Bugun jamiyatimiz ulkan islohot va oʻzgarishlar ruhi bilan yashamoqda. Yangi Oʻzbekiston “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya asosida oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Ana shunday tarixiy bir sharoitda davlatimiz rahbari tomonidan milliy maʼnaviyatimiz, madaniyat va sanʼatimiz, adabiyotimiz rivojiga, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish masalalariga juda katta eʼtibor qaratilmoqda-ki, bu bejiz emas, albatta. Chunki bu sohalar – yurtimizda barpo etilayotgan Uchinchi Renessansning tayanch ustunlaridan biri hisoblanadi.

2020-yil 19-oktyabrda Prezidentimizning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur tarixiy hujjatda Alisher Navoiyning ilmiy va ijodiy merosini yanada chuqur oʻrganish va ommalashtirish, asarlarini nashr qilish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Oʻzbek xalqining ulugʻ farzandi, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning bebaho ilmiy-ijodiy merosi nafaqat bizning xalqimiz milliy madaniyati va adabiy-estetik tafakkuri rivojida, balki jahon adabiyoti tarixida ham alohida oʻringa ega. Ulugʻ shoir oʻz asarlarida ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini, butun jozibasi va latofatini bor boʻy-basti bilan koʻrsatib berdi.

Mavlono Abdurahmon Jomiy “zamon va makonni oʻz izmiga boʻysundirgan zot” deb taʼriflagan, Zahiriddin Muhammad Bobur “benazir shaxs” deya yuksak baho bergan mumtoz shoirning ijodi va shaxsiyati asrlar davomida millionlab insonlar uchun komillik mayogʻi vazifasini oʻtab kelmoqda.

Kecha poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida buyuk mutafakkir va shoir tavalludining 580-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali adabiy-badiiy kecha ham ulugʻ ajdodimizga yuksak ehtirom ramzi boʻldi.

Anjumanda taniqli davlat va jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, koʻplab xorijlik mehmonlar, ijodiy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda talabalar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov tadbirda soʻzga chiqib, keyingi yillarda yurtimizda Alisher Navoiy dahosiga koʻrsatilayotgan yuksak ehtirom, buyuk shoirning adabiy va ilmiy merosini ommalashtirish borasida qilinayotgan tizimli ishlarga alohida toʻxtaldi.

Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton allomaning milliy adabiyotimiz va maʼnaviyatimiz yuksalishidagi beqiyos oʻrni haqida fikr yuritdilar. Shuningdek, anjumanda ishtirok etgan xorijlik olimlar ham Alisher Navoiy ijodining umuminsoniy ahamiyatini alohida taʼkidlab oʻtishdi.

– Yaqinda Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotini taʼsis etishga qaror qilingani juda katta tarixiy voqea boʻldi, – deydi Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti boʻlimi mudiri Almaz Ulvi Binnatova. – Zero, turkiy xalqlarning koʻplab ulugʻ namoyandalari hazrat Navoiyni oʻzlariga maʼnaviy ustoz deb bilib, uning ijodidan ilhomlanib goʻzal asarlar yaratishgan. Binobarin, bu ezgu tashabbus qardosh xalqlar oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorliklarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Adabiy-badiiy kechada Alisher Navoiy asarlari asosida taniqli sanʼat ustalari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbirda Alisher Navoiyning yangi nashrdan chiqarilgan kitoblari, uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy-badiiy hamda sanʼat asarlari koʻrgazmasi ham tashkil qilindi.

Fozil FARHOD,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati rahbari.