Yoshlarning xalqaro miqyosda amaliyot o'tab, tajriba orttirish imkoniyati oshadi

    Qo'shma tadqiqot va tajriba almashuv dasturlarining soni ortishi tor doiradagi mutaxassislar tayyorlash borasidagi muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishiga ham ko'mak beradi.

    Joriy yilning 15-16-iyul kunlari dunyo ommaviy axborot vositalari nigohi yurtimizda o'tgan yirik tadbir — “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiyaga qaratildi. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda jami 44 ta mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlarining ishtiroki muhokama markazidagi mavzularning barcha uchun dolzarb ekanini namoyon etdi.

    Osiyo mamlakatlari azaldan mushtarak hayot kechirib kelgan. Tarixiy-madaniy o'xshashlik, uyg'un manfaatlar, yaqin qo'shnichilik aloqalari va qarindoshchilik munosabatlari konferentsiya tashkil etilishining asosiy sabablaridan biri, desak mubolag'a bo'lmas. Shu tufayli “barqaror, iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish” masalasi konferensiya ishtirokchilarining asosiy maqsadiga aylandi.

    Yer yuzi aholisining to'rtdan bir qismi istiqomat qiladigan mazkur mintaqa davlatlarining o'zaro savdo-iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy aloqalarni rivojlantirish va unga doir loyihalar, tinchlik va xavfsizlik masalasidagi muhokamalarini keng jamoatchilik katta qiziqish bilan kutib olgani ham bejiz emas. Xalqimizda “Qo'shning tinch, sen tinch”, degan naql bor. Necha yillardan buyon nizolar girdobida yashayotgan Afg'oniston muammosiga dunyo hamjamiyati, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari befarq bo'lolmaydi. Shu bois, anjumanda dastlab Afg'onistonda kechayotgan ziddiyatlar xususida so'z borib, ularni hal etish borasidagi xalqaro hamkorlik takliflari o'rtaga tashlandi. Prezidentimiz bu borada o'z pozitsiyasini bildirib, “...xavfsizlik va barqarorlik — mintaqalarimizning izchil rivojlanishi va o'zaro aloqalarimiz mustahkamlanishining asosiy shartidir. Bizning xavfsizligimiz bo'linmasdir va uni faqat konstruktiv muloqot hamda birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz orqali ta'minlash mumkin”, deya ta'kidladi.

    Konferensiyaning muhim yo'nalishlaridan yana biri sifatida ta'lim yo'nalishida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga e'tibor qaratildi. Ma'lumki, har bir mamlakatning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma'rifiy merosini asrab-avaylash va o'z navbatida, ularni dunyoga tanitishda o'sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish muhim o'rin tutadi. Dunyoqarashi keng, tanqidiy va tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega, eng muhimi, vatanparvar yoshlargina jamiyat rivojiga hissa qo'sha oladi. Bugun dunyoning top-1000 taligiga kiruvchi oliy o'quv yurtlari bilan O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari o'rtasida yo'lga qo'yilgan qo'shma dasturlar o'z mevasini berib ulgurdi va bu jarayon izchil davom etmoqda.

    Birgina Jizzax politexnika instituti misolida aytadigan bo'lsam, so'nggi yillarda Moskva energetika instituti, Janubiy Ural Davlat universiteti hamda Kazan federal universiteti bilan ilmiy-texnikaviy va malakali mutaxassislar tayyorlar bo'yicha hamkorlik memorandumi, Don davlat texnika universiteti bilan aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Moskva davlat qurilish universiteti bilan “2+2” qo'shma ta'lim dasturini ochish bo'yicha erishilgan kelishuv asosida arxitektura va qurilish sohasida yetuk kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yildi.

