Yuridik ilm-fan va taʼlimning amaliyot bilan integratsiyasini takomillashtirish istiqbollari

    Fan 8 Fevral 2023 1663

    Bugungi shiddatli islohotlar davrida huquq fanini rivojlantirish va qonun ijodkorligini takomillashtirish nazariya bilan amaliyot uygʻunligini taʼminlash va uni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish muhim ahamiyatga ega.

    Hozirgi kunda yuridik fanlarning yutuqlaridan qonun ijodkorligi jarayonida, huquqni qoʻllash amaliyotida, yuridik taʼlimni rivojlantirishda keng foydalanilmoqda. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qonun va qarorlarning sifati, demak butun jamiyat va davlatning rivojlanishi yuridik taʼlim sifati bilan chambarchas bogʻliqdir.

    Soʻnggi 5 yilda barcha sohalarda keng koʻlamli oʻzgarishlarni amalga oshirildi, jumladan, mamlakatimizni 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilinganligini oʻzi ham huquq fanini rivojlantirish va nazariya bilan amaliyot uygʻunligini taʼminlash boʻyicha hali koʻp ishlar amalga oshirish zarurligini koʻrsatmoqda.

    Maʼlumki, keng koʻlamli islohotlar ilm-fansiz, taʼlim sifatini oshirmasdan, huquqiy fanlar rivojini taʼminlamasdan amalga oshirib boʻlmaydi. Shu maʼnoda taʼlim sohasini takomillashtirish boʻyicha ham soʻnggi yillarda bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini
    2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonlari qabul qilindi.

    Mazkur hujjatlarda akademik huquqiy tadqiqotlar darajasini oshirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarning keyingi istiqbollarini belgilashga oid huquqiy ilmiy ishlanmalar samarasini oshirish, yuridik fanlar boʻyicha tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

    Bevosita huquq fanini rivojlantirish yoʻnalishida 2020-yil
    29-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonini, shuningdek 2020-yil 30-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimida davlat va huquq institutining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorining qabul qilinganligi eʼtirof etish joiz.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunining 17-moddasida Oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari tegishli yoʻnalishlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishlari shartligi belgilangan.

    Ilmiy faoliyatni tashkil etish masalasini birgini TDYUU misolida koʻrib chiqamiz:

    TDYUU nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda yetakchi boʻlgan va oʻtgan faoliyati davomida yigirma mingdan ortiq yuqori malakali yuridik kadrlarni yetishtirib chiqargan oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

    Hozirda TDYUU huzurida 13 ta ixtisoslik boʻyicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tuzilib, muvafaqqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda 2022-yilda 45 ta, 2023 ning oʻtgan davri davomida 8 ta doktorlik dissertatsiyalari himoyasi oʻtkazildi.

    Birgina 2022-yil davomida nazariya va amaliyot integratsiyasi natijasi sifatida universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan
    65 tadan ortiq ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etilganligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Davlat boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan dalolatnomalar olingan.

    Shu bilan birga TDYUUda “Ustoz-shogird” anʼanasini izchil ravishda amalga oshirish uchun universitetda talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanish borasidagi qiziqishlarini oshirish, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirish, TDYUUning mamlakatimiz ilmiy hamjamiyatida munosib oʻringa ega boʻlishini taʼminlash maqsadida
    ilmiy maktab va ilmiy toʻgaraklar tashkil etilgan. Natijada ilm-fan va taʼlimning uzviyligini taʼminlash mexanizmi yaratildi.

    TDYUU tomonidan Nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida soʻnggi 2 yilda TDYUU professor-oʻqituvchilari 169 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etishdi hamda 40 dan ortiq axborot-tahliliy maʼlumotnoma (loyihani qabul qilish zarurati asoslangan maʼlumot, qonun loyihasining matni, taqqoslash jadvali va xorijiy davlatlar qonunchiligini oʻrganish boʻyicha jadval) tayyorlandi.

    2022-yilda xalqaro koʻrsatkichlar maʼlumotlariga koʻra professor-oʻqituvchilarning ilmiy maqolalariga iqtiboslar 7561 tani, xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar soni 337 tani, Respublika ilmiy jurnallaridagi (OAK roʻyxatidagi) ilmiy maqolalar soni 378 tani tashkil etmoqda. Shuningdek, Professor-oʻqituvchilari 318 ta Xalqaro konferensiya va seminarlarda, ilmiy yoki taʼlim loyihalarida (xorijiy, qoʻshma) ishtirok etdi. Shu bilan birga 56 ta monografiya chop etildi.

    Professor-oʻqituvchilar va izlanuvchilarning Scopus va WoS (Web of Science) maʼlumotlar bazasiga kiritilgan ilmiy jurnallar uchun maqola yozishda foydalanishi mumkin boʻlgan “Ilmiy xarita” hamda “Praktikum” ilmiy-amaliy qoʻllanmalar tizimli ravishda eʼlon qilinib kelinmoqda.

    Talabalarni amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirish, universitetda olib borilayotgan ishlarining ahamiyatini izchil targʻib qilish, qonun hujjatlarini sharhlab borish, yuridik soha faoliyatiga oid maqolalar va tahliliy materiallar tayyorlash, shuningdek, talabalar va universitet rahbariyati oʻrtasida samarali muloqot tizimini tashkil etish va shu orqali talabalar eʼtiboridagi dolzarb mavzularni izchil yoritib borishni taʼminlash maqsadida “The Square Times” universitet talabalar gazetasini taʻsis etildi.

    Professor-oʻqituvchlarning “Publons”, “Linkedin”, “ResearchGate”, “Google scholar” kabi ilmiy yoʻnalishdagi ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifasini ochilishi taʼminlandi va xorijlik soha mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Mazkur hamkorlik natijasidan professor-oʻqituvchilarning 100 dan ortiq maqolalari xorijlik soha mutaxassislari bilan hammualliflikda chop etildi.

    Yuridik sohada ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirib kelayotgan tadqiqotchilar uchun onlayn xizmatlarni koʻrsatish imkonini beruvchi maxsus elektron platforma (Platforma manzili: https://uzlaw.uz) yaratildi.

    Shu bilan birga, Toshkent davlat yuridik universitetining rasmiy veb-sayti www.tsul.uz platformasi negizida “Ilmiy-innovation faoliyat” portali tashkil etildi.

    Mamlakatimizda birinchi boʻlib, universitetda Ilmiy-uslubiy kengashi negizida Tadqiqot etikasi kengashini tashkil qilindi. Tadqiqot etikasi kengashiga 1 nafar chet eldagi vatandoshlar va 1 nafar chet ellik mutaxassis Tadqiqot etikasi kengashi tarkibiga kiritildi.

    Shu bilan birga, Toshkent davlat yuridik universitetining Akademik halollik va tadqiqot etikasi kodeksi qabul qilingan boʻlib, mazkur kodeks 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab amal qilishni boshladi.

    Unga koʻra, Akademik halollik va tadqiqot etikasi milliy yuridik taʼlimning samaradorligini oshirish, yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash va mamlakatda yuridik fanni rivojlantirishning asosiy ustunlari hisoblanadi.

    Mazkur Kodeksning asosiy qoidalari universitetning oʻquv va ilmiy faoliyatida akademik halollik hamda tadqiqot etikasining umumqabul qilingan standartlarini joriy qilishga qaratilgan boʻlib, asosan, ushbu sohadagi quyidagi muhim vazifani amalga oshirishni belgilaydi: universitet talabalari va xodimlarida plagiat (koʻchirmachilik)ga murosasiz munosabatda boʻlish kayfiyatini shakllantirish hamda akademik halollikni keng targʻib qilish.

    Shu bois, birgina 2022-yil sentyabr oyidan boshlab, dissertatsiyalarni (kafedra muhokamasida) dastlabki ekspertizasi, taqdim etilgan ilmiy ishni taqrizchi (rasmiy opponent) tomonidan baholash hamda Ilmiy seminar va Ilmiy kengashlarda koʻrib chiqish jarayonida Toshkent davlat yuridik universitetining Akademik halollik va tadqiqot etikasi kodeksi talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlanmoqda.

    Shu bilan birga universitetda akademik halollik va tadqiqot etikasiga rioya qilmaslik holatlari quyidagi shakllarda yaʼni: oʻquv-uslubiy ishlar (darslik, oʻquv qoʻllanma, oʻquv-uslubiy qoʻllanma va boshqalar), BMI, magistrlik dissertatsiyalari hamda tadqiqot ishlari (ilmiy maqolalar, monografiyalar, doktorlik dissertatsiyalari)ni maxsus elektron antiplagiat (Turnitin) dasturi vositasida tekshirish asosida aniqlanib kelinmoqda.

    Xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilarini universitet professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilari bilan birgalikda huquq sohasida dunyo va mintaqa darajada dolzarb boʻlgan mavzular boʻyicha qoʻshma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish maqsadida 2022-yil iyul oyidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida “Central Asian Legal Research Fellowship” loyihasi yoʻlga qoʻyildi.

    “Central Asian Legal Research Fellowship” loyihasiga 21 nafar xorijlik olim tanlab olindi. Universitet tadqiqotchilari va xorijdagi nufuzli universitetlar olimlari oʻrtasida ilmiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, ularning birgalikda ilmiy tadqiqotlarni olib borishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan loyihaga aʼzo boʻlish uchun Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar kabi 14 ta davlatdan koʻplab nomzodlar orasida Oxford, Stenford, Garvard, London Holloway Qirollik universiteti kabi nufuzli universitetlarda faoliyat olib borgan olimlar ishtirok etdi.

    Loyihaga aʼzo boʻlishni istagan nomzodlar bilan suhbat oʻtkazildi va yakunda ular orasidan 21 nafari loyihada ishtirok etish uchun tanlab olindi.

    Mazkur loyiha ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda “Scopus”, “Web of Science” kabi bazalarda indekslangan nufuzli ilmiy jurnallarda chop etish uchun qoʻshma ilmiy tadqiqot amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqichda esa xorijlik olimlar Oʻzbekistonga tashrif buyurib, qator ilmiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etadi.

    Mazkur loyiha davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari huquq nazariyasi, qonunchiligi va huquqni qoʻllash amaliyotida hozirgi kundagi va kelajakda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarga alohida eʼtibor qaratgan holda ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladi.

    Loyiha ikki qismdan iborat. Birinchi bosqich onlayn shaklda oʻtkazilib, bunda xorijiy tadqiqotchilar universitet professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda

    2022-yilning oktabr oyidan boshlab 2023-yil iyul oyiga qadar “Scopus” yoki “Web of Science” xalqaro ilmiy bazalarida indekslanadigan jurnallarda chop etish uchun ilmiy maqola tayyorlaydilar.

    Xalqaro hamkorlik, oʻz navbatida, taʼlim sifatini yaxshilash, mutaxassislar va boshqaruv personali malakasini oshirish, xalqaro loyihalarni jadal surʼatlar bilan amalga oshirish imkonini beradi.

    Ayni vaqtda tahlilllar shuni koʻrsatadiki, bugungi kunda huquqiy fanlarni rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan asosiy omillar sifatida ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanishdan manfaatdorlikning pastligi va hattoki bu jarayon oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi bilan bogʻliqdir. Koʻp holatlarda yaratilgan ilmiy ishlanmalar va ilmiy bashoratlarni roʻyobga chiqarish, ularni nashr etish, tijoratlashtirish muammosi koʻzga tashlanadi.

    Shu oʻrinda, alohida taʼkidlash oʻrinliki ijtimoiy-gumanitar, shu jumladan yuridik sohasidagi fundamental loyihalar amalga oshirilishi natijasida tijoratlashtirishga moʻljallangan mahsulot ishlab chiqilishini qatʼiy talab qilish ham maqsadga muvofiq emas. Sababi, fundamental tadqiqotlar natijalari boshqa foydali koʻrinishda ham mamlakatimizning rivojiga munosib hissa qoʻshishi mumkin. Masalan, sifatli qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishi jamiyatimizning hayotini yaxshilashga, tadbirkorlik rivojlanishiga hamda byudjetga soliq tushumini koʻpaytirishga olib keladi.

    Huquqiy fanlarni nazariy va amaliy samaradorligini oshirish nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish va yangilash hamda yuridik ilm-fan va taʼlimning amaliyot bilan integratsiyasini yanada rivojlantirish boʻyicha quyidagi ishlarni amalga oshirish lozim.

    1.Rivojlangan davlatlarning taʼlim tizimidagi ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, magistrlik dissertatsiyalari va malakaviy bitiruv ishlari mavzularini ish beruvchi organ (idora, tashkilot)lar, vazirlik va qoʻmitalarning buyurtmasi asosida shakllantirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

    2.Amaliyot xodimlarining huquqiy bilimini oshirish boʻyicha zamonaviy, innovatsion onlayn oʻquv portali yaratish. Mazkur portal huquqshunoslik sohasidagi qonunchilik bazasi, qonun hujjatlari sharhlari, oʻquv, oʻquv-uslubiy qoʻllanma, ilmiy maqolalar, axborot-tahliliy va statistik materiallar hamda boshqa adabiyotlar turkumidan iborat boʻladi va muntazam yangilanib boriladi.

    3.Yuridik ilm-fan va ilmiy faoliyatga moliyaviy resurlarning yetarli darajada yoʻnaltirish maqsadida tegishli davlat organi va muassasalariga byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan huquqiy sohadagi tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish boʻyicha tavsiyalar kiritish (shu jumladan, grantlar eʼlon qilishni yoʻlga qoʻyish).

    4.Scopus va Web of Science kabi xalqaro ilmiy bazalarining koʻrsatkichiga hamda “Hirsh indeksi”ga asoslanib grant olish amaliyoti joriy qilingan. Rivojlangan davlatlar tajribasidan koʻrishimiz mumkinki, “Hirsh indeksi” gumanitar fanlar sohasiga nisbatan deyarli qoʻlanilmaydi. Shu jihatdan Scopus, Web of Science va Hirsh indeksi gumanitar fanlar sohasiga nisbatan qoʻllash masalasini qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

    5.Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi Nizom (roʻyxat raqami 2893, 2017-yil 23-iyun)ga muvofiq, Ilmiy kengash aʼzolari, qoida tariqasida, kamida 9 nafar va koʻpi bilan 21 nafar aʼzodan iborat tarkibda shakllantirilishi, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tarkibiga Ilmiy kengash har bir ixtisosligining tegishli fan tarmogʻi boʻyicha kamida 5 nafar fan doktori kiritiladi.

    Biroq, ushbu Nizomda xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda yetuk amaliyotchi mutaxassislarni kiritilishini majburiy qilingan normalar nazarda tutilmagan.

    Maʼlumot tariqasida: Xorijiy davlatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki ilmiy rahbarlar tarkibida amaliyotchi xodimlarni kiritish majburiy hisoblanadi.

    Misol uchun, Buyuk Britaniya, Yaponiya va boshqa bir qator davlatlarda ilmiy rahbarlar 3 ta boʻlib, professor-oʻqituvchi, soha boʻyicha yetuk amaliyotchi xodim hamda xorijiy taʼlim muassasi professor-oʻqituvchisidan iboratdir.

    6.Nazariya bilan amaliyot uygʻunligi taʼminlash hamda bu boradagi faoliyatni rivojlantirishga amaliyotdagi tegishli tashkilot va idoralarning (xususan, Oliy Majlis, Adliya vazirligi, sud, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, advokatura hamda boshqa davlat va nodavlat tuzilmalar) eʼtiborini qaratish hamda ularning olib borilayotgan tadqiqotlardan manfaatdorligini oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya qilgan holda amaliyot tashkilotlariga taqdim etib borish tizimini yoʻlga qoʻyish lozim.

    7.Ilgʻor oliy taʼlim muassasalar va ilmiy markazlarda fan sohalarida faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlarni hamda mamlakatimizdagi yetuk amaliyotchi xodimlarni rasmiy opponent (taqrizchi) sifatida barcha fanlar ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajalar berish boʻyicha ilmiy kengashlar faoliyatiga jalb etish amaliyotini yoʻlga qoʻyish lozim.

    Mazkur amaliyotga yoʻlga qoʻyilmaganligi oʻz navbatida, ilm-fan sohasidagi ustuvor muammolarni tezkor bartaraf etish, amaliyot bilan integratsiyasini kuchaytirishga imkoniyat bermayapti.

    Mazkur tizimni yoʻlga qoʻyilmaganligi oʻz navbatida tadqiqot natijalaridan amaliyotda toʻliq va samarali foydalanish imkoniyatini bermayapti.

    8.Hozirda ushbu sohada chuqur ilmiy tadqiqot olib borish uchun amaliyot materiallari, jumladan statistika bilan tanishish imkoniyati cheklangan (Davlat statistika qoʻmitasi saytida eʼlon qilinayotgan axborot toʻlaqonli va keng qamroqli tadqiqot olib borish uchun yetarli emas).

    Oʻylaymizki mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda yuridik ilm-fan va taʼlimning amaliyot bilan integratsiyasini takomillashtirish, yurisprudensiya sohasining jamiyat va davlat taraqqiyotidagi drayveriga aylanishiga xizmat qiladi.

    Ergashev Ikrom Abduraculovich,

    Toshkent davlat yuridik univerciteti

    Ilmiy boshqarmasi boshligʻi,

    dotsent, yuridik fanlari boʻyicha

    falcafa doktori (PhD)