Sevimli adibimiz Abdulla Qahhorning “Sinchalak” asari qahramonini kitobxonlar yaxshi biladi. Biz hikoya qilmoqchi bo'lgan qiz ham o'sha qahramonga juda o'xshaydi. Jussasi kichik, ammo zimmasiga ulkan vazifa olgan va tinib-tinchimaydiganlardan xilidan.
Muxlisa Mamajonova Namangan viloyatining Uchqo'rg'on tumanida tug'ilgan. 22-bahorini qarshilamoqda. Oilada to'ng'ich farzand. 2015-yilda Namangan davlat universiteti huzuridagi 2-akademik litseyiga o'qishga kirib, muvaffaqiyatli tamomlagan. So'ngra 2018-yilda “Oxford Brookers”ning “International school of finance and technology” nodavlat ta'lim muassasasida bilimini oshirgan. Hozirda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 4-bosqich talabasi. Onasi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimi, otasi tadbirkorlik bilan band.
U mamlakatimizdagi yoshlar tashkilotining yetakchi a'zolaridan. Jurnalistika va PR sohasi hamda jamoat ishlaridagi faolligi, tashabbuskorligi, tashkilotchiligi, talabchanligi, namunali xulqi, samimiy muomalasi bilan tengdoshlari va jamoatchilik o'rtasida alohida hurmatga sazovor. Namunali intizomi, ziyrakligi, ishchanligi va berilgan topshiriqlarga mas'uliyat va vijdonan yondashishi bilan ajralib turadi. Jamoatchilik uning ustuvor yo'nalishiga aylangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi va matbuot kotibi. Qolaversa, Prezident ta'lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamda “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat tashkiloti ham axborot xizmati rahbari lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda.
Xalqaro va respublika miqyosidagi ko'plab ijtimoiy-siyosiy tadbirlarda, anjumanlar va konferensiyalarda faol qatnashadi. “Respublika lider qizlar” festivali g'olibasi va “Qizlar ovozi” III Pespublika forumi ishtirokchisi. Keyingi to'rt yil davomida AQSH, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Polsha kabi yigirmadan ortiq davlat tomonidan o'tkazilgan turli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va tanlovlarda qatnashib, qirqqa yaqin xalqaro sertifikat va diplomlarni qo'lga kiritgan.
Xususan, 2022-yil 11-16-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Yoshlar va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan “ICYF Media training for young journalists” xalqaro sammitida O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida qilgan taqdimoti bilan qirqdan ziyod davlat ekspertlari e'tirofini qozondi va ikkita xalqaro sertifikat oldi. Muxlisaning erishgan yutuqlari talaygina. 2020-yilda Qozog'istonning “Bobek” umummilliy harakati uyushtirgan “Yil talabasi” hamda 2021-yilda “MDHning eng yosh olimasi” tanlovlarida 1-o'rinni egallab, oltin medal va diplom bilan rag'batlantirildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati a'zosi sifatida 2020-2021-yillarda hududlarda yoshlarga oid davlat siyosati targ'ibotini va Harakatning ish rejasida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini ta'minlashda, shuningdek, “COVID-19” pandemiyasi davrida “Yurakdan yurakka” xayriya aksiyalarini tashkillashtirishda salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Imkoniyati cheklangan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj yoshlar qatlami va kam ta'minlangan ayollar bilan ochiq muloqotlar qurib, ularning taklif va muammolarini o'rgandi.
- Iqtidorli qizimiz davlat rahbari nazariga tushganlardan biri. 2021-yil 18-19-fevral kunlari Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi chog'ida Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida matbuot xizmatlari xodimlari malakasini chet ellarda oshirib borish tizimini yo'lga qo'yishga doir taklifini bildirganida Yurtboshimiz to'liq qo'llab-quvvatladi, - deydi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov. - Shunga asosan, bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg'armasi tarafidan Namangandagi davlat boshqaruvi organlarida ishlayotgan bir guruh matbuot kotiblarini Buyuk Britaniyaning Nottingem shahridagi nufuzli “Nottingham Trent” universitetiga joriy yil mart oyida malakaga oshirishga yuborish choralari ko'rilmoqda.
