Shunday boʻlsa-da, Amir Temur faoliyatini toʻliq aks ettiruvchi, Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy qalamiga mansub “Zafarnoma”lar tadqiqotchilar uchun asosiy manba boʻlib qolmoqda. Chunki ularda real tarixiy voqealar aks etgan.

Amir Temur shaxsiyati doston, qissa va nazmiy asarlarda rivoyatlarga oʻrab talqin qilingani xususida koʻplab misollar keltirish mumkin. Nizomiy taxallusli oʻrta asr muallifining XIX asr boshlarida koʻchirilgan “Qissai Amir Temur”, Mirza Rumuzning 1712 yilda yozilgan “Temurnoma”, Sayyid Muhammadxoʻjaning 1887 yilda koʻchirilgan “Dostoni Amir Temur”, Mullo Salohiddin Toshkandiyning 1908 yilda toshbosma usulida chop etilgan “Temurnoma” asarlari shular jumlasidan. Ularda Amir Temur shaxsiyati baʼzan afsonaviy qahramonlardek tasvirlangan.

Yuqorida tilga olingan ikki muallif, yaʼni Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”lari bir-biridan qoʻlyozma nusxalar soni, tarqalish geografiyasi va oʻrta asr mualliflari hamda tadqiqotchilar tomonidan istifoda etish darajasi bilan farqlanadi.

Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining dunyo boʻylab tarqalgan qoʻlyozma nusxalari umumiy soni bugungi kunda taxminan 100 dan ortiq. Eng qadimgi qoʻlyozma nusxalari Sankt-Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasi, Rossiya FA Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanadi. Shuningdek, Tehron, Mashhad kutubxonalari, Britaniya muzeyi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Istanbuldagi Nuri Usmoniya kutubxonasi, Garvard badiiy muzeyi, OʻzFA Sharqshunoslik ins­titutida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalar tarixiy, badiiy, axborot qimmati yuqoriligi  bilan Amir Temur faoliyatini oʻrganish uchun muhim manba hisoblanadi. Bu asarning turli davrlarda koʻchirilgan 30 ga yaqin ­qoʻlyozmasi bugungi kunda OʻzFA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan va hali kataloglashtirilmagan nusxalari ham bor.

Amir Temurga bagʻishlab yozilgan koʻplab qoʻlyozma asarlar borligiga qaramay, jahon, jumladan, oʻzbek temurshunosligida Ali Yazdiyning Amir Temur vafotidan 20 yil ke­yin yozilgan “Zafarnoma”siga nisbatan ustuvorlik beriladi. Nega shunday? Vaholanki, Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”si Amir Temur hayotlik paytida yozilib, Sohibqiron nazaridan oʻtgan va u boshqa koʻplab asarlarga manba boʻlib xizmat qilgan. Gap shundaki, Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”si nusxalari Ali Yazdiy “Zafarnoma”siga nisbatan kam saqlangan va bizgacha bor-yoʻgʻi ikki nusxada yetib kelgan. Biri Istanbuldagi Nuri Usmoniya kutubxonasida, ikkinchisi ­Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi. Istanbul nusxasi 1425-yilda, London nusxasi 1434-yilda koʻchirilgan.

Har ikkala “Zafarnoma” oʻrtasida mushtaraklik va oʻziga xoslik mavjud. ­Muayyan voqealar bayonida ular bir-birini takrorlasa-da, yaxlit olganda, bir-biridan mustaqil asarlardir. Shomiy “Zafarnoma”si Hofizi Abruning asarga yozgan muqaddima va ilovasi bilan birga 120 bob va 646 sahifani  tashkil qilsa, Ali Yazdiy “Zafarnoma”si muqaddima, xotima, 329 bob va 637 sahifadan iborat. Demak, Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining boblar boʻyicha ustuvorligi asar voqealari batafsilligini, tasvirlarning detallashtirilishini taʼminlagan deyish mumkin. Masalan, Shomiy Amir Temurning ona avlodi xususida bir soʻz ham aytmagan, Ali Yazdiy esa asar boshidayoq Sohibqironning volidasi nomini tilga olib, Takina Xotun ekanini taʼkidlaydi.

Nizomiddin Shomiy “loy jangi” iborasini mutlaqo ishlatmagan. Bu voqea tafsilotlarini muallif 1360-yil (kuni hozirgi hisobda 16-iyun) bilan belgilaydi va shu kuni kuchli yomgʻir yoqqanini yozadi. Ali Yazdiy “loy jangi” iborasini ishlatish barobarida, Shomiydan farqli oʻlaroq, jang sanasini javzo mavsumiga nisbat berib, 1365-yil (hozirgi hisobda 21-may bilan 21-iyun oraligʻida) boʻlib oʻtganini qayd etadi.

