Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Hindistonning “Integral” universiteti rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda koʻplab xorijiy oliy taʼlim muassasalari Oʻzbekistonga katta qiziqish bildirib, yurtimizda oʻz filiallarini ochish istagini bildirmoqda.

Hindistonda yuqori nufuzga ega “Integral” universiteti rahbariyati ana shu maqsadda yurtimizda mehmon boʻlib turibdi. AKT vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Integral” universiteti vakillari yurtimizda oʻz filialini ochish istagini bildirib, taqdimot oʻtkazdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda mehmonlar IT-mutaxassislar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari bilan tanishtirildi.

Shu bilan birga, tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekistonda IT-taʼlimni rivojlantirishga oid Hindiston tomonini qiziqtirgan masalalar yuzasidan maʼlumot berildi.