aʼzolarining yana bir muhim vazifalaridan biri, bu — jamoatchilik, fuqarolarga korrupsion holatlar yuzasidan agentlikka toʻgʻridan-toʻgʻri xabar berish imkonini beruvchi platforma va uning mobil ilovasini keng targʻib qilish. Bu orqali xalqimiz korrupsiya holatlarini tez va qulay tarzda tegishli mutasaddilarga yetkazish imkoniga ega boʻladi.

    Albatta, barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oqibatlarini oʻrganish va oldini olish masalasi eng dolzarb vazifalardan biri. Yoshlar uchun esa eng muhim yoʻnalishlardan biri, bu – taʼlim sohasidagi va ishga kirish bosqichida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiya turlariga qarshi kurashish. Sababi, mamlakatimizning 18 milliondan ziyod qismini, yaʼni qariyb 55 foizini tashkil etuvchi yoshlar aynan shu jarayonlarda korrupsiya bilan bogʻliq vaziyatlarga duch kelishi mumkin.

    Jamoatchilik kengashida Yoshlar parlamenti vakillarining ishtirok etishi mazkur yoʻnalishlarda yoshlar fikrlarini inobatga olib takliflar berish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Endilikda, Yoshlar parlamentining barcha aʼzolari bilvosita mazkur jarayonda oʻz tashabbuslari bilan ishtirok etadi.

    Hozirdanoq Yoshlar parlamentining taʼlim va ishga kirish sohasida bir nechta dastlabki takliflari shakllanganini aytish joiz.

    Birinchidan, taʼlimning barcha bosqichlarida inson omilini kamaytirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni majburiy qilib belgilash (kirish imtihonlari, jurnallarni yuritish, baholash va shu kabilar) taklif etiladi.

    Ikkinchidan, ishga kirish boʻyicha tanlovlar onlayn eʼlon qilinishini davlat va nodavlat tashkiloti boʻlishidan qatʼiy nazar joriy qilish lozim.

    Uchinchidan, ishga kirishda suhbat yoki imtihon jarayonlarini tashkilot saytlarida onlayn translyatsiya qilish mexanizmini ishga tushirish va bunda translyatsiya ovozli boʻlishini inobatga olish kerak.

    Toʻrtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yoshlarning doimiy fikrini oʻrganish va maxsus soʻrovlarni tashkil etish lozim boʻladi. Bu jarayonda internet tarmogʻidan keng foydalanish hamda boshqa analogi boʻlmagan yangi platforma yaratish zarur.

    Bir soʻz bilan aytganda, Yoshlar parlamenti korrupsiyaning jinoyat ekanini va unga nisbatan toqatsiz boʻlish gʻoyasini yoshlar oʻrtasida “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida targʻib qilish va bu yoʻnalishda qonunchilikka takliflar, tavsiyalar berishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Prezidentimizning taʼbiri bilan aytganda, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish biz — yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanishi shart.

    Shahnoza JOLDASOVA,

    Qonunchilik palatasi huzuridagi

    Yoshlar parlamenti raisi oʻrinbosari,

    Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik

    muammolari va parlament tadqiqotlari

    instituti bosh ilmiy xodimi