Voqealarni tasvirlashda har ikki asar oʻrtasidagi bunday farqlarni yana kuzatish mumkin. Lekin har ikkala asarda ham Amir Temurni ulugʻlash, buyukligini eʼtirof etish gʻoyasi bayon etilayotgan voqea-hodisalar mazmuniga singdirilgan.

Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”si asarga murojaat qilish darajasi bilan Ali Yazdiynikiga nisbatan quyiroqda turadi. Tarqalish geografiyasi torligi oqibatida yuzaga kelgan tadqiq qilish imkoniyati cheklagani asarga murojaat qiluvchilar soni qisqarishiga olib kelgan. Movarounnahr oʻrta asr mualliflari Nizomiddin Shomiyga deyarli murojaat etishmagan. Ali Yazdiy “Zafarnoma”si esa temuriylardan keyingi oʻrta asr mualliflari uchun dasturulamal boʻlib xizmat qilgan.

Ali Yazdiy “Zafarnoma”siga birinchi boʻlib murojaat qilgan, unga baho bergan oʻrta asr muallifi Abdurazzoq Samarqandiy hisoblanadi. U “Matlai saʼdayn va maj­muai bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qoʻshilish joyi”) asarida Ali Yazdiy va uning “Zafarnoma”sini bir necha bor tilga oladi.

Hofiz Tanish Buxoriy “Sharafnomayi shohiy” (“Abdullanoma”)ni yozishda (XVI asr) Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidan foydalangan va muallifni hurmat bilan “mavlono” deb tilga olgan. Tugʻluq Temurning nasl-nasabi bayonida soʻz yuritganda, Ali Yazdiy va uning asarini ehtirom bilan eslab oʻtadi: “Uning (Tugʻluq Temurning) nasabi zamonning sharafi va jahonning eng latifi mavlono Sharafuddin Ali Yazdiyning (kitobi) “Zafarnoma” muqaddimasida sharh qilingandi”.

Ali Yazdiy “Zafarnoma”si XVIII asrda ham oʻrta asr mualliflari eʼtiborida boʻlganini nomaʼlum xattot tomonidan “Nusxayi Amir Temuriy” nomi bilan 1792-yil Buxoroda taʼlif etilgan qoʻlyozma orqali bilish mumkin. Sharqshunos olim B.Qazoqovning (1936-2014) aniqlashicha, ushbu qoʻlyozma Sharafuddin Ali Yazdiy, Hofizi Abru, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Hofiz Tanish Buxoriy kabi muarrixlar asarlaridan olingan maʼlumotlardan iborat boʻlib, unga “Nusxayi Amir Temuriy” nomi bilan tartib berilgan va muallif sifatida Sharafuddin Ali Yazdiy nomi qayd etilgan. Bu asar Amir Temur tarixi bilan birga XV asr boshlarida Movarounnahrdan tashqari hududlar, jumladan, Kavkazorti, Volgaboʻ­yining ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida ham bahs yuritadi.

“Zafarnoma”larni ilmiy oʻrganish, ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash, faksi­mile nusxalarini eʼlon qilish Yevropada bosh­landi. Ali Yazdiy “Zafarnoma”si qoʻlyozma nusxalaridan birining taqdiri xususida “OʻzFA Sharq qoʻlyozmalari toʻplami”da qiziq bir maʼlumotga duch kelamiz. Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining 1629-yil Samarqandda koʻchirilgan 12 ta miniatyuradan iborat chiroyli qoʻlyozma nusxasi aslida Qoʻqon xoni Xudoyorxon xazinasiga tegishli boʻlgan. Ushbu qoʻlyozma 1897-yil Parijga, Jahon koʻrgazmasiga yuboriladi. Qoʻlyozma egasiga 300 tilla rubl taklif qilingan boʻlishiga qaramay, u sotilmagan. Qoʻlyozma Toshkent shahri Shayxontohur dahasi qozisi Eshonxon Muhiddinxoʻja qoʻliga kelib tushadi. Uning vafotidan soʻng vorislaridan biri, yaʼni Nasriddin Norxoʻja 1939-yil qoʻlyozmani oʻzaro kelishuv asosida Toshkent ommaviy kutubxonasiga (Tashkentskaya pub­lichnaya biblioteka) sotadi. Diniy ilmlar bilimdoni boʻlgan muftiy Nasriddin Norxoʻja keyinchalik OʻzFA Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi lavozimida faoliyat koʻrsatib, 1958-yilda vafot etgan.

