Eng muhimi, bu davolash maskanlaridagi palatalar bundan 25–30 yil ilgarigiday faqat toʻrt devoru toʻrtta karavotdan iborat emas. Har bir palatada bemorlar uchun zarur sharoit mavjud. Ayniqsa, jahon standartlariga mos zamonaviy tibbiyot anjomlari yordamida aniq tashxis qoʻyilib, muolaja muddati qisqaryapti.
Surxondaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, vohadagi tibbiyot muassasalariga oxirgi ikki yilda 50 milliard soʻmlik tibbiy uskunalar keltirilgan. Ular orasida tashxis hamda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishda foydalaniladigan, respublikada sanoqli hisoblangan zamonaviy apparatlar bor.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida oʻtkazilgan salomatlik aksiyasi doirasidagi murakkab jarrohlik operatsiyalarini oʻtkazishda aynan mana shu zamonaviy tibbiy uskunalardan samarali foydalanilmoqda.
Salomatlik aksiyasi doirasida poytaxtdagi nufuzli tibbiyot muassasalaridan 80 nafardan ortiq malakali mutaxassis viloyatga keldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda respublikaning 18 ta ixtisoslashgan markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali hamda viloyat tibbiyot muassasalari xodimlaridan iborat ishchi guruh aholining ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatga muhtoj qatlami hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun olis hududlardagi 20 mingdan ortiq aholi xonadoniga borib, 35 ming kishini tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi. Bu fuqarolarning 29 ming nafariga ambulator sharoitda, 2400 nafariga tuman va shahar hamda 800 nafariga viloyat tibbiyot muassasalarida, 150 nafariga respublika tibbiyot muassasalarida statsionar davolanish uchun tavsiyalar berildi. 420 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
Bugun Surxondaryoda respublikadagi 13 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 8 ta filiali faoliyat koʻrsatyapti. Salomatlik aksiyasi doirasida viloyat tibbiyot muassasalari xodimlari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislari bilan hamkorlikda 130 nafar bemorga yurak-qon tomirida rentgen ostida yirik boʻgʻimlarni total endoprotezlash, aorta koronar shuntlar amaliyoti, qorinchalararo devorlar defekti plastikasi, yuqori lab, qattiq va yumshoq tanglay anomaliyalarining ikki tomonlama xeyloplastikasi, veloplastika, qorinoldi devorini tikish alloplastikasi, operatsiyadan keyingi churra geniolaparatomiyasi, katarakta fakoemulsifikatsiyasi, toʻr parda lazerkoagulyatsiyasi, kombinatsion flebektomiya, laparosikopik xolesistoektomiya, oʻpka arteriyalari stenozini korreksiya qilish kabi murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi. Ushbu jarayon uchun mahalliy byudjetdan 1 milliard 666 million soʻm ajratilib, asosan endoprotezlash va stendlash jarrohlik amaliyotining sarflov materiallari uchun sarflandi.
— Poytaxtdan kelgan tibbiyot xodimlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida aholining ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatga muhtoj qatlami hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni davolayapmiz. Mutaxassis sifatida aytmoqchimanki, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi neyroxirurgiya boʻlimi jarrohlik blokida bosh miyaning murakkab operatsiyasini bajarish uchun zamonaviy mikroskop va apparatlar, shuningdek, boshqa barcha qulayliklar mavjudligiga amin boʻldim. Bu esa mutaxassislarga har qanday murakkab operatsiyalarni tez va sifatli bajarishga imkon yaratadi, — dedi Sogʻliqni saqlash vazirligining birlamchi tibbiy profilaktika yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Avazbek Usmonov.
Sherobod tumanidagi “Gʻurjak” mahallasida yashovchi 44 yoshli Mavluda Abdullayevaning bosh miyasida murakkab operatsiya muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
— Anchadan beri boshimdagi ogʻriq tinchimni buzgandi. Mahalliy doʻxtirlarga aytganimda miyamda oʻsimta paydo boʻlganini eshitib koʻzimga dunyo qorongʻi koʻrinib ketgandi, — deydi Mavluda Abdullayeva. — Uzoq yashashga umidim ham soʻngandi. Bu orada oʻlib-netib qolsam, ikki norasida bolam kimlarning qoʻlida qolib ketadi, degan oʻy battar dardimni ogʻirlashtirdi. Murakkab operatsiyani oʻtkazishga ham, Toshkentga borishga ham pulim yoʻq edi. Chunki dori-darmon olaverib, bor bisotimizni sarflab boʻlgandik. Mahalliy shifokorlar aksiya doirasida poytaxtdan kelgan tajribali neyroxirurglar operatsiya qilishini aytganda xursandligimdan koʻzimdan yosh toʻxtamadi. Hayot, yashash qanchalik shirin. Meni respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali neyroxirurglari Marsel Burnashev va Ravshan Yoʻldoshev mahalliy vrachlar bilan birga ikki soat operatsiya qildi. Hozir sogʻligʻim yaxshi, oʻzimni juda tetik his etyapman. Buning uchun shifokorlarga, sogʻliqni saqlash vazirligiga, shaxsan Prezidentimizga rahmat! Dunyo turguncha sogʻ-omon boʻlishsin.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo hududiy filialida ham poytaxtdan kelgan mahoratli shifokorlar bilan birga mahalliy mutaxassislar yuragi xasta, “Temir daftar”ga kiritilgan, ehtiyojmand oilalar vakillari dardiga malham boʻldi.
— Uzun tumanining “Qorashiq” mahallasida yashayman, — deydi Abduxalil Qurbonov. — Yoshim ham bir joyga borib qolgan, yurak xastaligi besh yildan buyon xuruj qiladi, odamlarga qoʻshilolmay qolganimga ancha boʻldi. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Baxtiyor Otamurodov boshliq shifokorlar yurak ishemik kasalligi va gipertoniyaga yoʻliqqanimni aniqlab, murakkab operatsiyani oʻtkazishdi. Oʻzimni hayotga qayta kelgandek his etyapman. Koʻzimga shifokorlar najot farishtasidek koʻrinyapti.
Viloyat perinatal markazi ginekologiya boʻlimida kuniga 4-5 nafardan ayollar turli ginekologik kasalliklar boʻyicha operatsiya qilindi. Jarrohlik amaliyotining aksariyati loporoskopik usulda oʻtkazilmoqda. Bu esa bemorlarning uzogʻi bilan uch kunda oyoqqa turib ketishiga zamin yaratadi.
— Bu dunyoda farzandsizlikday ogʻir dard yoʻq, — deydi shoʻrchilik Umida Yoʻldosheva. — Turmush oʻrtogʻim bilan koʻp yillardan buyon farzand kutib yashayapmiz. Bolang boʻlmasa ikki odamning orasiga qoʻshilolmas ekansan. Oʻzbekchilik, darrov farzandingiz nechta deb soʻrashadi... Bu savolga javob aytolmay, baʼzan dunyo koʻzimga qorongʻi koʻrinardi. Poytaxtlik mutaxassislar jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi, farzandlik boʻlishimga ishontirishdi. Nasib boʻlsa, oʻgʻillik yoki qizlik boʻlsak, ismini Najot qoʻyamiz.
Sherobod tumanidan kelgan Qahramon Nortojiyev turmush oʻrtogʻi va uch farzandi bilan olis “Navbur” qishlogʻida istiqomat qiladi. Ishsizligi uchun roʻzgʻorida yetishmovchilik koʻp, “Temir daftar”ga kiritilgan. Shifokorlar Qahramon Nortojiyevning yetti yoshli oʻgʻli Umarjonning boshida onkologik oʻsimta paydo boʻlganini aniqlaganiga ancha boʻlgan. Biroq nochor otaning bolasini davolatishga imkoniyati yetmagan. Kasal kasal emas, kasal boqqan kasal, deganlaridek, oʻgʻlini har koʻrganda otaning yuragi orqaga tortib ketardi. Puli yoʻqligi tufayli bolasini davolatmaganidan yosh boshiga erta oq tushgan. Nihoyat iltijosi ijobat boʻldi. Poytaxtdan kelgan shifokorlar Umarjon Nortojiyevning boshidagi oʻsimtani jarrohlik yoʻli bilan bartaraf etdi. Oila aʼzolarining, ayniqsa, otaning quvonchi cheksiz.
Salomatlik aksiyasi doirasida poytaxtlik va mahalliy mutaxassislar Termiz shahridagi “Tuproqqoʻrgʻon” mahallasida yashovchi Fayina Murtazinaning xonadonida ham boʻldi. Onaxon bir necha yillardan buyon chap chanoq son boʻgʻinining koksartroz kasalligiga duchor boʻlganini va uning ogʻriqli azobidan qiynalayotganini yigʻlab aytdi. Respublika ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining oʻtkir jarohatlar boʻlimi katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori Esondavlat Shukurov onaxonning barcha tahlilini koʻzdan kechirib, operatsiya oʻtkazish hamda sunʼiy boʻgʻim (endoprotez) qoʻyish zarurligini aytdi. Bu muolaja imtiyozli oʻtkazilishini ham taʼkidladi. Bu xabarni eshitgan onaxon koʻzlarida quvonch yoshi bilan davlatimiz rahbari va barcha shifokorlarga minnatdorlik bildirdi.
Xulosa oʻrnida aytish kerakki, salomatlik aksiyasi doirasida qanchadan-qancha bemorlarning dardiga malham topilib, shifokorlar xalqimizning roziligiga musharraf boʻlishdi, desak sira mubolagʻa boʻlmaydi.
Usmonali NORMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri