Zafarobodda “vazirlik bogʻi” yaratildi

    “Navoiyuran” davlat korxonasi atrof-muhit muhofazasi, ekologik barqarorlik va yashil maydonlarni kengaytirish ishlariga doim oʻzining ijobiy munosabatini bildirib kelgan, bunday tashabbus va xayrli tadbirlarga bosh-qosh boʻlgan.

    Butun mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilgan “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostidagi umumxalq xayriya hashari va “Yashil makon” umummilliy loyihasida korxona va uning tarkibiy boʻlinmalari rahbariyati, muhandis-texnik xodimlari ham faol ishtirok etishdi.

    Ahamiyatlisi, uyushqoqlik bilan oʻtkazilgan uch kunlik hashar davomida Konimex tumani Zafarobod qoʻrgʻoni hududidagi 12 gektarlik maydonda “Vazirlik bogʻi” yaratildi.

    – Ushbu bogʻga uch xil koʻchatlar ekilayotgan boʻlib, ular soni – jami 12 000 ta. Shundan 500 tasi pavloniya koʻchati boʻlib, qolganlari ushbu hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos tut, gujum koʻchatlaridir, – deydi “Navoiyuran” davlat korxonasi atrof-muhit muhofazasi xizmati boshligʻi Aminjon Xayitmuratov. – Ushbu koʻchatlarni sugʻorish uchun tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan. Buning uchun 3 ta yer osti suv quduqlari burgʻulandi.

    Asosiy eʼtibor hududning iqlimiga mos, suvsizlikka chidamli, tez oʻsadigan yaproq va ignabargli daraxt koʻchatlari tanlanishiga qaratildi. Koʻchatlarni oʻtqazish barobarida koʻkalamzorlashtirilishi kerak boʻlgan yerlarni yumshatish, ortiqcha chiqindilardan tozalash ishlari ham olib borildi. Mazkur bogʻda tomchilatib sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa daraxtlarning murakkab choʻl iqlimiga moslashishini taʼminlash bilan bir qatorda suvni sezilarli darajada tejash imkonini beradi.

    “Zafarobod” kon boshqarmasi korxonaning asosiy va yirik boʻlinmalaridan biri hisoblanadi. Qoʻrgʻon aholisining katta qismi ushbu kon boshqarmasi va geotexnologik konlarda mehnat qiladi. Hududda yashil landshaft yaratilishi ushbu manzilda yashovchi ishchi-xodimlar va ularning oila aʼzolari, qolaversa, mahalla ahlining salomatligini muhofaza etish bilan birga qoʻrgʻonchani qum boʻronlaridan himoya etish imkonini ham yaratadi.

    Bogʻning Navoiy-Uchquduq A379 magistral yoʻli yoqasida – qoʻrgʻonchaning kirish qismida joylashgani har jihatdan ahamiyatlidir. Qishda sovuq, yozda issiq bilan yuzlashadigan hudud aholisi uchun “yashil belbogʻ” yaratilgan boʻlsa, yoʻlovchilarga esa oʻziga xos estetik zavq beruvchi maskanga aylanadi. Shu bilan birga, hududda ekologik muvozanat yaxshilanishida muhim oʻrin tutadi.

    “Navoiyuran” DK axborot xizmati