Joriy yilning 1-noyabr kuni taxminan soat 17.00 larda 2004-yilda tugʻilgan Akbar X. Neksiya-2 rusumli davlat raqam belgisi 01N961CB boʻlgan avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarga ega boʻlmagan holda boshqarayotgan vaqtida yoʻlda uch marotaba YPX inspektorlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatni davom ettirgan.

Toʻrtinchi marotaba Yunusobod tumani Amir Temur va Shaxrisabz koʻchalari kesishgan chorrahasida YPX inspektori M.Turdiyev tomonidan jezl va xushtak yordamida toʻxtash ishorasi berilganda, haydovchi katta tezlikda harakatni davom ettirgan.

Bir nechta xodimlarning qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatini davom ettirayotgan ushbu avtomobil harakatini cheklash maqsadida boshqa transport vositalari toʻxtatilgan. Soʻng Amir Temur – Alisher Navoiy – Shaxrisabz koʻchalari kesishgan chorraxada YPX inspektori D.Ganiyev tomonidan transport vositasi toʻxtatib qolingan.

Haydovchi oʻzini shubhali tutganligi, xodimlarning eshikni ochish va transport vositasidan tushish haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmasdan, transport vositasini ichkaridan qulflab olganligi sababli, transport vositasining oynasini sindirish orqali haydovchining eshigi ochilgan va haydovchining transport vositasini boshqarish imkoniyati cheklangan.

Mazkur holat yuzasidan haydovchi Akbar X.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilgan.