Yoshlarni yoʻldan ozdirgan “qora chechaklar” girdobi

    Yurtimizning navqiron, yetuk, barkamol yoshlari uchun har sohada jadal rivojlanishlar keng quloch yozayotgan ayni damlarda toʻqlikka-shoʻxlik qilib, bor imkoniyatlardan foydalanish oʻrniga yengil hayotni tanlayotgan “bebosh yoshlar” hamon uchrab turgani kishini taajjubga soladi.

    IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda Toshkent shahri hududida sintetik giyohvandlik vositasini tarqatish bilan shugʻullanib kelgan shaxs qoʻlga olindi.

    Ayni vaqtda poytaxtimiz hududida yoshlar orasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish hamda ularning oldini olish borasida tizimli profilaktik-targʻibot va tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.

    IIV Tezkor qidiruv departamenti, Toshkent shahar IIBB hamda DXX tomonidan hamkorlikda oldindan tezkor ishlovga olingan, 2001-yilda tugʻilgan shaxsning vaqtincha yashab kelayotgan Yakkasaroy tumanidagi xonadoni koʻzdan kechirilib, uyning mehmonxona, yotoqxona va oshxonasining turli joylarida jami 500 gramm sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, giyohvandlik vositasi izlari bilan shisha idishlar, izolyatsiya lentasi, zip paketlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Texnik tekshiruvlar davomida qoʻlga olingan shaxs “Telegram” messenjeridagi internet doʻkonida “kladmen” lavozimida ishlashi, kuratori topshirigʻiga asosan taxminan 1 kg vazndagi sintetik giyohvandlik vositalarini koʻmilgan joydan olib, bir marotabalik isteʼmol dozalariga qadoqlab, soʻng “zakladka” usulida tarqatib kelayotgani aniqlangan.

    U mazkur moddalarni tarqatishda Toshkent shahrining bir nechta hududlarida aholi yashash joylari atrofida chizgan giyohvandlik vositalariga olib boruvchi manzil narkotrafigi havolalari yoʻq qilingan.

    Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida noqonuniy muomaladan chakana narxi 600 mln soʻmga teng 500 gramm sintetik giyohvandlik vositalari olinib, tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

    Unutmang! Har bir bosgan qadamingizning oʻz oʻlchovi, natijasi bor. Agar yaxshi niyatlar ila, peshonangizdan mehnat terini toʻkib yoʻl bossangiz, u chechaklarga toʻla yoʻlga aylanadi. Ammo, zahmat chekib, mehnat qilib borish oʻrniga oson yoʻlni tanlasangiz, u yoʻlda sizni “tikanlar” kutib oladi.

    Xulosa esa oʻzingizdan. Siz qay bir yoʻlni tanlaysiz?

    Zulxumor AKBAROVA