    Joriy 2021-2022-o'quv yilida oliy ta'lim muassasamizda poytaxtdagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda yangi “Mashinasozlik texnologiyasi” yo'nalishiga qabul boshlandi. Yangi o'quv yilida mazkur yo'nalishda 100 nafar talaba qabul qilinib, darslar davlat va ingliz tilida malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Ko'rinadiki, ko'hna Jizzax vohasida kelgusida ishga tushadigan avtomobil` ishlab chiqarish zavodlarini kadrlar bilan ta'minlash masalasi o'z-o'zidan echim topadi.

    Shuningdek, ta'lim muassasamizning yosh pedagog kadrlari bugungi kunda dunyoning ko'plab davlatlarida stajirovka dasturlarida ishtirok etib, ta'limning keyingi bosqichlarida o'qishmoqda. Bir qancha iqtidorli talabalarimiz xorijdagi oliy ta'lim muassasalarida o'qishning keyingi bosqichini davom ettirayotgan bo'lsa, yana bir nechtasi malaka oshirish davturlarida faol ishtirok etib qaytdi. Ta'limga zamonaviy yondashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etgan holda mashg'ulotlarni olib borish esa talaba-yoshlarimizning ilm-fan sohasida yutuqlarga erishishiga zamin hozirladi.

    Xalqaro uchrashuv doirasida Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar orasida bu jihat ham e'tibordan chetda qolmadi. Qo'shma tadqiqot va tajriba almashish dasturlarini rag'batlantirish, olim va tadqiqotchilar uchun engillashtirilgan viza tartibini joriy qilish, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha onlayn-platforma yaratish muhimligi ta'kidlandi. Kelgusida mazkur yo'nalishda amalga oshiriladigan ishlar shubha yo'qki, ilmiy salohiyatimizning yanada taraqqiy etib, yosh olimlar ixtirolarining hayotga keng tadbiq etilishi, ta'lim tizimiga innovatsiyalarni joriy etishning yangi tizimini yo'lga qo'yishga xizmat qiladi.

    Qo'shma tadqiqot va tajriba almashuv dasturlarining soni ortishi tor doiradagi mutaxassislar tayyorlash borasidagi muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishiga ham ko'mak beradi. Doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish taklifi ham mazkur sohada tub burilish yasashi shubhasiz. O'z navbatida bu masala elkamizdagi mas'uliyatni ikki barobarga oshiradi.

    Davlatimiz rahbarining ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish maqsadida Termiz shahrida YUNESKO shafeligida “Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi” mavzusida xalqaro forum o'tkazish bo'yicha bildirgan taklifi ko'pchilikning qiziqishini uyg'otdi. Xalqaro forumning tashkil etilishi mazkur mintaqa davlatlari tarixining jahon sivilizatsiyasida tutgan o'rni va ahamiyatini aks ettiribgina qolmay, madaniy yuksalish va xalqaro hamkorlik yo'lida dadil qadamlardan biri bo'ladi.

    O'zbekiston va Pokiston strategik sheriklik to'g'risida imzolangan deklaratsiyada ham bu jihat ko'zga tashlandi. Pokiston bosh vaziri Imron Xonning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida 8 ta hujjat imzolanib, almashildi. Yana bir yangilik, konferentsiya arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi. Prezidentimiz mazkur tahlil markazi negizida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ekspertlar guruhi tuzishni taklif etdi.

    Mudofaa vazirliklari o'rtasida harbiy ta'lim sohasida hamkorlik to'g'risida protokol, 2021—2026-yillarga mo'ljallangan Madaniy almashuv dasturi, turizm masalalari bo'yicha anglashuv memorandumi, davlat chegarasidan olib o'tilayotgan tovarlar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashish to'g'risida bayonnoma, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Pokiston diplomatik xizmat akademiyasi o'rtasida anglashuv memorandumi, O'zbekiston–Pokiston ishbilarmonlar kengashini tuzish to'g'risida bitimning imzolanishi ham mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan va ishlayotgan yoshlarning xalqaro miqyosda amaliyot o'tab, tajriba orttirish imkoniyatini yanada oshiradi.

    Alisher USMONQULOV,

    Jizzax politexnika instituti rektori,

    texnika fanlari doktori, professor