Jazirama issiq havo surunkali kasalligi bor ayrim bemorlarga qiyinchilik tugʻdiradi. Qolaversa, yuqori harorat koʻpchilikda qon quyuqlashishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu salomatlik uchun qanchalik xavfli?
Shu va shu kabi savollarga Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Orifjon Aripov javob berdi.
— Qon – inson tana aʼzo va toʻqimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan taʼminlovchi muhim suyuqlik, — deydi Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Orifjon Aripov. — U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki aʼzolar faoliyatida ishtirok etadi. Qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib keladi. Oqibatda yashirin kasalliklar yuzaga chiqishi yoki yangilari paydo boʻlishi mumkin.
Ayrim hollarda xastalik yoki tashqi omillar sabab qon tarkibi buziladi va uning keragidan ortiq quyuqlashib ketishi yoki, aksincha, suyuqlashishi kuzatiladi. Uning quyuqlashishi tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil boʻlishiga sabab boʻladi.
Bu, oʻz navbatida, insult va infarktga chalinish ehtimolini orttiradi. Uning suyuqlashishi esa qon ketishi, bemor tanasida koʻkarish va qon talashlar paydo boʻlishiga olib keladi.
Ikki holatda ham tezda tibbiy ehtiyot choralarini koʻrish zarur.
Qon quyuqlashishiga koʻpincha qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fast-fud va turli qovurma taomlar sabab boʻladi. Qolaversa, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining keskin koʻtarilishi tufayli ham yuzaga keladi. Natijada insonda bosh ogʻrigʻi, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qoʻl va oyoqlar sovqotishi, ogʻiz qurishi kuzatiladi.
Yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida koʻkarishlar paydo boʻlishi va tirnoq shakli oʻzgarishi mumkin. Hatto, miyaga qon yaxshi yetib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil boʻlganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi.
Issiq havoda qon quyuqlashishiga yoʻl qoʻymaslik uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Eng yaxshisi, tabiiy toza suv hisoblanib, salqin va achchiq boʻlmagan choy ham ichish mumkin. Biroq gazlangan ichimliklar aslo mumkin emas.
Qon holatini tekshirish uchun shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Agar tibbiy tekshiruvlardan soʻng uning quyuqligi meʼyordan ortiq ekani maʼlum boʻlsa, zarur muolajalar tayinlanadi. Biroq qonni suyultiruvchi dori vositalarini oʻzboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuqlashishi jarohatlarda qonning toʻxtamay qolishiga olib kelishi mumkin.