Yuridik shaxslar uchun energiya resurslari tariflari oʻzgarishi mumkin

    Energetika 12 Sentabr 2023 1286

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqdi. Jamoatchilik muhokamasi 2023-yil 23-sentyabrgacha davom etadi.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2023-yil 1-oktyabrdan boshlab quyidagilarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi:

    - tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish tariflarini hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflarini;

    - elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz isteʼmolchilaridan va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibini;

    - temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish xizmatlari va boshqa tariflarni.

    Oʻrnatilgan gaz hisoblash uskunalarining tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga toʻliq ulanganligini va onlayn rejimda maʼlumotlar uzatilayotganligini qatʼiy nazorat qilib borish rejalashtirilyapti.

    Noqonuniy ulanish, yoqilgʻi-energiya resurslarini talon-taroj qilish va noqonuniy isteʼmol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish boʻyicha nazorat tadbirlari yanada kuchaytiriladi.

    Loyihaga koʻra, yuridik shaxslar uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlarini koʻtarish, aholi uchun tariflarni esa oʻzgarishsiz qoldirish taklif etilyapti, deb xabar beradi “Norma”.

    Loyiha oʻzgartirilishi, toʻldirilishi yoki rad etilishi mumkin.