Toshkent viloyatida 2022 yil davomida hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili, muammolar, kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan tahliliy-tanqidiy yig'ilish o'tkazildi.

Unga viloyat hokiminining birinchi o'rinbosari M.Fayziev raislik qildi. Yig'ilishda bir qator masalalar ko'rib chiqildi.

Jumladan, hokim yordamchilarini viloyat hokimi roziligi bilan lavozimidan ozod qilish qat'iy belgilab qo'yilgan bo'lsada, joylarda o'zboshimchalik bilan ularni lavozimidan ozod qilish holatlari borligi tanqid qilindi.

Angren shahridagi Dorilfunun, Qibray tumanidagi Taraqqiy, Piskent tumanidagi Taraqqiyot va Yangiyo'l tumanidagi SHo'ralisoy mahallasidagi hokim yordamchilari shu yo'sinda ishdan bo'shatilgan.

Shuningdek, viloyat bo'yicha ish faoliyatida yuqori natijalar ko'rsatgan 21 nafar hokim yordamchilarini yuqori lavozimlarga tayinlash choralarini ko'rish belgilab olindi.

90 balldan yuqori ko'rsatkichlarga erishgan hokim yordamchilari rag'batlantirilmoqda.

Ma'lumot o'rnida aytish mumkin, viloyatdagi 1022 ta mahalladagi hokim yordamchilari ko'magida 250 ming 900 ga yaqin ish o'rinlari yaratildi. 22 ming 339 ta yakka, 7 ming 85 ta yuridik tartibdagi tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasidagi tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 30 ming 242 ta loyihaga 788,6 millard so'm kreditlar ajratildi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalari olib berish bo'yicha fuqarolarga 36 millard so'mlik subsidiya tavsiyanomalari berildi.

Viloyat hududida bo'sh turgan qishloq xo'jaligi erlarini ijraga berish maqsadida 23 ming 142 ta er maydoni auktsion natijasiga ko'ra ajratildi.