Inson kim va qanday sharoitda boʻlmasin, doim hamroh, hamfikrga ehtiyoj sezadi. Bu, ayniqsa, muhim qarorlar qabul qilishda yaqqol koʻzga tashlanadi. Masalan, Qorajon Alpomishni chohdan chiqara olmagach, qanday yoʻl tutishni bilmay oʻylanadi. Hech bir maslahatgoʻyi yoʻq Qorajon telpagini oldiga qoʻyib: “Qolamizmi, ketamizmi, maslahat ber, telpagim?” deydi. Vaholanki, oʻsha vaziyatda ketishdan boshqa chorasi yoʻq edi.

Odam qabul qilayotgan qarori toʻgʻri ekanini bilsa ham kimdir qoʻllab-quvvatlashini, dalda berishini istaydi. Xuddi shuningdek, har bir jamiyatda shunday maslahatchilar boʻladi. Ularni biz oqsoqollar, ziyolilar, deb ataymiz. Bugun ularga har doimgidan ham ehtiyoj katta. Sababi, ular jamiyat mayogʻi, yoshlarga yoʻl koʻrsatuvchi.

Prezidentimizning Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Qoʻqon va Margʻilonda nuroniylar, imom-xatiblar, mahalla faollaridan iborat Oqsoqollar kengashi hamda ota-onalar guruhlarini tuzish taklifi ayni muddao boʻldi. Mazkur kengash va guruhlar mamlakat taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi. Chunki ularning hayotiy tajribasi yoshlar taʼlim-tarbiyasida muhim ahamiyatga ega.

Bugun navqiron avlod kamoli uchun juda koʻplab xayrli ishlar bajarilmoqda. Buning samarasi esa allaqachon koʻzga tashlana boshladi. Maʼlumotlarga koʻra, yoshlarning ijtimoiy masalalarga doir murojaati kamaygan. Asosan ilm-fan, taʼlim boʻyicha murojaatlar koʻpaygan. Bu, albatta, islohotlar samarasi.

Yangi tizim tufayli ijtimoiy-iqtisodiy muammolar mahallaning oʻzida hal boʻlyapti. Ayni paytda mazkur yoʻnalishdagi yangilanishlar davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 28-iyun kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yana qator tashabbuslar oʻrtaga tashlandi. Jumladan, yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga oʻrgatish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan loyihalarni koʻpaytirish boʻyicha katta oʻzgarishlar boʻladi. Buning uchun har yili 100 million dollar ajratiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi Yoshlar ishlari agentligiga oʻtkaziladi. Jamgʻarma yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi. Ularga “biznes paket” qilib beradi. Loyiha tayyor biznesga aylanib, daromad keltirguncha koʻmak beriladi. Shu tariqa yosh tadbirkorlar oʻz bozorini topib oladi.

Bu – yigʻilishda oldinga qoʻyilgan maqsadlardan bir qismi, xolos. Bundan tashqari, yoshlar hayotini toʻla qamrab oladigan koʻplab loyihalar, istiqbolli tashabbuslar ilgari surildi. Ularning hammasi navqiron avlodning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini oʻnglashga qaratilgan.

Mazkur yoʻnalishda natijadorlik yaxshi. Endi oʻsha ilm, moddiy taʼminot toʻlaligicha xalq, vatan manfaati uchun xizmat qilishi kerak. Buning uchun yoshlar, umuman jamiyatga maʼnaviy yetuklik zarur.

Jadid bobolarimiz nega jonini xatarga qoʻyib, bor mol-dunyosini jamiyatni uygʻoqlikka chaqirishga, yoshlarga ilm oʻrgatishga sarfladi? Chunki ular maʼrifatparvar, dunyoqarashi keng shaxslar edi.

Mamlakatimizda jadidlar kabi ziyoli qatlamni tarbiyalashga jiddiy eʼtibor berilar ekan, birinchi navbatda, ularning maʼnaviy olamini boyitish kerak. Buning uchun global dunyo talablariga javob beradigan oqsoqollar zarur.

