Shunday boʻlsa-da, Amir Temur faoliyatini toʻliq aks ettiruvchi, Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy qalamiga mansub “Zafarnoma”lar tadqiqotchilar uchun asosiy manba boʻlib qolmoqda. Chunki ularda real tarixiy voqealar aks etgan.
Amir Temur shaxsiyati
doston, qissa va nazmiy asarlarda rivoyatlarga oʻrab talqin qilingani xususida koʻplab
misollar keltirish mumkin. Nizomiy taxallusli oʻrta asr muallifining XIX asr boshlarida
koʻchirilgan “Qissai Amir Temur”, Mirza Rumuzning 1712 yilda yozilgan “Temurnoma”,
Sayyid Muhammadxoʻjaning 1887 yilda koʻchirilgan “Dostoni Amir Temur”, Mullo Salohiddin
Toshkandiyning 1908 yilda toshbosma usulida chop etilgan “Temurnoma” asarlari shular
jumlasidan. Ularda Amir Temur shaxsiyati baʼzan afsonaviy qahramonlardek tasvirlangan.
Yuqorida tilga olingan
ikki muallif, yaʼni Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”lari
bir-biridan qoʻlyozma nusxalar soni, tarqalish geografiyasi va oʻrta asr mualliflari
hamda tadqiqotchilar tomonidan istifoda etish darajasi bilan farqlanadi.
Sharafuddin Ali Yazdiy
“Zafarnoma”sining dunyo boʻylab tarqalgan qoʻlyozma nusxalari umumiy soni bugungi
kunda taxminan 100 dan ortiq. Eng qadimgi qoʻlyozma nusxalari
Sankt-Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasi, Rossiya FA Sharq qoʻlyozmalari
institutida saqlanadi. Shuningdek, Tehron, Mashhad kutubxonalari, Britaniya
muzeyi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Istanbuldagi Nuri Usmoniya kutubxonasi,
Garvard badiiy muzeyi, OʻzFA Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan
qoʻlyozma nusxalar tarixiy, badiiy, axborot qimmati yuqoriligi bilan Amir Temur faoliyatini oʻrganish uchun
muhim manba hisoblanadi. Bu asarning turli davrlarda koʻchirilgan 30 ga yaqin
qoʻlyozmasi bugungi kunda OʻzFA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.
Xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan va hali kataloglashtirilmagan nusxalari
ham bor.
Amir Temurga
bagʻishlab yozilgan koʻplab qoʻlyozma asarlar borligiga qaramay, jahon, jumladan,
oʻzbek temurshunosligida Ali Yazdiyning Amir Temur vafotidan 20 yil keyin
yozilgan “Zafarnoma”siga nisbatan ustuvorlik beriladi. Nega shunday? Vaholanki,
Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”si Amir Temur hayotlik paytida yozilib, Sohibqiron
nazaridan oʻtgan va u boshqa koʻplab asarlarga manba boʻlib xizmat qilgan. Gap
shundaki, Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”si nusxalari Ali Yazdiy “Zafarnoma”siga
nisbatan kam saqlangan va bizgacha bor-yoʻgʻi ikki nusxada yetib kelgan. Biri
Istanbuldagi Nuri Usmoniya kutubxonasida, ikkinchisi Londondagi Britaniya
muzeyida saqlanadi. Istanbul nusxasi 1425-yilda, London nusxasi 1434-yilda
koʻchirilgan.
Har ikkala “Zafarnoma” oʻrtasida mushtaraklik va oʻziga xoslik mavjud.
Muayyan voqealar bayonida ular bir-birini takrorlasa-da, yaxlit olganda,
bir-biridan mustaqil asarlardir. Shomiy “Zafarnoma”si Hofizi Abruning asarga
yozgan muqaddima va ilovasi bilan birga 120 bob va 646 sahifani tashkil qilsa, Ali Yazdiy “Zafarnoma”si
muqaddima, xotima, 329 bob va 637 sahifadan iborat. Demak, Ali Yazdiy
“Zafarnoma”sining boblar boʻyicha ustuvorligi asar voqealari batafsilligini,
tasvirlarning detallashtirilishini taʼminlagan deyish mumkin. Masalan, Shomiy
Amir Temurning ona avlodi xususida bir soʻz ham aytmagan, Ali Yazdiy esa asar
boshidayoq Sohibqironning volidasi nomini tilga olib, Takina Xotun ekanini
taʼkidlaydi.
Nizomiddin Shomiy
“loy jangi” iborasini mutlaqo ishlatmagan. Bu voqea tafsilotlarini muallif
1360-yil (kuni hozirgi hisobda 16-iyun) bilan belgilaydi va shu kuni kuchli yomgʻir
yoqqanini yozadi. Ali Yazdiy “loy jangi” iborasini ishlatish barobarida,
Shomiydan farqli oʻlaroq, jang sanasini javzo mavsumiga nisbat berib, 1365-yil
(hozirgi hisobda 21-may bilan 21-iyun oraligʻida) boʻlib oʻtganini qayd etadi.
Voqealarni
tasvirlashda har ikki asar oʻrtasidagi bunday farqlarni yana kuzatish mumkin.
Lekin har ikkala asarda ham Amir Temurni ulugʻlash, buyukligini eʼtirof etish
gʻoyasi bayon etilayotgan voqea-hodisalar mazmuniga singdirilgan.
Nizomiddin Shomiy
“Zafarnoma”si asarga murojaat qilish darajasi bilan Ali Yazdiynikiga nisbatan
quyiroqda turadi. Tarqalish geografiyasi torligi oqibatida yuzaga kelgan tadqiq
qilish imkoniyati cheklagani asarga murojaat qiluvchilar soni qisqarishiga olib
kelgan. Movarounnahr oʻrta asr mualliflari Nizomiddin Shomiyga deyarli murojaat
etishmagan. Ali Yazdiy “Zafarnoma”si esa temuriylardan keyingi oʻrta asr
mualliflari uchun dasturulamal boʻlib xizmat qilgan.
Ali Yazdiy
“Zafarnoma”siga birinchi boʻlib murojaat qilgan, unga baho bergan oʻrta asr muallifi
Abdurazzoq Samarqandiy hisoblanadi. U “Matlai saʼdayn va majmuai bahrayn”
(“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qoʻshilish joyi”) asarida
Ali Yazdiy va uning “Zafarnoma”sini bir necha bor tilga oladi.
Hofiz Tanish
Buxoriy “Sharafnomayi shohiy” (“Abdullanoma”)ni yozishda (XVI asr) Ali Yazdiy
“Zafarnoma”sidan foydalangan va muallifni hurmat bilan “mavlono” deb tilga
olgan. Tugʻluq Temurning nasl-nasabi bayonida soʻz yuritganda, Ali Yazdiy va
uning asarini ehtirom bilan eslab oʻtadi: “Uning (Tugʻluq Temurning) nasabi
zamonning sharafi va jahonning eng latifi mavlono Sharafuddin Ali Yazdiyning
(kitobi) “Zafarnoma” muqaddimasida sharh qilingandi”.
Ali Yazdiy
“Zafarnoma”si XVIII asrda ham oʻrta asr mualliflari eʼtiborida boʻlganini
nomaʼlum xattot tomonidan “Nusxayi Amir Temuriy” nomi bilan 1792-yil Buxoroda
taʼlif etilgan qoʻlyozma orqali bilish mumkin. Sharqshunos olim B.Qazoqovning
(1936-2014) aniqlashicha, ushbu qoʻlyozma Sharafuddin Ali Yazdiy, Hofizi Abru,
Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Hofiz Tanish Buxoriy kabi muarrixlar
asarlaridan olingan maʼlumotlardan iborat boʻlib, unga “Nusxayi Amir Temuriy”
nomi bilan tartib berilgan va muallif sifatida Sharafuddin Ali Yazdiy nomi qayd
etilgan. Bu asar Amir Temur tarixi bilan birga XV asr boshlarida
Movarounnahrdan tashqari hududlar, jumladan, Kavkazorti, Volgaboʻyining
ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida ham bahs yuritadi.
“Zafarnoma”larni
ilmiy oʻrganish, ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash, faksimile nusxalarini
eʼlon qilish Yevropada boshlandi. Ali Yazdiy “Zafarnoma”si qoʻlyozma
nusxalaridan birining taqdiri xususida “OʻzFA Sharq qoʻlyozmalari toʻplami”da
qiziq bir maʼlumotga duch kelamiz. Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining 1629-yil
Samarqandda koʻchirilgan 12 ta miniatyuradan iborat chiroyli qoʻlyozma nusxasi
aslida Qoʻqon xoni Xudoyorxon xazinasiga tegishli boʻlgan. Ushbu qoʻlyozma
1897-yil Parijga, Jahon koʻrgazmasiga yuboriladi. Qoʻlyozma egasiga 300 tilla
rubl taklif qilingan boʻlishiga qaramay, u sotilmagan. Qoʻlyozma Toshkent
shahri Shayxontohur dahasi qozisi Eshonxon Muhiddinxoʻja qoʻliga kelib tushadi.
Uning vafotidan soʻng vorislaridan biri, yaʼni Nasriddin Norxoʻja 1939-yil
qoʻlyozmani oʻzaro kelishuv asosida Toshkent ommaviy kutubxonasiga
(Tashkentskaya publichnaya biblioteka) sotadi. Diniy ilmlar bilimdoni boʻlgan
muftiy Nasriddin Norxoʻja keyinchalik OʻzFA Sharqshunoslik instituti ilmiy
xodimi lavozimida faoliyat koʻrsatib, 1958-yilda vafot etgan.
