Zamon shiddat bilan rivojlanar ekan, u nafaqat kuchli raqobatni balki yetuk tafakkurni ham talab etadi. Bu haqida yurtboshimiz ham “Yoshlar kuni”ga atab o'tkazilgan bayram tadbirida ta'kidladilar. Bugungi kunda yosh avlodni anglash, ularning talab va taqdiriga moslashish ham davr talabidir. Zero, kelajak yoshlar qo'lidadir.

“Yangi O'zbekiston” tushunchasini anglash uchun yangicha, zamonaviy bilim, salohiyat hamda tafakkurga ega bo'lish kerak. “Mehnatkash va bag'rikeng, oliyjanob xalqimiz, sizday bilimli, faol va shijoatli o'g'il qizlarimiz bor ekan, biz har qanday qiyinchiliklarni engib o'tamiz”, — deydilar davlatimiz rahbari. Mazkur jumlada “qiyinchilik” degani bu yangi jamiyatni, yangi islohotlar bilan Yangi O'zbekistonni qurish kerakliligini anglash qiyin emas.

Xo'sh, Yangi O'zbekistonda nimalar o'zgardi, avvalgi jamiyatdan nimasi bilan farqlanadi, kabi savollar hammani o'ylantiradi. Biroq, yuksak ma'naviyatli, zamonaviy tafakkur sohibi uchun bunday savollarga javoblar bisyordir.

Birinchidan, ta'lim sifatini oshirish bo'yicha yangicha o'zgartirishlar, islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning barcha viloyatlarda tashkil etilishi, ularda tahsil olayotgan yoshlarning yuqori natija qayd etayotganlari.

Ikkinchidan, yashash tarzini yaxshilash uchun “temir daftar”lar joriy qilinishi va ularning amalda ijobiy natijalar ko'rsatayotgani barchaga ma'lum. Xususan “yoshlar daftari”ga berilgan 30 ga yaqin imtiyozlar ko'lamida yoshlarimiz nafaqat bilim olishlari, balki daromad topishlari uchun tadbirkorlik bilan shug'ullanishlari uchun ham imkoniyatlar mavjud.

Uchunchidan, xorijiy tillarni o'rgatishga qiziqtirish ham yuqori darajada amalga oshirilmoqda. Barchamizga ma'lumki, xorijiy tillarni bilish zamonaviy dunyoqarashni kengaytirishda zamin bo'la oladi. Shuning uchun davlatimiz rahbari Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligini tashkil etdilar. Mazkur agentlik tomonidan xorijiy tillarni ommalashtirishga doir bir qator tanlovlar o'tkazilib, o'qivchilar hamda ularning ustozlariga chet elda malaka oshirish imkoniyati berildi.

To'rtinchidan, uyushmagan yoshlarning bandligini samarali tashkil etish maqsadida besh tashabbus loyihalarining yo'lga qo'yilgani, qolaversa, yoshlar bandligi masalalari, ularning loyihalarini qo'llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish singari moliyaviy masalalalar echimi ham aynan Yangi O'zbekistonda o'z aksini tompgan desak, mubolag'a bo'lmaydi.

Albatta, bunday islohotlarni 100 ga yaqinlashtirish, yoki yaratilayotgan shart-sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil yozish mumkin. Biroq bunday islohotlarga kamarbasta bo'lish uchun biz yoshlarga avvalo zamonaviy tafakkur kerak.

Shu o'rinda tafakkurni ham ikki turga bo'lgan bo'lar edik:

  • Zamonaviy tafakkur
  • Milliy tafakkur

Aksariyat yoshlarning milliy tafakkuri rivojlangan bo'lsada, zamonaviy bilimlar yetishmovchiligini kuzatish mumkin. Milliy tafakkur bu — o'z yurtidagi har qanday ilm, olimning ishlanmalarini o'rganishi, bilishiga asoslangan tizimni yarata oladigan tafakkurni nazarda tutsak, zamonaviy tafakkurda esa jahon standartlariga javob bera oladigan tizimni yaratish hamda uni anglashga qodir bilimga ega bo'lgan tizimnini bildiradi.

Bunday tizimni yaratish uchun, Yangi O'zbekistonni tizimli barpo etish uchun avvalo, zamonaviy bilim va tafakkurga ega bo'lishga intilmog'imiz darkor.

Feruz GANJIYEV,

Buxoro davlat universiteti o'qituvchisi