Muxlisa ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ancha faol. 2019-2022-yillarda O'zbekistonning turli telekanallarida efirga uzatilgan va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ'ib qilingan “Xalqaro press klub”, “Harakat va natija”, “#ParlamentMuxlisi”, “FAQ” kabi ko'rsatuvlarni tayyorlagan. Hozir ham telelavha va reportajlar orqali chiqishlar qilib turadi. “Yangi O'zbekiston”, “Ma'rifat”, “Yorqin hayot”, “Yosh kuch” singari gazeta va jurnallar hamda qator veb-saytlarda muntazam ravishda maqolalari chop etiladi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarovaning fikricha, Muxlisa Muzaffar qizi har doim jamoat yumushlarida hozir-u nozir. Vatan kelajagiga daxldor bo'lib, jamiyat muammolariga yechim izlash, gender tenglik, inklyuziv ta'lim tamoyillari targ'ibotida, yoshlar muammolarini tahlil qilish va ilmiy-tadqiqot jarayonlarida tun-u kun izlanadi. “Zamin” xalqaro fondi homiyligida o'tgan yil noyabr oyida “ECO-IT” ta'lim oromgohini tashkil qilishdagi jonbozligi uchun Fondning maxsus sertifikati bilan taqdirlandi. Soha mutaxassislari bilan hamkorlikda “Raqamli avlod” o'quv-tadqiqot laboratoriyasini ochib, zaif eshituvchi bolalarga mo'ljallangan inklyuziv metodika yaratish loyihasini ko'ngildagidek bajardi.
Muxlisaning samarali mehnatlari inobatga olinib, 2021-yil “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko'krak nishoni topshirildi. 2022-2023-o'quv yili uchun Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi. Adabiyotning she'riyat yo'nalishida ham ijod qiladi. “Kapalakjon, kapalak” nomli she'riy to'plami chop etilgan. Ayni damda ingliz tilini chuqur o'zlashtirmoqda, yana ispan va turkchaga qiziqishi baland. 2022-yili ingliz tili bo'yicha test natijasi – IELTS baholash mezonida 6,5 ball ko'rsatkichga ega bo'ldi, xalqaro TESOL/TEFL sertifikatini oldi.
Darvoqe, u haqda yangi xushxabarlari bor. Yaqinda Buyuk Britaniyaning Lecter universiteti (University of Leicester)ning Xalqaro munosabatlar magistri dasturiga bir yillik o'qishga qabul qilindi. Bundan tashqari, “Top 100”talikdagi Buyuk Britaniyaning Glasgow universiteti magistraturasi talabasi bo'ldi. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Prezident farmoniga muvofiq, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan Muxlisa Mamajonova poytaxtdan qaytib, mamnun holda biz bilan taassurotlarini o'rtoqlashdi:
- Yuksak mukofotni shaxsan Prezidentimizdan qabul qilib olayotganimda men bilan biroz suhbatlashib, shunday ta'kidladi: “Qizim, universitetingizni katta umidlar bilan tashkil qilganmiz. Men OAVga, jurnalistlarga katta kuch sifatida qarayman, chunki jamiyat rivojiga hissa qo'shuvchi muhim bo'g'indir. Shu sababli ularga har jihatdan erkinlik va sharoitlar yaratish harakatidaman. Siz ham xorijda o'qib kelib, yurtimiz jurnalistikasi taraqqiyoti uchun astoydil xizmat qiling. Sizga ishonaman! Vatanimizga sizdek kadrni tarbiyalab berishgani uchun ota-onangizga nomimdan rahmat aytib qo'ying...”. Bu haroratli, quvonchli so'zlarni hayajon va diqqat-e'tibor bilan eshitarkanman, yelkamdagi mas'uliyat o'ylaganimdan-da yuqori ekanligini his etdim. Yurtboshimiz ishonchini oqlashga bor vujudim bilan intilaman, jamiki salohiyatimni ishga solaman. Qalbimni adoqsiz hayrat va iftixor tuyg'usi chulg'agani rost. Ha, hech bir mehnat izsiz ketmaydi, albatta. Fursatdan foydalanib, kaminani qo'llab-quvvatlagan barchaga, ayniqsa, ustozlarimga minnatdorlik ila cheksiz tashakkurimni yo'llamoqchiman.
Orifjon JO'RAYEV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri