- Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi Oʻzbekistonni qanday barpo qilamiz? – dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.
Oʻtgan davrda yoshlar siyosati boʻyicha ishlarni mahallada tashkil etish boʻyicha mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 ming 400 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor oʻgʻil-qizlardan iborat yoshlar yetakchilari tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyat yaratildi. Oʻtgan yilning oʻzida:
- yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion soʻm kredit ajratilib, 150 mingta loyiha ishga tushdi, 325 mingta ish oʻrni yaratildi;
- 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yoshlar bandligi taʼminlandi;
- 32 mingdan ziyod yoshlarga subsidiya ajratilib, ularga asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompyuter olib berildi.