Har ikki muallif “Zafarnoma”lari asosida Yevropada Klavixo, Pyetro Perondino de Prato, Sansha, Ivanin, Bartold, Jan-Pol Ru, Garold Lemb va koʻplab bosh­qa tadqiqotchilar Amir Temur faoliyatini oʻrgangan. Ali Yazdiy “Zafarnoma”siga koʻp murojaat qilgan sharqshunoslardan biri V.V.Bartolddir. U 1918-yil eʼlon qilgan “Ulugbek i yego vremya” (“Ulugʻbek va uning zamonasi”) asarini yozishda qator qoʻlyozmalar, jumladan, Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidan ham foydalangan. Shu bilan birga, ayrim masalalarga aniqlik kiritishda Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”siga murojaat qilgan. Bartold Yevropaga ilmiy safari davrida Nizomiddin Shomiyning Britaniya muzeyida saqlanayotgan “Zafarnoma”si ­qoʻlyozmasi bilan tanishadi va uni ilmiy oʻrganadi.

Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sini keng ilmiy jamoatchilik eʼtiboriga ­havola qilgan yevropalik sharqshunos Feliks ­Tauer hisoblanadi. U 1937 va 1957-yillarda ­Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sining ilmiy-tanqidiy matnini ikki jildda Pragada nashr etdi. Asarning Praga ilmiy-tanqidiy matni nashri keyingi tadqiqotlar uchun keng yoʻl va imkoniyatlar eshigini ochdi. 1949-yil ushbu nashr asosida asar Anqarada turk tiliga oʻgirildi. 1969-1972-yillarda OʻzFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Yunusxon Hakimjonov Feliks Tauer nashri asosida Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Lekin oʻsha yillari Amir Temurga ­munosabatga mafkuraviy tus berilishi oqibatida bu ­tarjima keng ilmiy jamoatchilikka taqdim etilmadi. Lekin sarflangan mehnat samarasiz qolib ketmadi. Atoqli sharqshunos olim A.Oʻrinboyev rahbarligida O.Boʻriyev, H.Karomatov, A.Hakimjonovdan tashkil topgan ilmiy jamoa Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sining avvalgi tarjimasini qayta koʻrib chiqib, tuzatish, toʻldirish, aniqlash, koʻrsatkichlarni boyitish bilan 1996-yilda uning oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasini nashr etdi.

Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining oʻzbekcha tarjimasi mavjudligi borasida dastlabki maʼlumotlarni oʻzbek maʼrifatparvari Miyon Buzruk (1891-1938) taqdim etgan. U oʻtgan asrning 20-yillari Istanbulda boʻlgan davrida Nuri Usmoniya kutubxonasida asarning oʻzbek tilidagi qoʻlyozmasi bilan tanishadi. Miyon Buzrukning yozishicha, shayboniy Koʻchkunchixon buyrugʻi bilan asar Muham­madali ibn Darveshalixon tomonidan forsiydan oʻgirilgan. Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining tarixiy manba sifatidagi ahamiyati emas, koʻproq uning til xususiyatlari Miyon Buzruk eʼtiborini tortgan.

Ahamiyatlisi, Miyon Buzruk Istanbuldagi Nuri Usmoniya kutubxonasida tanishgan Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining qoʻlyozma nusxasini 1997-yil tabdil qilib, kengaytirilgan soʻzboshi, ilmiy izoh va koʻrsatkichlar bilan nashr etish ikki zabardast oʻzbek olimi Ashraf Ahmedov va Bobobek Haydarbekov zimmasiga tushdi va ular bu ishni mukammal darajada ado etishdi.

Amir Temurga bagʻishlangan “Zafarnoma”larni oʻrganish hamon jahon temurshunosligi eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Bugungi kunda Muhammad Shafi, Shiro Ando, Jon Vudz, Charl Melvill, Ilker Evrim Binbash, J.Tulibayeva, A.Arslanova va boshqa olimlar “Zafarnoma”larni oʻrganishni davom ettirmoqda.

Jahondagi kutubxona, ilmiy muassasalar, tadqiqot markazlari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan “Zafarnoma”lar qoʻlyozma nusxalarining umumiy soniga aniqlik kiritish, kodikologik tahlilini amalga oshirish, matnlar kompozitsion tuzilishini tahlil qilish temurshunoslik oldida turgan vazifalardan biridir.

Halim TOʻRAYEV,

tarix fanlari doktori,

BuxDU professori