Yuzaga kelgan qurolli toʻqnashuvlar natijasida begunoh insonlar oʻlimi ortmoqda, mamlakatlar iqtisodiyoti tanazzulga, obod oʻlkalar vayronaga, tinch aholi esa misli koʻrilmagan azob-uqubatlarga duchor boʻlmoqda. Bunday tahlikali sharoitlarda mamlakatimiz xavfsizligi mustahkamlash, chegaralarimiz daxlsizligini taʼminlash, xalqimiz birdamligini oshirish hamda mustaqilligimizni asrab avaylash har qachongidan ham muhim vazifa hisoblanadi.

Bu albatta, yurtdoshlarimizning, ayniqsa yoshlarimizning ahilligi, oʻzaro hamjihatligi, bir maqsad va bir maslak atrofida birlashishi bilan bevosita bogʻliq. Agar ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlarimiz maʼnan yetuk, ruhan tetik, milliy va diniy qadriyatlarimizga sodiq holda, zamonaviy bilim va fan-texnika yutuqlari bilan qurollangan boʻlsa, ishonamanki xech qanday kuch yoki yov bu millatni yenga olmaydi.

Shu bois ham, yosh avlodni ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarining salbiy taʼsiridan, turli buzgʻunchi guruhlarning vayronkor gʻoyalaridan asrab-avaylash, shuningdek ularni milliy mentalitetimizga xos tarbiya topishi, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va ilm-fan yutuqlari asosida voyaga yetishi uchun munosib shart-sharoit yaratish maqsadida yurtboshimiz tomonidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Yoshlar masalasi, yoshlar tarbiyasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Eʼtirof etish lozimki, soʻnggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlar kamoloti va istiqboli yoʻlida olib borilgan islohotlar taʼlim-tarbiya tizimida yangi davrni boshlab yubordi. Yoshlarni bilim olishi, oʻz iqtidor va isteʼdodlarini namoyon qilishi, xorijiy tajriba va yutuqlardan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Taʼlim muassasalarida yangi muhit yuzaga keldi hamda shart-sharoitlar zamon va talabga moslandi.

Oliy taʼlim tizimi misolida aytganda, bugun zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega malakali kadrlar tayyorlash jarayoni sifat jihatdan yaxshilandi. Xorij bilan hamkorlik, tajribalar almashinuvi kengaydi. “Taʼlim-fan-ishlab chiqarish” integratsiyasi mustahkamlanib, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qiladigan ilgʻor ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tadbiq qilish, ish beruvchilar bilan hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlash texnologiyalari takomillashtirildi. Bularning bari, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirishga, ilm-fan sohasidagi izlanishlarni jadallashtirishga, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, xorijiy OTMlar bilan hamkorlik doiralarini kengaytirishga, ayniqsa davr talabidagi malakali kadrlar tayyorlashga oʻziga xos shart-sharoit yaratmoqda.

Bu ishlarni tizimli davom ettirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, maqsadida joriy yilning 5-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar hamda kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar muhokama qilindi.

Tanqidiy-tahlil ruhida oʻtkazilgan ushbu yigʻilishda oʻrta, professional va oliy taʼlim tizimlarida saqlanib kelayotgan muammolar yurtboshimiz tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi va oʻz navbatida ularni bartaraf etish, yechimini topish boʻyicha takliflar ilgari surilib, soha masʼullariga bir qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, texnikumlarda oʻqitishning yangi tizimini joriy etish boʻyicha “Akademik” va “Ishchi kasb” taʼlim yoʻnalishlarida oʻqitish, texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilish va ularni oliygohlarda tan olish, yanada koʻproq kollej-texnikum oʻquvchilarini dual taʼlim bilan qamrab olish hamda professional taʼlim bilan oliy taʼlim oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlaydigan tizimni yaratish takliflari bildirildi.

