Yurakka joylangan vatan timsoli

    Bugun xalqimizga ro'shnolik baxsh etib, qalblarni O'zlik, Hurlik, Ozodlik degan totli tuyg'ularga to'ldirgan mustaqil, Yangilanayotgan O'zbekistonimiz – Ona Vatanimiz timsoli, g'ururimiz, faxrimiz, jahonaro yorug' yuzimiz bo'lgan muqaddas Bayrog'imiz qabul qilingan kunning 30 yilligini keng nishonlayapmiz.

    Aslida necha-necha ming yillik tarixga ega qadim yurtimiz hamisha o'z davlat ramzlari, timsollari – bayrog'i, tamg'asi, madhiyasiga ega bo'lgan. Ajdodlarimiz qo'lida mag'rur hilpiragan davlat bayroqlari ne-ne shafqatsizliklarni, nohaqliklarni ko'rmadi deysiz?! Shunday og'ir paytlarda ham Vatan bayrog'ini qo'lida mahkam tutgan ota-bobolarimiz jasorati biz uchun ibrat, faxr-iftixordir.

    Shukrki, dolg'ali yillar ortda qolib, mustaqillikka erishgach, erku ozodligimiz timsoli bo'lgan O'zbekiston bayrog'i millatimiz shon-shavkatini olamga namoyish etib kelmoqda.

    Har safar muqaddas bayrog'imizning tuzilishi, moviy, oq, yashil, qizil ranglari, belgilariga boqib, o'tmishiyu kelajagi buyuk, osmoni musaffo, qalbi pok, beg'ubor, bag'rikeng, vujudidan hayotiy qudrat ufurib turgan hamisha navqiron, ozod xalqimizning ulug'vor chehrasini, ajdodlarimiz zakovatidan kuch olgan buyuk davlat qudratini his etaman. Vatanimiz sarhadlarida, dunyo mamlakatlari sahnalarida hilpirab turgan bayrog'imiz, darhaqiqat, bizning qadrimizu qaddimizning nechog'lik balandligini ifodalab turgandek...

    Ayniqsa, so'nggi yillarda timsollarimiz yoshlarimiz tomonidan alohida qadrlanayotgani, shaharu tumanlarimiz markazlarida mag'rur hilpirayotgan bayrog'imiz atrofida turli ma'naviy-ma'rifiy, madaniy tadbirlar tashkil etilayotgani barchada Vatanga muhabbat, sadoqat tuyg'ularini mustahkamlamoqda.

    Qalbida Ona Vatan mehri jo'sh urayotgan aziz vatandoshlarimizni bugungi bayram bilan yana bir bor muborakbod etaman.

    Uchinchi Renessans asrini boshlayotgan Yangilanayotgan O'zbekistonimizning muqaddas bayrog'i yanada yuksaklarda mag'rur hilpirayversin!

    Ozodbek Nazarbekov,

    Madaniyat vaziri.