Yurtimizda “Notariuslardan huquqiy bilimlar” aksiyasi oʻtkazilmoqda

    Mamlakatimizda 21 Fevral 2023 993

    20-fevral kuni Oʻzbekiston Notarial palatasi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan eʼlon qilingan ikki kunlik “Notariuslardan bepul huquqiy maslahatlar” aksiyasi start berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNt va fuqarolik institutlarining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi grant loyihasi doirasida, “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan ushbu aksiya respublikamizning barcha mahallalarini qamrab oladi. Ushbu tadbirlarda 500 nafardan ziyod xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar aholiga “Vorislik huquqi” mavzusida bepul huquqiy konsultatsiyalar bermoqdalar. Mahalla fuqarolar yigʻinlari binolarida fuqarolarga qonun talab etgan notarial tartibda sayyor xizmat koʻrsatilmoqda.

    Kecha Surxondaryo viloyatida boshlangan aksiya tadbirlari bugun Termiz tumani “Mahalla” markazida davom etmoqda. Bu yerga tashrif buyurgan fuqarolarga xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar Rustam Oʻroqov, Sharof Xayitov, Shavkat Xasanovlar vorislik boʻyicha tushuntirishlar berilmoqda.

    Fuqaro Sh.X. shu tumandagi mahallalardan birida istiqomat qiladi. U oʻziga tegishli mulkni farzandlariga vasiyatnoma asosida qoldirishga qaror qildi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Rustam Oʻroqov Sh.X.ga notarial maxfiylikni saqlagan holda, qonunda koʻrsatilgan talablar boʻyicha vasiyatnomani tasdiqlab berdi.

    Fuqaro B.J.ga notariuslar tomonidan qonun boʻyicha merosga boʻlgan guvohnomani rasmiylashtirib berishdi.

    Tadbirda qatnashgan yana bir fuqaro Ravshanbek Mamadaliyev tashkilotchilar tomonidan juda savobli ishga qoʻl urilgani, meros masalasi oialalarda muammoga aylanib borayotgani, bunday huquqiy targʻibot tadbirlari oilalarda nizolarning kamayishiga, manfaat va huquqlar toʻqnashuvining oldini olishga xizmat qiladi, deya taʼkidladi.