Zamonaviy Shiroqlarga ehtiyoj bor

XXI asrning ijtimoiy-siyosiy qiyofasiga ortiqcha taʼrif berish shart emas. Holat shundayki, inson ongi va qalbini zabt etish osonlashdi. Ha, uydan chiqmay dunyoning istalgan joyidagi yoshlarni yot gʻoyalar ortidan ergashtirish mumkin. Oʻzgalar hiylasiga uchgan kishining koʻziga hech narsa koʻrinmaydi. Uning uchun ota-ona, vatan, xalq manfaati, degan tushunchalar begonalashadi. Buni ulugʻ adib Chingiz Aytmatov “Asrga tatigulik kun” romanida manqurt oʻgʻil obrazi bilan toʻla ochib bergan.

Bugungi asrimizga kelib insonni manqurtga aylantirish uchun boshiga tuya terisidan telpak kiydirib, sahroga uloqtirish shart emas. Ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarga yoqadigan, qiziqtiradigan axborotlar bilan toʻyintirish, yot madaniyatlarni targʻib etish kifoya.

Yoshlar oltin fond, deb bejiz aytilmadi. Ular ilmiy salohiyatini toʻlaligicha xalq farovonligi uchun safarbar etib, mamlakatni taraqqiy ettiradi. Yorugʻ kelajakni taʼminlaydi. Buning uchun ularning qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat va sadoqat chuqur singdirilgan boʻlishi kerak. Bu tarbiyadagi eng murakkab va sharafli vazifa.

Shu sharafli ishni uddalay olgan shaxslarni Shiroqqa oʻxshatish mumkin. Afsonaviy qahramon vatan kelajagi uchun jonini fido etdi. Bu — uning jasorati. Shunday yoʻl tutdiki, yolgʻiz oʻzi butun boshli dushman qoʻshinini yoʻq qila oldi. Mazkur jihat choʻponning naqadar oqil, uzoqni koʻra bilganidan dalolat.

Davlatimiz rahbari aytgan oqsoqollar kengashi aʼzolari Shiroq kabi oqillik bilan, kerak boʻlsa, undan ham aʼlo darajada ish tutishi kerak. Chunki ular zimmasida OʻZLIK degan chegarani himoya qilish vazifasi turibdi.

Ha, aynan zimmasidagi vazifa. Negaki ziyoli, oqsoqol shaxslarning maʼnaviy burchi hech qachon oʻzgarmaydi. Prezidentimiz tashabbusi esa ana shu vazifaga yangicha, zamonga mos yondashuv qilishga chaqiriq deb oʻylayman. Aynan shu jihati bilan ham mazkur tashabbus dolzarb. Chunki shiddatli davr, global siyosiy jarayonlar shuni talab etmoqda.

Navqiron avlod qalbi maʼrifatga oshno boʻlsa, oʻzi olgʻa intilib kasb-hunar oʻrganadi. Ilm yoʻlidagi mashaqqatlardan choʻchimay, yangiliklarga oshiqadi. Gap shundaki, aholisining yarmidan koʻpi yoshlar boʻlgan mamlakat uchun tarbiya birinchi oʻrinda boʻlishi shart. Ilgari surilayotgan tashabbusda ana shu ezgu niyat ham bor.

Qolaversa, davlatimiz rahbari shu yil 28-iyunda yoshlar bilan oʻtkazilgan muloqot chogʻida ayni masalani koʻtargan edi. Oʻshanda tarbiyasi ogʻir, qiyin sharoitdagi yoshlar bilan ishlashda yangi tizim boʻlishi aytildi. Masalan, oilaviy ajralish yoqasidagi, jinoyat qilishga moyilligi bor, muntazam dars qoldiradigan yoshlar bilan manzilli ishlanadi. Tuman hokimlari har hafta, viloyat hokimlari va vazirlar har oy kamida bir marta yoshlar bilan uchrashadi. Ularning muammolariga yechim beradi.

Shu oʻrinda yana oqsoqollar kengashi va ota-onalar guruhlarining ahamiyati koʻzga tashlanadi. Vazir, hokim darajasidagi shaxslar umumiy holat bilan tanish boʻladi. Ammo chekka mahalladagi, aytaylik, Eshmatning qanday muammosi borligini, Toshmat nimalarni orzu qilishini bilmasligi tabiiy. Uchrashuvlarda esa yoshlar doim ham qalbini ochib gapiravermaydi. Ana shunday vaziyatda oqsoqollar kengashi ish berishi kerak. Ular yoshlar qalbidagi oʻylarni aniq bilishi, orzu-istaklaridan xabardor boʻlishi zarur. Shundagina masʼullarga toʻgʻri maslahat berib, mayoq vazifasini uddalay oladi.