Oliy taʼlim tizimi oldiga esa, talabaning qobiliyatini yuzaga chiqaradigan va ish beruvchilar bilan uzviy bogʻlaydigan tizim yaratish, bakalavr yoʻnalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40 foizga qisqartirish hamda ushbu yoʻnalishlardagi taʼlim dasturlarini TOP-300 ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash kabi bir qator vazifalarni belgilab berdilar.

Yigʻilishda oliy taʼlimdagi ayrim yoʻnalishlar hozirgi mehnat bozoriga, texnologik yangilanishlarga mos emasligi, mutaxassislarning koʻpchiligi murakkab texnologiyalar bilan ishlay olmasligi tanqid qilindi hamda yaqin yillarda murakkab texnologiyada ishlay oladigan 10 ming muhandis va texnologlar kerakligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Bu esa, muhnadis-texnolog mutaxassislar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalariga katta masʼuliyat va vazifa yuklaydi. Oldimizga qoʻyilgan vazifalarni toʻgʻri anglab, zamon taraqqiyotga, fan-texnologiyalar rivojiga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimizni taqozo etadi. Demak, jahon tajribasini oʻrganish, ishlab chiqarish korxonalaridagi yangi texnologiyalar boʻyicha professor-oʻqituvchilarimizning bilim va malakalarini oshirish hamda shular asosida yangi fanlarni oʻquv jarayonlariga kiritishni shu bugundan boshlashimizni talab etmoqda.

Qayd etish lozimki, bu vazifalarning bugungi kunda tutgan ahamiyati va oʻrni oʻta yuqori. Avvalo, yurtimizda professional taʼlim tizimi yoshlarimizda kasbiy bilimlarni shakllantirishda oʻziga xos maktab vazifasini oʻtaydi. Qolaversa, oliy taʼlim olish istagida boʻlgan abituriyentlarni bu bosqichdan oʻtib kelishi, oʻz tanlagan kasblarining murakkab bilimlarini oson oʻzlashtirishga, olgan kasbiy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishga hamda oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib shakllanishiga yordam beradi.

Shuningdek, fan-texnika rivojlangani sayin, ishlab chiqarish uskunalari takomillashib, ular bilan ishlash tizimi tobora murakkablashib bormoqda. Shunga monand, ishlab chiqarish korxonalarida mutaxassislarning bilim va malakasiga qoʻyilgan talablar ham ortib bormoqda. Bunday sharoitlarda oliy taʼlim bilan ishlab chiqarishni integratsiyalash, boʻlajak mutaxassislarni amaliy bilim va koʻnikmalar yordamida tayyorlab borish nazariya va amaliyot oʻrtasidagi boʻshliqlarni toʻldiradi, talabalar uchun esa ehtiyojga mos real bilimlar olishga zamin yaratadi. TOP-300 talik reytinglarda boʻlgan oliygohlar dasturi asosida taʼlim berilishi, bir tomondan raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan oliy taʼlim muassasalarimizni xalqarolashuvini, xorijiy OTMlar bilan integratsiyalashuvini yanada rivojlashtirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda yoshlarga, ularning taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor qaratish har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda. Yurtimiz ravnaqi, mamlakatimiz farovonligi, Vatanimiz osoyishtaligi yoshlarimizning aqliy salohiyatiga, maʼnaviy boy dunyoqarashiga bogʻliq ekan, ularni har tomonlama bilimli, zukko, fidoyi, oʻz diyorini sevadigan va uni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylaydigan vatanparvar avlod etib tarbiyalash suv va havodek zarur. Bu esa, taʼlim-tarbiyaga masʼul boʻlgan biz va hamkasb doʻstlarimizga ulkan vazifa yuklaydi. Shunday ekan, kelajak avlod oldidagi yuksak masʼuliyatimizni chuqur his etgan holda, oʻz vazifamizni sidqidildan ado etishimiz mamlakatimiz istiqboli yoʻlida qoʻshgan ulkan hissamiz boʻladi.

Odiljon Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,

Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati