Yurt va millatga muhabbat oʻzlikka sadoqatdan kuch oladi

    Vatanparvarlik insonni yuksaltiruvchi, kuch-quvvat baxsh etuvchi buyuk fazilat. Ichki tugʻyon, qalb ovozi bilan “Turonim, sendan ayrilmoq — mening uchun oʻlimim, sening uchun oʻlmoq — mening tirikligimdir”, deb yozgan edi Fitrat.

    Vatanparvarlik insonning avlod-ajdodlariga, or-nomusiga, millatiga chuqur ehtiromi, vijdoniga, burchiga sodiqligidir. Yana inson siyratiga qoʻshib yaratilgan oliy tuygʻuki, u oʻzlikka sadoqatdan kuch oladi, yuksaladi.

    Bugun marrani baland olgan xalqimiz shunday olijanob tuygʻular bilan yorugʻ manzillarga intilmoqda. Amalga oshirilayotgan har bir ezgu ish aynan Vatanga daxldorlik, oʻz taqdirini yurt taqdiri bilan bir butun deb bilgan yurtdoshlarimiz koʻnglidan quvvat olmoqda. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz “Elga qoʻshulgʻon esh topti” deya yozganlarida aynan shu haqiqatni madh etgan boʻlsa, ne ajab.

    Keyingi yillarda mamlakatimizdagi yangilanishlar va taraqqiyot shiddatidan dunyo hayratlanayotgani, jahon maydonida yangi Oʻzbekiston degan davlat mustahkam maqomga ega boʻlgani – bor gap. Barcha soha va tarmoqlar islohotga yuz tutdi. Eng muhimi, odamlar tafakkuri oʻzgardi, hayotga muhabbati oshdi, bugungidan rozilik, ertangi farovon hayotiga yuksak umid uygʻondi. Davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyatini anglab yetgan yurtdoshlarimiz esa ana shu ezgu ishlarga hissa qoʻshish ishtiyoqi bilan yashamoqda, el yumushiga yeng shimarmoqda. Buning zamirida chinakam vatanparvarlik borligi yaqqol ayondir. Bu ulugʻvor tuygʻu ona tuproq himoyasi, uning shaʼnu shavkati yoʻlida oʻz manfaatini chetga surib, umummanfaat uchun nimadir uddalay olish, el-yurt uchun betaʼma va beminnat yaxshilik qilishga qodir boʻlishgina emas, shirin jonini fido qilish degani, emasmi?!

    Oʻquvchilariga atab sinfga kitob tashiyotgan oʻqituvchi, tunda chaqirsangiz ham hozir boʻlayotgan shifokor, mijja qoqmay sarhadlarimizni qoʻriqlayotgan askar, hasharda yeng shimargan mahalladosh, saharda tandirdan non uzayotgan novvoy – barchasi vatanparvarlikning eng goʻzal chizgilaridir.

    Mamlakatga, fuqarolikka, milliy tilga, anʼana va urf-odatlarga xos boʻlgan hissiy munosabat, Vatan gʻururi, uning qudrati, muvaffaqiyati, madaniyati bilan faxrlanish, tarixi, nufuzi, anʼanalarini saqlab qolishga intilish ham jadidlikning bir koʻrinishidir. Aynan shu ulugʻvor tuygʻu qudratidan xalq bir butun, bir tanu bir jon boʻladi. Demak, Vatan sizu men – bizdan boshlanadi.

    Tarixga nazar tashlasak, bugungi yosh avlod uchun chinakam vatanparvarlik timsoliga aylangan siymolar hayoti, ularning Vatan va el shaʼni, qudrati, tinchligi, maʼrifati, maʼnaviyati yoʻlida koʻrsatgan ulkan fidoyiliklari xotiramizda qayta-qayta jonlanadi.

    Buyuk bobolarimiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Mirzo Boburlar, maʼrifatparvar jadidlar Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniylar timsolida Vatan uchun shirin joni, bilim va salohiyati baxshida boʻlgan zotlarning milliy oʻzlikka muhabbati va sadoqati bizga oʻtmish ibratidir. Aynan yangicha qarashlari, vatanparvarligi uchun beayov tazyiqqa uchragan, olis Sibir oʻlkasida “Vatan!» deya qon yutgan Usmon Nosirni, maʼrifatsizlik va adolatsizlikka qarshi ruhiy isyon koʻtara olgan Abdulla Qodiriyni uygʻotgan, ularning nomini mangu ardoqli qilgan qadriyat ham vatanparvarlik edi.

    Ana shu Vatan tuygʻusi tufayli inson oʻzi yashaydigan uyni, oʻzi yashaydigan mahallani, shaharu qishloqni, Vatanni sevadi, uni obod qiladi, uning shaʼnini ulugʻlaydi, himoya qiladi.

    Bugun yangi Oʻzbekistonning yangi davrini yaratayotgan ekanmiz, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga vatanparvarlik tuygʻusini singdirish, unga munosib farzand boʻlishni oliy maqsad, deb bilgan yuksak salohiyatli, asl yurtsevar avlodni, buyuk ajdodlar davomchilarini tarbiyalash – ulugʻvor ahdimiz. Bu esa faqat taʼlim muassasasida emas, balki oilada, mahallada, butun jamiyat ichida ado etiladigan olijanob vazifa.

    Ayni paytda birgina Fargʻona davlat universitetida yuzdan ortiq jahon chempionlari, xalqaro tanlov va ilmiy anjumanlar sovrindori boʻlgan lider yoshlar Vatan berayotgan imkoniyat va eʼtiborga oʻz fuqarolik pozitsiyasi, sogʻlom tafakkuri, ilm-fan, sport, sanʼat, ijodda erishayotgan yutuqlari bilan javob qaytarmoqda. Bu ona yurt oldidagi sharafli masʼuliyatni his etish demakdir.

    Biz Vatan bayrogʻini baland tutgan oʻgʻlonlar, yurt tinchligi uchun jon fido qilgan bahodirlar, xalqning maʼnaviyati va maʼrifati rivojiga payvasta boʻlgan fidoyilardan kuch olamiz.

    Anglashiladiki, vatanparvar xalq, yurtsevar avlod oʻz-oʻzidan shakllanmaydi. Qonida oqayotgan bobomeros xislatlar bilan birga, bugungi milliy-maʼnaviy tarbiya, bugungi namuna va ibrat ularni kamolga yetkazadi. Zotan, Oʻzbekistonning yangi davrini ham ana shunday vatanparvarlar yaratayotgani ayni haqiqatdir.

    Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

    pedagogika fanlari doktori,

    professor