Z. Nizamxodjayev Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Э.Памфиловa bilan uchrashdi

    Saylov 15 Mart 2024 657

    Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovi kuzatuvida ishtirok etyapti.

    Joryi yil 14-martda MSK raisi Z. Nizamxodjayev va Rossiya MSK raisi E. Pamfilova oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda E. Pamfilova Prezident sayloviga tayyorgarlik va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, Rossiya Federatsiyasi saylov qonunchiligiga kiritilgan soʻnggi oʻzgartish va qoʻshimchalar, saylov kampaniyasining borishi toʻgʻrisida batafsil axborot berib oʻtdi.

    Qayd etilishicha, prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish maqsadida bir qator MSKning normativ aktlari qabul qilinib, Rossiya fuqarolariga saylov huquqlarini amalga oshirish uchun quyidagi qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilgan: ovoz berish ketma-ket uch kun (2024-yil 15, 16 va 17-mart kunlari) davomida amalga oshiriladi; ovoz berish uchun zarur binolar mavjud boʻlmagan va transport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan aholi yashash punktlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun sayyor ovoz berish markazlari tashkil qilingan; 29 ta hududlarda anʼanaviy ovoz berish bilan bir qatorda masofaviy elektron ovoz berish imkoniyatlari yaratilgan.

    Uchrashuv qatnashchilariga saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida ham axborot berildi. Shu maqsadda, internet axborot-telekommunikatsiya tarmogʻidan foydalangan holda real vaqt rejimida saylov uchastkalari va hududiy saylov komissiyalari faoliyati videotranslyatsiyaga uzatiladi.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston MSK raisi Z. Nizamxodjayev saylovga tayyorgarlik jarayoni yuqori saviyada tashkil etilganligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Markaziy saylov komissiyasining ochiqligi va uning xalqaro kuzatuvchilar faoliyatiga koʻmaklashishga tayyorligi, fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirish, ovoz berish xavfsizligi va komissiya aʼzolarining mehnat sharoiti xavfsizligini taʼminlash, shuningdek “InformUIK” loyihasi doirasida saylovchilarning elektoral madaniyatini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadi.

    Ikki tomonlama hamkorlik masalalariga toʻxtalar ekan, Z. Nizamxodjayev aloqalar jadal rivojlanayotganligini alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi MSK va Rossiya Federatsiyasi MSK oʻrtasida 2006-yilda imzolangan hamkorlik va huquqiy axborot almashinuvi toʻgʻrisidagi Protokol doirasida saylov sohasidagi oʻzaro hamkorlik bilan bir qatorda faol sherikchilik aloqalari ham yoʻlga qoʻyilganligi, shuningdek Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi, Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi va MDHga aʼzo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahatlashuv kengashi kabi xalqaro assotsiatsiyalardagi birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisida ham aytib oʻtdi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.