Navoiy sogʻinchi

Oqsoqollarning vazifasi hech qachon oʻzgarmaydi, dedik. Masalan, “Alpomish” dostonida Boysari va Boyboʻri sen-menga borib qoladi. Oʻsha vaziyatda Boysari oqsoqollarga yuzlanadi. Ammo toʻgʻri yoʻl koʻrsata oladiganlar mum tishlaydi. Yortiboy kabilar esa fursatdan foydalanib, oʻz manfaati uchun gap aytadi. Shu tariqa aka-uka yuzkoʻrmas boʻlib ketadi. Ha, haqiqiy oqsoqollar oʻzini chetga tortsa, qaror qabul qiluvchi qiynaladi.

Prezidentimiz Fargʻonaga tashrifi chogʻida “Tashabbusli byudjet” doirasidagi ishlar haqida ham toʻxtaldi. Bu yil Fargʻonadagi 266 ta loyihaga 340 milliard soʻm ajratilgan. Lekin uch oydan beri koʻplab loyihalar boʻyicha hali amaliy ish boshlanmagan. Davlatimiz rahbari shu oyning oʻzida “Tashabbusli byudjet”ga viloyat byudjetidan hozirgacha ajratilmagan mablagʻni oʻtkazish boʻyicha topshiriq berdi. Mazkur ishlar qilinsa, 35 ta mahalladagi elektr, gaz va yoʻl masalasi hal boʻladi.

Ushbu holat uchun har birimiz masʼullarning sustkashligini tanqid qilishimiz tabiiy va toʻgʻri ham. Ammo masalaning boshqa jihati oʻylantiradi. Nahotki 35 ta mahallada birorta kayvoni, gapi hokimgacha yetib boradigan oqsoqol boʻlmasa. Ular allaqachon bajarilishi kerak boʻlgan ishni talab qilib, amalga oshira olmasa? Davlat tomonidan toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan, mablagʻi, rejasi aniq boʻlgan ishlar uchun ham Prezident koʻrsatmasini kutish shartmi?!

Shu oʻrinda Alisher Navoiy esga keladi. Hazrat oʻz davrining eng zamonaviy, oqil ziyolisi boʻlgan. Husayn Boyqaro nega u zotning soʻziga quloq solar, maslahatiga amal qilardi? Faqat bolalikdagi doʻsti boʻlgani uchunmi? Fikrimcha, unday emas. Navoiy soʻz zargari boʻlish bilan birga keng dunyoqarashga ega, maʼrifatparvar shaxs edi. Soʻz va amal birligi, masalani yetkaza olish qobiliyati, qisqasi, chin oqsoqolligi sabab Boyqaro doʻstiga quloq tutardi. Umid qilamizki, oqsoqollar kengashi Navoiydek zotlardan namuna olib ish tutadi. Joylardagi masʼullarga yoshlarning muammolarini yetkazib, jamiyatdagi kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishga hissa qoʻshadi.

Shunday ziyolilar oʻzini chetga tortmay oʻrtaga chiqsa, albatta, jamiyatda ijobiy oʻzgarishlar jadallashadi. Masalan, yaqin tariximizda Abdulla Oripov, Erkin Vohidovday shaxslar yashab oʻtdi. Yosh ijodkorlar biror ishga qoʻl urishdan avval Abdulla Oripov nima der ekan, Erkin Vohidov qanday baho berar ekan, degan savolga javob izlagan. Shu orqali masʼuliyatni his etgan, oʻng-soʻliga qarab ish tutgan.

Shuningdek, har bir sohaning oqsoqollari boʻlishi kerak. Muhimi, ularning borligi sezilishi, ziyoli shaxslar Navoiy kabi masʼuliyatni zimmasiga olishi lozim.

Hozirgi global oʻzgarishlar davrida yoshlarni vatansevar qilib tarbiyalash uchun har bir mahalla, tuman va viloyatning ana shunday shaxslari oldingi safga chiqishi kerak. Bugun Navoiy kabi shaxs oʻrtaga chiqsa ham butun jamiyatni ortidan ergashtirishi qiyin. Chunki global dunyoda axborot oqimi, oʻzanlari koʻp. Tabiiyki, bu orqali turfa fikrlilik shakllanadi. Ana shu turlicha qarashlar bitta nuqta — xalq va mamlakat farovonligi uchun xizmat qilishi kerak. Yoʻl boshqa, manzil bitta boʻlmogʻi shart. Bunga faqat va faqat maʼrifat targʻiboti orqali erishish mumkin.

Davlatimiz rahbari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida juda koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni atroflicha tahlil etdi. Yangi loyihalar, istiqbolli rejalar oʻrtaga tashlandi. Shular qatori madaniyat va maʼrifat sohasiga alohida eʼtibor berildi. Zero, ezgulik – shiorimiz, maʼrifat – qurolimiz, degan ezgu gʻoya atrofida butun jamiyat birlashishi kerak. Xoʻsh, yangi tashabbusdan soʻng bu boradagi ishlar qay yoʻsin bajarilmoqda?

– Prezidentimiz faollar bilan yigʻilishda viloyatni ijtimoiy demokratlashtirish boʻyicha muhim vazifalarni belgilab berdi. Ayniqsa, Fargʻona, Margʻilon, Qoʻqon shaharlarini rivojlantirish boʻyicha juda muhim tashabbuslar ilgari surildi. Ana shu maqsadlar uchun 28 trillion soʻm mablagʻ ajratilganini alohida taʼkidladi, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov. – Fargʻona viloyatining har bir tuman va shahri uchun alohida bir dastur ishlab chiqilgani aytildi. Bu dasturlar ana shu hududlarning yuksalishi uchun xizmat qiladi. Masalan, Qoʻqon shahrida mahallalar massivi quriladigan boʻldi. Shu bilan birga, Qoʻqon iqtisodiy zonasi kengaytiriladi. U yerda yangi loyihalar amalga oshiriladi. Bularning hammasidan koʻzlangan maqsad – aholi bandligi, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalar jalb etish. Ijtimoiy masalalarning aksariyati ana shunday iqtisodiy barqarorlikka erishish orqali hal boʻladi. Shu jihatdan iqtisodiy oʻzgarishlar ham maʼrifat targʻibotchilarining ishini osonlashtirish uchun tashlangan qadam deb qabul qilamiz. Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida tajriba sifatida oqsoqollar kengashini tashkil etish boʻyicha muhim tashabbus ilgari surildi. Bu esa biz, maʼnaviyatchilar uchun ham katta bir voqea boʻldi. Yoshlar tarbiyasi, oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit, mahallalardagi oilalar mustahkamligini taʼminlash nihoyatda dolzarb vazifa sifatida belgilab berildi. Ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ishlash boʻyicha ham aniq vazifalar belgilandi. Bu ham mamlakatimizda yoshlar siyosati ustuvor vazifa ekanini koʻrsatdi. Tashrifdan soʻng har bir masʼul oʻzi uchun muhim vazifalarni belgilab oldi. Masalan, shu yil yakuniga qadar 400 mingta ish oʻrni yaratish kerak. Bu borada ishlar jadal tus olmoqda. Maʼnaviyat sohasida esa oqsoqollar kengashini tuzish, faoliyatini toʻgʻri tashkil etish borasida kengashib, fikr almashib oldik. Qisqa muddatda amaliy ishlar boshlanadi. Fargʻona viloyatining ulkan ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati bor. Oʻylaymanki, ana shu salohiyatdan foydalansak, viloyatimiz iqtisodiy jihatdan ham, maʼnaviy jihatdan ham yangi bosqichga qadam qoʻyadi.

Maʼrifatparvarlik — koʻzi toʻq avlodning ishi

Qorin gʻamidan boshi chiqmaydigan odam kamdan kam hollardagina maʼnaviyat haqida oʻylaydi. “Muhtojlik, barisin oʻylab topgan sen!” deydi zamondosh shoir.

