Muxtaram, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yoshlar kuni munosabati bilan ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi endilikda yanada keng qamrovli, manzilli va natijador mexanizmlar asosida rivojlanishini yaqqol namoyon etdi.

Bugungi kunda oliy taʼlim muassasasini tamomlagan yoshlarning mehnat bozoriga tez va muvaffaqiyatli kirib borishi davlat siyosatining muhim ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois davlatimiz rahbari oliygoh bitiruvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun muhim soliq imtiyozini joriy etishni eʼlon qildi. Unga ko‘ra, yosh mutaxassisga nisbatan daromad soligʻi hamda ijtimoiy soliq bir yil davomida atigi 1 foiz etib belgilanadi. Ushbu mexanizm qariyb 200 ming nafar oliy taʼlim bitiruvchisining bandligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bu nafaqat ish beruvchilar uchun ragʻbat, balki yoshlarning mehnat faoliyatini ishonch bilan boshlashi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Yoshlar siyosatining yana bir muhim jihati - jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga mansub yoshlarni qoʻllab-quvvatlashdir. Shu maqsadda “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etilishi belgilandi. Mazkur tashabbus ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, harbiy xizmatni oʻtab qaytgan, migratsiyadan yoki jazoni oʻtab qaytgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning jamiyatga moslashuvi va bandligini taʼminlashda muhim ijtimoiy kafolat vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, “Ustoz – talaba” dasturi doirasida uyushmagan yoshlarga koʻmaklashayotgan faol talabalarni ragʻbatlantirish tizimi ham yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa yoshlarning oʻz tengdoshlari taqdiriga daxldorlik hissini yanada kuchaytiradi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yoshlar mini-franshizasi” dasturining ishga tushirilishi yosh tadbirkorlar uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Endilikda mahalliy brendlar franshizasini oladigan yoshlarga Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi tomonidan 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun 500 milliard soʻm yoʻnaltirilishi rejalashtirilgani davlatning yoshlar biznesiga qaratayotgan eʼtibori naqadar katta ekanini ko‘rsatadi.

Yoshlarni kasbga oʻqitish, xorijiy tillarni oʻrgatish, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda ishga joylashtirish xizmatlarini yagona tizim asosida tashkil etish maqsadida “Yoshlar xablari” tashkil etiladi. “Yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat yuritadigan ushbu markazlar dastlab Surxondaryo viloyatida sinov tariqasida yoʻlga qoʻyilib, keyinchalik mamlakatning barcha hududlariga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu esa yoshlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini sezilarli darajada soddalashtiradi.

Davlat boshqaruvida yoshlarning rolini kuchaytirish masalasi ham uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Shu maqsadda beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha “TOP-100” dasturi amalga oshiriladi. Dastur gʻoliblari nafaqat mukofotlanadi, balki rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi. Har bir vazirlik va idora oʻz yoʻnalishi boʻyicha iqtidorli yoshlarni tanlab, xalqaro tashkilotlarda stajirovka oʻtash imkoniyatini yaratadi. Har yili kamida ikki ming nafar yoshning xorijiy tajriba almashish dasturlarida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Bu esa zamonaviy boshqaruv bilimlariga ega yangi avlod rahbarlarini tayyorlashga xizmat qiladi.

Yoshlarni yagona maqsad va umumiy gʻoya atrofida birlashtirish uchun “Oʻzbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Platforma orqali yoshlarning taʼlim, ilm-fan, tadbirkorlik, jamoatchilik va kasbiy faoliyatdagi yutuqlari kompleks baholanadi. Eng yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan yoshlarga grantlar, kontrakt toʻlovlarida chegirmalar, kasb vaucherlari, imtiyozli kreditlar, xorijiy stajirovkalar, davlat kadrlar zaxirasiga kiritilish hamda ipoteka dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Bu tizim yoshlarni raqobatbardosh, tashabbuskor va faol boʻlishga undaydigan samarali ragʻbatlantirish mexanizmi sifatida xizmat qiladi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida ham tub yangiliklar nazarda tutilgan. Bank-moliya akademiyasi ushbu yoʻnalishda “aql markazi” sifatida faoliyat olib boradi. Akademiya mutaxassislari hududlarda istiqbolli biznes loyihalarini ishlab chiqadi, Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi esa ularni qulay shartlar asosida yoshlarga taqdim etadi. Shuningdek, yuqori rentabellik va koʻplab ish oʻrinlari yaratadigan loyihalarga besh milliard soʻmgacha investitsiya kiritilishi belgilangan. Natijada kamida 300 ming nafar yoshning oʻz biznesini boshlashiga keng imkoniyat yaratiladi.

