Ayrimlarning organizmi esa hatto bunday kunlar yaqinlashayotganini avvaldan sezadi: kayfiyati oʻzgara boshlaydi, boʻgʻimlarida ogʻriq, holsizlik, tez charchash, uyquchanlik, asabiylik kuzatiladi. Xoʻsh, buning sabablari nimada? Bu qanday omillar bilan bogʻliq? Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu mavzuda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Alimovga murojaat qildi.

— Tananing ob-havo oʻzgarishiga reaksiyasi “meteorologik qaramlik” deb ataladi, — deydi shifokor. — Bu organizmning normal ishlashi va oʻzgaruvchan muhitga moslasha olishining belgisidir. Ammo baʼzi odamlar ushbu holatga boshqalardan koʻra koʻproq sezgir boʻladi. Ulardagi surunkali kasalliklar alomatlari esa aynan bulutli kunlarda yanada zoʻrayadi.

Misol uchun, 30 daraja issiqda va 70 foizdan ortiq namlikda tana sovib, yurak-qon tomir tizimi odatdagidan koʻra koʻproq ishlashga majbur boʻladi. Bunday paytda koʻp terlash oqibatida tomirlarda qon miqdori kamayib, miyaga kislorod yetib borishi qiyinlashadi.

Shuningdek, oʻzgaruvchan ob-havoda yurak mushaklari, bosh miya, koʻz tomirlari va buyrakda oʻzgarishlar roʻy beradi. Orqa miya va boʻgʻimlarda ogʻriqlar, qon bosimining koʻtarilishi, nafas olish va asab tizimi muammolari kuzatiladi.

Ushbu holatlarga asosan surunkali kasalliklar bilan ogʻriydigan yoshi katta insonlar, chekish va spirtli ichimliklar isteʼmol qiluvchi shaxslar, bosh jarohati va suyak-boʻgʻim xastaliklariga chalingan bemorlar hamda faol turmush tarziga ega boʻlmagan kishilar duch keladi.

Qolaversa, juda koʻp yogʻli taomlar isteʼmol qiluvchi insonlar, meʼyordan ortiq qahva ichadiganlar ham xavf guruhiga kiradi. Eng yomoni, meteorologik qaramlik progressiv xastalik boʻlib, vaqt oʻtishi bilan uning alomatlari kuchayadi va bemor noxush holatlarni yanada ogʻirroq his qiladi.

Agar inson ushbu bosqichda oʻz salomatligiga jiddiy gʻamxoʻrlik qilmasa, yomon oqibatlarga, xususan, insultni boshdan kechirishi mumkin.

Shunday ekan, buning oldini olish uchun albatta shifokorga koʻrinish va uning tavsiyalariga amal qilish lozim. Toza havoda sayr qilish, sport bilan muntazam shugʻullanish, taomnomaga koʻproq meva-sabzavotlarni kiritish ham bu muammoning oldini olishda katta yordam beradi. Osh tuzi, dudlangan, konserva va achchiq yeguliklarni kamroq isteʼmol qilgan maʼqul.

Ayniqsa, yozning issiq kunlarida juda toʻyib ovqatlanmaslik, aksincha koʻproq suv ichish tavsiya etiladi. Yeguliklarda askorbin kislotasi (vitamin S), karotin (vitamin A), mineral moddalar, toʻyinmagan yogʻ kislotasi miqdori yetarli boʻlishi muhim.

Bundan tashqari, immunitet, yurak-qon tomir hamda hazm tizimlarini mustahkamlash haqida qaygʻurish lozim. Agar issiq va dim havoda taʼsirchanlik ortsa, bunday insonlarga organizmni kislorod bilan toʻyintirishga yordam beruvchi jismoniy mashqlar — sayrga chiqish, nafas gimnastikasi, piyoda yurish, tanani sovuq suv bilan artish tavsiya qilinadi.

Chidamlilikni oshirish uchun basseynda choʻmilish, ertalabki badantarbiya mashgʻulotlarini kanda qilmaslik hamda oyoqqa sovuq va iliq suvli vanna qilish ham muammoni bartaraf etishga yordam beradi.