2021-yil oktyabr oyida davlatimiz rahbari “Zakovat” intellektual oʻyinining final bosqichiga tashrif buyurib, aql bellashuvini bevosita kuzatgan, tadbir soʻngida nutq soʻzlab, bilimdon yoshlarni qoʻllabquvvatlash, ularga sharoit yaratish uchun koʻplab tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Prezidentimizning “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ana shu tashabbuslar ijrosini taʼminlashga qaratilgan koʻplab vazifalar belgilab berildi.
Ushbu qaror oʻtgan yili boshlangan xayrli ishlarning davomi sifatida kuchimizga kuch, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshdi, zimmamizga juda katta masʼuliyat yukladi. Endi ilgarigidek ishlashga haqqimiz yoʻq. Davlat rahbarining eʼtiboriga munosib ravishda katta ishlarni qilishimiz zarur. Zimmamizda intellektual oʻyinlarga, eng avvalo, yoshlarni qiziqtirib, qamrab olish vazifasi turibdi. Maktab yoki akademik litsey oʻquvchisi boʻladimi, oliy taʼlim muassasasi talabasimi yoki uyushmagan yoshlarmi — barcha yigit-qizlarning, yosh intellektlarning ichiga kirib borishimiz, ularning iqtidori, salohiyatini yuzaga chiqarish, ilmga ragʻbatini kuchaytirishimiz zarur. Qolaversa, keng aholi oʻrtasida intellektual oʻyinni ommalashtirish, korxona-tashkilotlarda, har bir hudud, har bir muassasada “Zakovat” burchagini tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Shubhasiz, bu oson ish emas. Chunki bir umr boshq a ish bilan shugʻullanib yurgan odamlarga, “Kelinglar, intellektual oʻyin tashkil qilamiz”, desangiz, kuladi yoki erish tuyulishi mumkin. Shuning uchun asta-sekinlik bilan odamlarning koʻngliga kirib borishimiz va qamrab olishimiz kerak. Toki har bir yurtdoshimiz oʻzi mustaqil holda kitob oʻqishga chogʻlansin.
Bu yildan boshlab bosqichma-bosqich umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional hamda oliy taʼlim muassasalarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi kutilyapti. Hududlardagi Yoshlar markazlarida intellektual oʻyinlar jamoalari uchun alohida xonalar tashkil etiladi.
Maktablar bilan ishlashda biroz qiynalishimiz mumkin. Shuning uchun bu borada, albatta, Xalq taʼlimi vazirligi koʻmagiga tayanamiz. Chunki 10 mingga yaqin maktabga kirib borishimiz, “Zakovat” turnirini tashkil qilish va chempionni aniqlashimiz lozim boʻladi. Gʻolib jamoa avval tuman, keyin esa viloyat miqyosidagi bahslarda ishtirok etadi. Unda gʻolib boʻlganlar bellashuv ning respublika bosqichida qatnashadi.
Intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib va sovrindor boʻlgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari taʼlimning keyingi bosqichiga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi. Bu juda katta imtiyoz, yoshlar salohiyatini oshirish, barkamol qilib yetishtirishga qaratilayotgan katta eʼtibor.
Kelgusi oʻquv yilidan boshlab intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib boʻlgan oʻquvchi va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasining joriy etilishi yoshlarimiz uchun kutilmagan yangilik boʻldi. Umid qilaman, bu ularning ilmga intilishini yanada oshiradi.
Qarorda bu yildan boshlab har yili talabalar oʻrtasida Intellektual olimpiada tashkil qilinishi qayd etilgan. Unda umumjamoa hisobida dastlabki uchta oʻrinni qoʻlga kiritgan oliy taʼlim muassasasiga Oʻzbekiston Res publikasi Prezidenti sovgʻasi topshiriladi. Bu yoshlarga juda katta koʻtarinki ruh beradi.
Taʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori boʻlgan professor-oʻqituvchilarga mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama toʻlab beriladi.
Qarorning har bir bandi boʻyicha reja tuzib olganmiz. “Zakovat”ning mohiyati bizga bogʻliq. Uni qanday tashkil qilish va qanday oʻtkazish borasida tajribamiz yetarli. Qolaversa, ortimizda davlatimiz rahbarining oʻzi turibdi. Prezidentimiz ishonchini oqlash istagi bizni juda katta ishlarga undaydi.
Zimmamizdagi vazifalarni bajarishda asosan “Zakovat” klubi aʼzolariga suyanamiz. Ichki kengash aʼzolari ham “Zakovat” klubining ilgʻor, tajribali bilimdonlari hisoblanadi. Ular bilan hamisha bamaslahat ish olib boramiz.
“Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tutash hududda “Zakovat intellektual oʻyinlari klubi” uchun alohida bino hamda “Intellektual oʻyinlar shaharchasi” barpo etiladi. Bu yerda matematiklar, kimyogarlar, yosh adabiyotchilar saroylari quriladi. Uch gektar hudud ilmiy, intellektual markazga aylanadi. Shaharchaning nomi “Zakovat” deb atalishi kutilyapti. Koʻz oldimga haybatli ilm maskani kelyapti. Eng bilimdon yoshlarni oʻzida jamlagan markazda nafaqat intellektual oʻyinlar, balki ilmiy munozaralar, aqliy salohiyat bilan bogʻliq bahslar ham uyushtiriladi. Bu yerda yoshlarning intellek tual salohiyatini oshirish, ularni ruhlantirish maqsadida mashhur olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Ular bilan yoshlar oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyib, mustahkamlab borish eng katta vazifamiz boʻladi.
Biz Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy kabi buyuk allomalar avlodimiz. Mana shu ishlar amalga oshishi natijasida buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar yetishib chiqishiga ishonchimiz komil. Qarorga binoan intellektual turnirlar tashkil qilish, bilimdon yoshlarni ragʻbatlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish uchun kompyuter va mobil oʻyinlarni yaratgan dasturchilarga grant va subsidiyalar ajratish maqsadida davlat byudjetidan 50 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Bu ilmga yoʻnaltirilgan, intellektual salohiyati baland yoshlarni ragʻbatlantirish, “Zakovat” bayrogʻi ostida toʻplashga sarflanadigan sarmoya. Hozir safimiz tobora kengayib bormoqda. Shu yilning kuzigacha safimizdagi iqtidorli yigit-qizlar soni yanada ortadi. Bularning biri boʻlmasa, biri ajdodlarga munosib voris boʻlishi mumkin. Buning uchun esa tamal toshi qoʻyildi.