Har ikki muallif “Zafarnoma”lari asosida Yevropada Klavixo, Pyetro
Perondino de Prato, Sansha, Ivanin, Bartold, Jan-Pol Ru, Garold Lemb va koʻplab
boshqa tadqiqotchilar Amir Temur faoliyatini oʻrgangan. Ali Yazdiy
“Zafarnoma”siga koʻp murojaat qilgan sharqshunoslardan biri V.V.Bartolddir. U
1918-yil eʼlon qilgan “Ulugbek i yego vremya” (“Ulugʻbek va uning zamonasi”)
asarini yozishda qator qoʻlyozmalar, jumladan, Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidan ham
foydalangan. Shu bilan birga, ayrim masalalarga aniqlik kiritishda Nizomiddin
Shomiy “Zafarnoma”siga murojaat qilgan. Bartold Yevropaga ilmiy safari davrida
Nizomiddin Shomiyning Britaniya muzeyida saqlanayotgan “Zafarnoma”si
qoʻlyozmasi bilan tanishadi va uni ilmiy oʻrganadi.
Nizomiddin Shomiy
“Zafarnoma”sini keng ilmiy jamoatchilik eʼtiboriga havola qilgan yevropalik
sharqshunos Feliks Tauer hisoblanadi. U 1937 va 1957-yillarda Nizomiddin
Shomiy “Zafarnoma”sining ilmiy-tanqidiy matnini ikki jildda Pragada nashr etdi.
Asarning Praga ilmiy-tanqidiy matni nashri keyingi tadqiqotlar uchun keng yoʻl
va imkoniyatlar eshigini ochdi. 1949-yil ushbu nashr asosida asar Anqarada turk
tiliga oʻgirildi. 1969-1972-yillarda OʻzFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy
xodimi Yunusxon Hakimjonov Feliks Tauer nashri asosida Nizomiddin Shomiy
“Zafarnoma”sini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Lekin oʻsha yillari Amir Temurga
munosabatga mafkuraviy tus berilishi
oqibatida bu tarjima keng ilmiy jamoatchilikka taqdim etilmadi. Lekin
sarflangan mehnat samarasiz qolib ketmadi. Atoqli sharqshunos olim A.Oʻrinboyev
rahbarligida O.Boʻriyev, H.Karomatov, A.Hakimjonovdan tashkil topgan ilmiy
jamoa Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sining avvalgi tarjimasini qayta koʻrib
chiqib, tuzatish, toʻldirish, aniqlash, koʻrsatkichlarni boyitish bilan
1996-yilda uning oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasini nashr etdi.
Ali Yazdiy
“Zafarnoma”sining oʻzbekcha tarjimasi mavjudligi borasida dastlabki
maʼlumotlarni oʻzbek maʼrifatparvari Miyon Buzruk (1891-1938) taqdim etgan. U oʻtgan
asrning 20-yillari Istanbulda boʻlgan davrida Nuri Usmoniya kutubxonasida
asarning oʻzbek tilidagi qoʻlyozmasi bilan tanishadi. Miyon Buzrukning
yozishicha, shayboniy Koʻchkunchixon buyrugʻi bilan asar Muhammadali ibn
Darveshalixon tomonidan forsiydan oʻgirilgan. Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining
tarixiy manba sifatidagi ahamiyati emas, koʻproq uning til xususiyatlari Miyon
Buzruk eʼtiborini tortgan.
Ahamiyatlisi,
Miyon Buzruk Istanbuldagi Nuri Usmoniya kutubxonasida tanishgan Ali Yazdiy
“Zafarnoma”sining qoʻlyozma nusxasini 1997-yil tabdil qilib, kengaytirilgan
soʻzboshi, ilmiy izoh va koʻrsatkichlar bilan nashr etish ikki zabardast oʻzbek
olimi Ashraf Ahmedov va Bobobek Haydarbekov zimmasiga tushdi va ular bu ishni
mukammal darajada ado etishdi.
Amir Temurga
bagʻishlangan “Zafarnoma”larni oʻrganish hamon jahon temurshunosligi eʼtiborida
boʻlib kelmoqda. Bugungi kunda Muhammad Shafi, Shiro Ando, Jon Vudz, Charl
Melvill, Ilker Evrim Binbash, J.Tulibayeva, A.Arslanova va boshqa olimlar
“Zafarnoma”larni oʻrganishni davom ettirmoqda.
Jahondagi
kutubxona, ilmiy muassasalar, tadqiqot markazlari va shaxsiy kolleksiyalarda
saqlanayotgan “Zafarnoma”lar qoʻlyozma nusxalarining umumiy soniga aniqlik
kiritish, kodikologik tahlilini amalga oshirish, matnlar kompozitsion
tuzilishini tahlil qilish temurshunoslik oldida turgan vazifalardan biridir.
Halim
TOʻRAYEV,
tarix
fanlari doktori,
BuxDU
professori