Shu maʼnoda Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 17-dekabrda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorda mazkur bayramni “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari asosida tashkil etish belgilab qoʻyildi.
Qarorni oʻqigan kishi borki, unda mustaqillik dunyodagi eng buyuk va bebaho neʼmat ekanligini, uning milliy taraqqiyotimiz, avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyatini anglaydi. Chindan ham yillar davomida davlatimiz mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini taʼminlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori boʻlib kelmoqda.
Qarorning eng muhim jihatidan biri, unda mustaqillikning 30 yillik bayramini yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berilgani boʻldi. Jumladan, “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” kabi tamoyil va gʻoyalar asosida mustaqillik yillarida qoʻlga kiritilgan yutuqlarni chuqur va har tomonlama oʻrganish, ularni xalqimiz ongu tafakkuriga singdirish ayni kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston yoshlar mamlakatidir. Shu bois, qarorda yoshlarga oid davlat siyosatini samarali olib borish, jumladan, yoshlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni munosib ish bilan taʼminlash, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga tayyorlash, yosh tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan dasturlarni keng targʻib qilishga urgʻu berilgan. Shuningdek, aholini turar joy bilan taʼminlash, xususan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarini barpo etish, keksa avlod vakillarini, yosh oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yordam va koʻmakka muhtoj fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlar ham yoritilib borish boʻyicha tavsiyalar berilgan.
Muxtasar aytganda, mazkur hujjat mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi toʻrt yillikda yuz bergan tub oʻzgarishlar, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda amalga oshayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi. Bu oʻz navbatida xalqimizni yagona maqsad yoʻlida yana-da birlashtirib, yuksak marralar sari ruhlantirishi shubhasiz.
Temur QOSIMOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Yakkasaroy tuman sudi sudyasi.