Haqiqatan ham, muhtojlik insonni turfa yoʻllarga boshlaydi. Shuning uchun ham mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarga keng oʻrin ajratilmoqda. Ish oʻrni yaratish, tadbirkorlikka imtiyozlar berish shular jumlasidan.

Ana shu iqtisodiy oʻsish oʻzligimizni yoʻqotish evaziga boʻlmasligiga ham jiddiy eʼtibor berilmoqda. Shu jarayonda yana bir muhim jihatni unutmaslik kerak. Oʻz yoʻlini topgan, koʻplab ish oʻrinlari yaratib, yutuqlarga erishayotgan yoshlarni ham nazardan chetdan qoldirmaslik zarur.

Bu borada ham davlatimiz rahbari baʼzi tashabbuslarni ilgari surgan edi. Masalan, kitobxonlikni targʻib etish. Bugun yosh kitobxon, mutolaaga oshno oilalar oʻrtasida tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda. Gʻoliblar yaxshigina ragʻbatlantirilayotganini ham bilamiz. Ammo puli bor, ragʻbatga ehtiyoji, ehtimol qiziqishi ham yoʻq yoshlarchi?! Axir tadbirkorlik qilayotgan yoshlar qoʻlida katta miqdorda mablagʻ bor. Ular mashina olish uchun kitob oʻqimaydi. Chunki oʻzi kimgadir sovgʻa qilishga qodir.

Oʻylaymanki, ularni ham maʼnaviyat, adabiyot targʻibotidan chetda qoldirmaslik kerak. Chunki muhtoj yoki oʻrtahol odamning yolgʻiz oʻzi adashadi. Xato yoʻlga faqat umrini tikadi. Qoʻl ostida oʻnlab ishchisi bor, mablagʻi koʻp yoshlarning xato yoʻlga ketishi juda koʻp yoʻqotishlarga olib keladi.

Masalan, qimmatbaho mashinada yoʻl qoidalarini qoʻpol ravishda buzayotgan yoshlar topiladi. Jamiyat qoidalarini mensimaslik mamlakat qonunlariga boʻysunmaslikkacha olib boradi. Bunday yurish-turish esa yomon oqibatlarga olib kelishi kunday ravshan.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqotda yana bir ezgu tashabbusni ilgari surgan edi. Yaʼni ularning maʼnaviy olamini boyitish, adabiyotga oshno qilish uchun yoshlar koʻchma “Sheʼriyat teatri”ni tashkil etish!

Bundan tashqari, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalarining tarjimalarini xalqaro ommaga yetkazish borasida ham tashabbuslar ilgari surildi. Mana shu tashabbuslarni bevosita tadbirkor yoshlar hayoti bilan ham bogʻlash kerak, nazarimda. Ehtimol, “Sheʼriyat teatri” uchun yosh tadbirkorlar homiylik qilar. Albatta, buning evaziga muayyan imtiyozlar berilishi adolatli boʻladi.

Yoki aynan tadbirkorlar oʻrtasida, ularni qiziqtira oladigan kitobxonlik tanlovlari tashkil etilar. Nima boʻlsa ham ularning ijodkorlar bilan yaqin doʻst boʻlishiga erishish kerak, deb oʻylayman. Bu doʻstlik keyinchalik ishbilarmon va ziyolining hamfikrliligiga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, har bir tadbirkorning oʻz ziyolisi, oqsoqoli ham boʻlardi.

Yoshlar hozir ijtimoiy masalalardan koʻra koʻproq ilm-fanga oid ishlar borasida murojaat qilayotganini aytdik. Bu aslida juda katta voqea. Mamlakatdagi islohotlarning amaliy natijasidir. Yigit-qizlar yaqin-yaqingacha arzini kimga aytishni ham bilmasdi. Qisqa muddatda ijtimoiy masaladan koʻra muhimroq mavzular haqida oʻylayapti. Endi buni yanada yuksaltirish, iqtisodiy farovonlikni oshirish barobarida, maʼnaviy chegaralarimizni ham mustahkamlab boraverishimiz shart. Buning uchun bizda imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli.

Boboravshan GʻOZIDDINOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri