Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida sifatli taʼlimni amalga oshirish vazifasi qoʻyilgan. Bu yoʻnalishda musiqa taʼlimi ham muhim oʻrin tutadi.
Aslida dunyo soʻz tufayli yaralgan boʻlsa, inson jismiga jon musiqa orqali kirgan, degan naql bor. Musiqa insonni ezguliklar olamiga yetaklovchi maʼnaviy vosita hisoblanadi va shuning uchun ham yoshlar tarbiyasida oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Goʻzal ohanglar inson ruhiy olamiga bevosita taʼsir koʻrsatib, maʼnaviy ehtiyojlarini qondiradi, his-tuygʻularini boyitadi.
Dunyo mamlakatlari taʼlim tizimida musiqa, xonandalik va raqs sanʼati uygʻun oʻqitiladi. Oʻzbekistonda bugungi kunga qadar maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim maktablarida asosiy eʼtibor muayyan musiqiy asarni tinglash yoki ijro etish va bolalarbop qoʻshiqlarni kuylashga qaratib kelingan. Endi yangilanib borayotgan musiqa taʼlimida musiqa, xonandalik va raqs asarlari boʻyicha nazariy bilim berish, ularning ijrosini oʻrgatish hamda shu yoʻnalishlar boʻyicha iqtidorli oʻquvchilarni kashf etish asosiy vazifalardan boʻlishi kerak.
Ushbu sanʼat oʻquvchilarning yoshi, jismoniy va estetik imkoniyatlariga mos asarlarni oʻrganish, ularning ijrochiligini oʻzlashtirish hamda iqtidorli oʻquvchilarni aniqlab, tarbiyalashga asoslanadi.
Buning uchun maktabgacha taʼlimdan umumiy oʻrta taʼlimning yakuniga qadar oʻquvchilarning yuqorida taʼkidlangan xususiyatlarini hisobga olgan holda asarlar oʻrganilishi va ularning ijrochiligi oʻzlashtirilishi taqozo etiladi.
Xonandalik sanʼati maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tizimida oʻqitilishi kutilgan samarani bermoqda.
Bolalarning yosh xususiyatlariga mos ravishda ularning anʼanaviy, maqom va estrada xonandaligi asoslari bilan tanishtirilishi pedagogik jihatdan muhim hisoblanadi.
Xonandalikning bu uch yoʻnalishi oʻziga xos xususiyatlarga ega. Shu sababli ular boʻyicha tanlanadigan ashula va qoʻshiqlar sinflar kesimida murakkablashib borishi maqsadga muvofiqdir.
Raqs sanʼati oʻquvchilar uchun nafaqat maʼnaviy tarbiya omili, balki ularning jismoniy rivojlanishida ham muhim oʻrin tutadi. Chunki raqs oʻquvchilarning jismoniy aʼzolari rivojlantiradi, yoshiga mos ravishda kuch-quvvatga toʻlishiga xizmat qiladi. Raqs shu jihatdan maʼnaviy va jismoniy rivojlanishning muhim omilidir.
Musiqa taʼlimining bunday uch yoʻnalishda yoʻlga qoʻyilishi bugungi jarayonning yangiliklaridan. Bizningcha, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun yagona “Musiqa madaniyati” yangi oʻquv dasturini ishlab chiqish hamda tatbiq etish maqsadga muvofiq boʻladi. Bunday dastur bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquv dasturlari bilan uygʻunlashtirilishi muhim.
Bolalar musiqa va sanʼat maktablari pedagoglarining umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim muassasalari bilan amaliy hamkorligini tashkil etish ham hozirgi kunda dolzarb boʻlib turibdi. Bunda ushbu maktablarning pedagoglari nazariy va amaliy maslahatchi vazifasini bajarishi kutilgan samarani beradi. Ayni paytda maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim maktablari musiqa oʻqituvchilari “Musiqa madaniyati”ni oʻqitishning metodik jihatlarini mustaqil hal etadilar.
Kuzatishlar koʻrsatadiki, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitilayotgan hamda oʻrgatilayotgan asarlarning mazmuni boʻyicha bilim berish jarayoni talab darajasida emas. Misol uchun, umumiy oʻrta taʼlim maktablari “Musiqa madaniyati” darsliklariga xalqimizning mashhur asari “Tanovar”ni kiritilgan. Biroq u toʻgʻrisida nazariy bilim berishga eʼtibor qaratilmagan. Vaholanki, oʻquvchi bu asarning mazmunidan xabardor boʻlsa, uni oʻzlashtirish va ijro etishda qiynalmaydi. Aslida asar nomi doira usuli boʻlgan “tan-tan” (bum-bak) sadosidan olingan.
Shu jihatdan “Tanovar” shoʻx doira usullariga asoslangan asar demakdir. Uning mualliflari Usta Olim Komilov va Mukarrama Turgʻunboyeva aynan doira cholgʻusi usullaridan kelib chiqib, unga nom bergan.
Shu bois, “Tanovar” atamasi tantanavor tarzda talqin qilinmasligi kerak. Ana shunday maʼlumotlarni berish oʻquvchilarning musiqa sanʼati boʻyicha bilim va koʻnikmalarini kutilgan darajada rivojlantiradi.
Prezidentimiz har bir oʻquvchi biror cholgʻu ijrochiligini oʻrganishi tashabbusini ilgari surdi. Bu tashabbus zamirida musiqa taʼlimini yangicha asoslarda rivojlantirish gʻoyasi mavjud. Zero, umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini biror xalq cholgʻu ijrochiligiga oʻrgatish yangilanayotgan musiqa taʼlimining negizlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur masalada bolalar musiqa va sanʼat maktablari mutaxassislarining umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari bilan individual ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Bunda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini cholgʻularning xususiyatlari, tuzilishi, sadolanish imkoniyatlari va ijrochilik uslublari bilan toʻliq tanishtirish samaralidir.
Bizningcha, oliy pedagogik taʼlim jarayoni yakunida musiqa oʻqituvchilariga aniq biror cholgʻu metodisti nomli qoʻshimcha kvalifikatsiya berishni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq.
Bugungi kunda yangi Oʻzbekistonda yangi musiqa taʼlimiga ehtiyoj mavjud. Ushbu jarayonda mavjud musiqiy — pedagogik tajribalarga tayangan holda, musiqa taʼlimini yangilash yoʻlidan borish muhim vazifalardandir.
Anvar LUTFULLAYEV,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
musiqa madaniyati fakulteti dekani, professor