Bugungi kunda iqtisodiy taraqqiyot innovatsiyalar bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois Prezidentimiz 2030-yilgacha mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun innovatsion startaplar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi. Soʻnggi toʻqqiz yilda Oʻzbekistonda startap ekotizimining qiymati 15 barobar oʻsib, 4 milliard dollardan oshgani, 1 ming 200 dan ortiq istiqbolli startap loyihalari shakllangani buning yaqqol isbotidir.

Endilikda har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini amalga oshiradi. Yoshlar ishlari agentligi esa biznes, axborot texnologiyalari hamda kreativ iqtisodiyot yoʻnalishidagi 100 ta eng istiqbolli loyihaga bir milliard soʻmgacha investitsiya kiritadi. Mazkur tizim innovatsion gʻoyalarning amaliy biznes loyihalariga aylanishini jadallashtiradi.

Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasida ham ulkan maqsadlar belgilangan. “Raqamli hukumat” markazida mamlakatning birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi va kelgusi yilda uning quvvati uch barobarga oshiriladi. Joriy yilning oʻzida 20 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Yoshlar ushbu zamonaviy ilmiy infratuzilmadan bepul foydalanib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda mavjud muammolar uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqish imkoniyatiga ega boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar yoshlar siyosatini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqayotganini yaqqol namoyon etadi. Mazkur islohotlar faqat alohida dasturlar yoki qisqa muddatli qoʻllab-quvvatlash choralaridan iborat emas. Ular taʼlim, bandlik, tadbirkorlik, innovatsiyalar, davlat boshqaruvi, sunʼiy intellekt, ijtimoiy himoya va xalqaro hamkorlikni oʻzaro uzviy bogʻlagan yaxlit tizimni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bunday yondashuv har bir yoshning oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, munosib ish oʻrniga ega boʻlishi hamda jamiyat taraqqiyotiga faol hissa qoʻshishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Ayniqsa, yoshlarning mehnat bozoriga kirishini yengillashtirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, innovatsion startaplarni ragʻbatlantirish, davlat boshqaruvida isteʼdodli yigit-qizlar ulushini oshirish hamda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida zamonaviy infratuzilmani yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar kelajak iqtisodiyotining asosiy drayveri boʻladigan inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Chunki bugungi global raqobat sharoitida davlatning kuchi tabiiy resurslar yoki ishlab chiqarish quvvatlari bilangina emas, balki uning bilimli, kreativ fikrlaydigan va innovatsion gʻoyalarni amaliy natijaga aylantira oladigan yoshlari bilan belgilanadi.

Eng muhimi, mazkur tashabbuslar yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan ijtimoiy qatlam sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining asosiy bunyodkori sifatida eʼtirof etayotganini koʻrsatadi. Bu yondashuv har bir yoshning tashabbusiga, intilishiga va mehnatiga ishonch bildirayotganining amaliy ifodasidir. Yaratilayotgan imkoniyatlar esa yoshlardan yanada yuqori masʼuliyat, izlanish, fidoyilik va Vatan ravnaqi yoʻlida faol ishtirok etishni talab etadi.

Shubhasiz, bugun yoshlar uchun yaratilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlar ertaga mamlakatning iqtisodiy qudrati, ilmiy salohiyati, texnologik rivoji va xalqaro raqobatbardoshligini belgilovchi muhim omilga aylanadi. Zero, bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va zamonaviy dunyoqarashga ega yoshlar har qanday islohotning eng ishonchli tayanchi, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etadigan eng katta kuch hamda mamlakatimizning bebaho strategik boyligidir.

                                                                                   Nozima O‘ktamova

Toshkent davlat yuridik universiteti

“Davlat boshqaruvi” kafedrasi dotsenti