Yoz - o'tmoqda soz

    Ta'lim 4 Avgust 2023 3416

    Ayni kunlarda "Yozni Kamalak bilan!" loyihasining 3-bosqichi o'tkazilmoqda.

    O'zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan viloyat bo'ylab (tuman, shaharlarda, mahallalarda, bolalar sog'lomlashtirish oromgohlarida) “Yozni Kamalak bilan!” loyihasi butun yoz fasli davomida tashkil etilib, hozirgacha o'z atrofiga 47 mingdan ziyod yoshlarni jamladi.

    Mazkur loyiha doirasidagi “Quvnoq viktorina”, “Men yulduzman”, “Quvnoq estafeta”, “Ranglar jilosi”, “Ertakchi bolajon”, “Dasturchi bolajon”, “Bolalar ligasi”, “Zukko kitobxon”, “Asfaltga rasm chizish”, “Bolalar shaxmat taxtasi”, motivatsion uchrashuvlar, fleshmoblar, “Zakovat” intellektual o'yini, “Mening “Kamalagim” kabi loyihalar, stol tennisi va boshqa sport musobaqalari yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda.

    Ta'kidlash joizki, yozgi ta'til boshlaniboq “Yozni Kamalak bilan” loyihasiga respublikamizning hamma hududlarida bir vaqtda start berildi. Namangan sardorlari va faol yoshlari tashabbusiga binoan jamiki bolalarni imkon darajasida qamrab olish, bo'sh vaqtlarini mazmunli yo'lga qo'yish maqsadida o'zgacha tartibda, ya'ni 3 bosqichda amalga oshirish belgilandi. Loyihaning 1-bosqichini viloyatdagi kunduzgi oromgohlarda, 2-bosqichini mahallalardagi bolalar va davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilar ishtirokida 20 dan ortiq qiziqarli, energizer va sport musobaqalari uyushtirildi.

    Ayni kunlarda esa loyihaning 3-bosqichi ketmoqda. Oxirgi bosqichga sog'lomlashtirish oromgohlaridagi bolalar yo'naltirilgan. Xususan, Chust tumani, so'lim G'ova qishlog'ida joylashgan “Mehrjon”da har mavsumda 400 nafar bola dam oladi. Yaqinda shu maskanda “Yozni Kamalak bilan” shiori ostida maxsus tadbir qilindi.

    Niyatimiz o'g'il-qizlarimizning bilimini boyitish va aqliy salohiyatini yanada yuksaltirishdan iborat. Bunday ezgu sa'y-harakatlar vatanparvarlik, do'stlik va tinchlik tuyg'ularini kuchaytirishda ahamiyatlidir. Barcha loyihalarda faol qatnashgan va g'oliblikni qo'lga kiritgan bolalar Yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi mas'ullari tarafidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

    “Yozni Kamalak bilan” loyihasi avgust oyining so'ngiga qadar davom etadi.

    Anasbek HAMRABOYEV,

    O'zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi