Bu shunchaki moliyaviy operatsiya yoki texnik birja jarayoni emas, balki iqtisodiyotimizning dunyo moliyaviy tizimi bilan integratsiyalashuvidagi yangi bosqich, davlat aktivlarini boshqarish falsafasining oʻzgarishi va mamlakatimiz investitsiya imijining sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarilishidir.

UzNIF aksiyalari bir vaqtning oʻzida London fond birjasi va “Toshkent” respublika fond birjasida joylashtirilishi mamlakatimiz kapital bozori tarixida mutlaqo yangi sahifa ochdi. Shu tariqa UzNIF xalqaro IPOni amalga oshirgan ilk oʻzbek emitenti sifatida iqtisodiyotimiz tarixidan oʻrin oldi. IPO yakunlari esa xalqaro investorlarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga yuqori ishonchi va qiziqishini yaqqol namoyon qildi.

Jumladan, 603,6 million dollar miqdorida investitsiya jalb etildi. Jamgʻarmaning bozor qiymati 1,95 milliard dollarga baholandi. Kapitalning 31 foizi ochiq bozorda joylashtirildi. Investorlar talabi taklif hajmidan toʻrt barobar yuqori boʻldi va bitimning qariyb 97 foizi xalqaro investorlar hissasiga toʻgʻri keldi.

Mazkur raqamlarning har biri mamlakatimiz iqtisodiyotida soʻnggi yillardagi institutsional islohotlar xalqaro moliyaviy doiralar tomonidan eʼtirof etilayotganining amaliy tasdigʻidir.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: IPO nima va nega u iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim? IPO — Initial Public Offering, yaʼni kompaniya aksiyalarining ilk bor ochiq bozorga chiqarilishi. Oddiy qilib aytganda, kompaniya oʻzining muayyan qismiga egalik huquqini investorlarga taklif qiladi va evaziga kapital jalb etadi.

Rivojlangan iqtisodiyotlarda IPO iqtisodiy oʻsishning muhim moliyaviy mexanizmidir. Chunki kompaniyalar davlat byudjetidan tashqari manbalardan mablagʻ jalb qiladi va korporativ boshqaruv shaffoflashadi. Shu bilan birga, moliyaviy hisobotlar xalqaro standartlarga moslashib, bozor intizomi shakllanadi. Eng muhimi, aholi va investorlarning moliyaviy faolligi oshadi.

Biz uchun esa IPOning ahamiyati yanada katta. Sababi, mamlakatimiz iqtisodiyoti uzoq yillar davomida asosan davlat ishtirokidagi iqtisodiy modelga tayanib keldi. Bu model muayyan bosqichda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlagan boʻlsa-da, kapital samaradorligi, korporativ boshqaruv va investitsiyaviy raqobat nuqtayi nazaridan cheklangan imkoniyatlarga ega edi.

Soʻnggi yillarda esa mamlakatimiz rahbariyati tomonidan iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ulushini oshirish va kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar oʻtkazildi. UzNIF IPOsi aynan shu siyosatning mantiqiy davomi.

UzNIF mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridagi 13 ta yirik davlat aktivini birlashtirgan tuzilma. Fond tarkibiga energetika, transport, telekommunikatsiya, kommunal infratuzilma va bank sohasidagi muhim aktivlar kiritilgan. Investorlar bitta kompaniya aksiyasini emas, balki butun mamlakat iqtisodiyotining asosiy infratuzilmaviy segmentlariga bogʻlangan diversifikatsiyalangan portfelni sotib olmoqda.

Bu model xalqaro investorlar uchun bir necha jihatdan jozibador. Birinchidan, risklar diversifikatsiya qilinadi. Yaʼni bir tarmoqdagi muammo boshqasidagi oʻsish hisobiga qoplanishi mumkin. Ikkinchidan, mamlakatimiz iqtisodiyotining umumiy oʻsishi fond aktivlari qiymatiga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir koʻrsatadi. Uchinchidan, strategik infratuzilma aktivlari odatda uzoq muddatli barqaror daromad manbai boʻladi. Toʻrtinchidan, bunday fond modeli davlat aktivlarini toʻgʻridan toʻgʻri emas, balki professional boshqaruv orqali bozorga olib chiqish imkonini beradi.

Mazkur jihatlar UzNIFni oddiy xususiylashtirish jarayonidan ajratib koʻrsatadi. Aslida, davlat aktivlarini zamonaviy investitsiya ekotizimiga integratsiya qilish mexanizmi hisoblanadi.

UzNIF aksiyalarining London fond birjasida joylashtirilishini mamlakatimiz moliya bozori tarixidagi muhim voqealardan biri sifatida eʼtirof etish mumkin. Chunki London fond birjasi nafaqat Yevropaning, balki butun jahonning eng yirik va nufuzli moliyaviy platformalaridan. Ushbu bozorga chiqish har qanday kompaniya uchun katta imkoniyatlar bilan birga yuksak masʼuliyat va qatʼiy talablarni ham anglatadi.

Xususan, bunday xalqaro maydonda faoliyat yuritish uchun emitent moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga toʻliq muvofiq ishlashi, korporativ boshqaruv tizimida shaffoflikni taʼminlashi, mustaqil audit xulosalariga ega boʻlishi, investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishi hamda ochiq axborot siyosati yuritishi talab etiladi. Bu esa kompaniyaning faqat ichki bozor talablariga emas, balki global moliya tizimida qabul qilingan zamonaviy boshqaruv mezonlariga ham moslasha olganini koʻrsatadi.

Muhimi, mazkur jarayon mamlakatimiz iqtisodiyotining xalqaro kapital bozorlariga integratsiyasi tobora chuqurlashayotganini namoyon etmoqda. Shu maʼnoda, UzNIFning London fond birjasidagi ishtiroki nafaqat bir kompaniyaning muvaffaqiyati, balki yurtimizda ochiq iqtisodiyot, investitsiyaviy jozibadorlik va korporativ islohotlar yangi bosqichga koʻtarilayotganining amaliy ifodasidir.

Bu yerda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish lozim. Xalqaro investorlar, ayniqsa, yirik institutsional investorlar ­muayyan bozorga faqat barqarorlik, shaffoflik va ishonch muhiti yetarli darajada shakllangandagina kirib boradi. Zero, bunday moliyaviy institutlar milliardlab dollarlik aktivlarni boshqaradi va investitsiya qarorlarini qabul qilishda risklarni oʻta sinchkovlik bilan baholaydi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, IPO jarayonida “BlackRock”, “Franklin Templeton” hamda “Redwheel” kabi nufuzli xalqaro investitsiya kompaniyalarining ishtiroki mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ishonch indikatori sifatida baholanadi. Bu, bir tomondan, mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar va korporativ boshqaruv tizimi xalqaro moliya bozori ishtirokchilari tomonidan ijobiy qabul qilinayotganini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, Oʻzbekistonning global kapital bozorlaridagi investitsiyaviy nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Xalqaro investorlar nega yurtimizga qiziqmoqda? Masalaning eng muhim nuqtasi aynan shu savol bilan bogʻliq. Bugun global kapitalning mamlakatimiz bozoriga eʼtibor qaratayotgani tasodifiy holat emas. Buning ortida iqtisodiyotimizda soʻnggi yillardagi tizimli islohotlar va shakllanayotgan yangi iqtisodiy muhit turibdi.

Avvalo, iqtisodiy liberallashuv jarayoni xalqaro investorlar uchun muhim signal boʻldi. Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, tashqi savdo cheklovlarining bosqichma-bosqich qisqartirilishi, xususiy sektor uchun imkoniyatlar kengayishi hamda bozor mexanizmlarining kuchayishi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirdi. Zero, har qanday investor kapital kiritishdan oldin iqtisodiy qoidalarning barqarorligi, bozor munosabatlarining ochiqligi va davlat siyosatining prognoz qilina olish darajasiga eʼtibor qaratadi. Yurtimizda aynan shu yoʻnalishda muhim institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Ikkinchi muhim omil — makroiqtisodiy barqarorlik. Jahon iqtisodiyotida turbulentliklar kuchaygan sharoitda ham mamlakatimizda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼati saqlanib qolayotgani xalqaro moliya institutlari va investorlar eʼtiborini tortmoqda. Infratuzilma loyihalarining kengayishi, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ichki bozor hajmining oʻsishi hamda investitsiyaviy faollikning ortishi bizni Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli iqtisodiyotlardan biri sifatida koʻrsatmoqda.

Uchinchi omil mamlakatimizning demografik salohiyati bilan bogʻliq. Aholimizning katta qismi yoshlardan iborat boʻlib, mehnatga layoqatli qatlam ulushi yuqori. Bu esa, bir jihatdan, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasi uchun keng mehnat resurslarini taʼminlasa, ikkinchi tomondan, ichki isteʼmol bozorining uzoq muddatli oʻsishini kafolatlaydi. Xalqaro investorlar aynan shunday katta va oʻsib borayotgan bozorlarni strategik yoʻnalish sifatida baholaydi.

Toʻrtinchi omil — geoiqtisodiy oʻrnimiz. Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan mamlakatimizga transport, logistika va savdo yoʻlaklari kesishgan muhim hudud sifatida qaralmoqda. Keyingi yillarda temir yoʻl, avtomobil yoʻllari, quruqlik portlari va mintaqaviy tranzit infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar mamlakatimizning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa Oʻzbekistonning nafaqat ichki bozor, balki mintaqaviy xab sifatidagi jozibadorligini ham taʼminlaydi.

Beshinchi muhim omil — davlat aktivlarini transformatsiya qilish va korporativ islohotlarni chuqurlashtirish siyosati. Ayniqsa, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, moliyaviy hisobotlarda shaffoflikni kuchaytirish, mustaqil audit amaliyotini kengaytirish va xalqaro konsalting institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish investorlar ishonchini mustahkamlamoqda. Chunki global kapital uchun faqat bozor hajmi emas, balki korporativ boshqaruv sifati va investitsiya xavflarining boshqarilishi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonga qiziqish qisqa muddatli konyunktura emas, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida shakllanayotgan yangi institutsional muhitning natijasi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Jenni Jonsonning bayonotida ham aynan shu jihatga alohida urgʻu berildi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston hukumati bilan davlat korxonalarida samarali korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish va mahalliy kapital bozorini rivojlantirish borasidagi hamkorlik xalqaro investorlarda ishonch uygʻotmoqda. Bu esa mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar global moliya institutlari tomonidan ijobiy baholanayotganini koʻrsatadi.

UzNIF IPOsini oddiy moliyaviy operatsiya sifatida baholash toʻgʻri boʻlmaydi. Mazkur jarayon mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun uzoq muddatli institutsional ahamiyatga ega muhim qadam. Chunki gap faqat aksiyalar joylashtirish yoki kapital jalb qilish haqida emas, balki Oʻzbekiston iqtisodiyotida yangi moliyaviy infratuzilma va bozor munosabatlarini shakllantirish haqida bormoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida koʻp yillar davomida bank kreditlari asosiy moliyalashtirish manbai boʻlib keldi. Natijada iqtisodiy faollikning katta qismi bank tizimiga bogʻlanib qoldi va moliyaviy risklar ham asosan shu sektor zimmasiga tushdi. Bu esa iqtisodiyotning uzoq muddatli barqarorligi nuqtayi nazaridan muayyan cheklovlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Rivojlangan davlatlar tajribasida esa kapital bozoriga iqtisodiyotning eng muhim moliyaviy mexanizmlaridan biri sifatida qaraladi. Kompaniyalar aksiya, obligatsiya va boshqa moliyaviy instrumentlar orqali toʻgʻridan toʻgʻri investorlardan mablagʻ jalb qiladi. Bu esa iqtisodiyotda moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish, raqobat muhitini kuchaytirish va xususiy kapital harakatini faollashtirish imkonini beradi.

Shu maʼnoda, UzNIF IPOsi mahalliy kapital bozori uchun yangi bosqichni boshlab bermoqda. Avvalo, bozorda likvidlik darajasi oshadi, investorlar bazasi kengayadi va yangi emitentlar uchun amaliy namuna shakllanadi. Eng muhimi, aholining investitsiya madaniyati rivojlanib, moliyaviy instrumentlarga qiziqishi ortadi. Bu esa kelgusida milliy kapital bozorining chuqurlashuvi uchun mustahkam zamin yaratadi.

IPO jarayonining yana bir muhim natijasi davlat ishtirokidagi kompaniyalarda bozor intizomining shakllanishidir. Chunki ochiq bozorga chiqqan har qanday kompaniya investorlar, auditorlar va moliya bozori ishtirokchilari oldida doimiy hisobdor boʻladi.

Bu esa, birinchi navbatda, xarajatlarni optimallashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va korporativ qarorlar qabul qilish sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, moliyaviy shaffoflik kuchayadi, mustaqil audit amaliyoti mustahkamlanadi hamda investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashadi.

Eng muhimi, davlat aktivlarini bozor tamoyillari asosida boshqarish amaliyoti kengayib, iqtisodiyotda raqobat muhiti va xususiy kapital ishtiroki ortadi. Bu esa milliy iqtisodiyot samaradorligini oshirishning muhim omillaridan.

Bozor mexanizmining joriy etilishi davlat aktivlaridan yanada samarali foydalanishga undaydi. Chunki ochiq bozor sharoitida kompaniya faoliyati faqat davlat nazorati emas, balki investorlar, tahlilchilar va xalqaro moliya institutlari tomonidan ham muntazam baholab boriladi. Bu esa boshqaruv intizomini kuchaytiradi, xarajatlarni optimallashtiradi va resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.

IPOning muvaffaqiyatli oʻtishi xalqaro reyting agentliklari va investitsiya fondlari uchun muhim signal. Zero, bozorda baholangan aktivlar mamlakat iqtisodiyoti haqida ancha obyektiv tasavvur hosil qiladi. Buning oʻzi investorlar uchun ishonch darajasini oshiradi.

Talabning taklifdan toʻrt barobar yuqori boʻlgani esa xalqaro investorlar Oʻzbekiston aktivlariga katta qiziqish bildirganini yaqqol koʻrsatdi. Bunday koʻrsatkich mamlakatimizning investitsiya imiji mustahkamlanib borayotgani va iqtisodiy islohotlar tashqi bozorlarda ijobiy qabul qilinayotganini anglatadi.

Jenni Jonson taʼkidlaganidek, UzNIF IPOsi boshqa kompaniyalar uchun ham muhim yoʻl ochuvchi tajriba boʻlishi mumkin. Bu juda muhim jihat. Chunki muvaffaqiyatli IPO mexanizmi keyingi bosqichda yirik davlat kompaniyalarining xalqaro bozorga chiqishi, xususiy sektor uchun yangi moliyalashtirish manbalari paydo boʻlishi va mahalliy fond bozorining chuqurlashuviga zamin yaratadi.

Shu bilan birga, bunday jarayon Toshkentning mintaqaviy moliyaviy markaz sifatidagi mavqeini ham mustahkamlaydi.

Nega talab toʻrt barobar yuqori boʻldi? IPOga talabning taklifdan toʻrt barobar yuqori boʻlishi alohida tahlil talab qiladi. Bu, avvalo, xalqaro kapitalning yangi oʻsish bozorlarini izlayotgani bilan izohlanadi. Jahonda anʼanaviy bozorlarda oʻsish surʼati sekinlashib borayotgan bir sharoitda investorlar istiqbolli rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga eʼtiborni kuchaytirmoqda.

Markaziy Osiyo bu jihatdan hali toʻliq ochilmagan bozor sifatida baholanadi. Mamlakatimiz esa aholi soni, ichki bozor hajmi, tabiiy resurslari, strategik geografik joylashuvi va islohotlar surʼati bilan mintaqada ajralib turadi. Investorlar aynan shu uzoq muddatli salohiyatni koʻrmoqda va unga kapital yoʻnaltirmoqda.

Bundan tashqari, global investorlar ­infratuzilma va davlat aktivlari bilan bogʻliq investitsiyalarga alohida qiziqish bildiradi. Chunki bunday aktivlar, odatda, iqtisodiy sikllar taʼsiriga nisbatan barqarordir. Energetika, transport, kommunikatsiya va yirik sanoat obyektlari kabi sohalarga uzoq muddatli daromad manbai sifatida qaraladi. Shu nuqtayi nazardan, yurtimizda davlat aktivlarini transformatsiya qilish jarayoni xalqaro kapital uchun muhim investitsiya imkoniyatlarini shakllantirmoqda.

IPOda ishtirok etgan investorlarning 97 foizi xalqaro investorlar hissasiga toʻgʻri kelgani ikki muhim xulosani anglatadi. Avvalo, bu koʻrsatkich Oʻzbekiston iqtisodiyotiga nisbatan tashqi ishonch yuqori darajaga koʻtarilayotganini koʻrsatadi. Yaʼni xalqaro moliya bozori ishtirokchilari mamlakatimizning uzoq muddatli iqtisodiy salohiyatini ijobiy baholamoqda.

Biroq mazkur raqam ikkinchi muhim masalani ham ochib beradi. Yaʼni mahalliy institutsional investorlar bozori hali yetarlicha shakllanmagan. Rivojlangan mamlakatlarda IPO jarayonida pensiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari, investitsiya va pay jamgʻarmalari kabi yirik ichki institutlar faol ishtirok etadi. Ular ichki kapital bozorining barqaror tayanchidir. Yurtimizda esa bunday institutlar hali rivojlanish bosqichida turibdi. Shu bois, kelgusida mahalliy institutsional investorlarni shakllantirish strategik vazifalardan biriga aylanadi. Xususan, aholi mablagʻlarini kapital bozoriga kengroq jalb qilish, moliyaviy savodxonlikni oshirish, pensiya va investitsiya jamgʻarmalari faoliyatini rivojlantirish hamda uzoq muddatli ichki kapital manbalarini koʻpaytirish juda muhim.

Har qanday yirik iqtisodiy islohot singari IPO jarayoni ham muayyan risk va chaqiriqlardan xoli emas. Chunki xalqaro kapitalni jalb qilishning oʻzi kamlik qiladi. Eng muhimi — ushbu ishonchni uzoq muddat saqlab qolish.

IPOdan keyin investorlar endi bayonotlar yoki islohotlar haqidagi rejalarni emas, balki real natijalarni kuzatadi. Xalqaro bozorda kompaniya qiymati, birinchi navbatda, uning samaradorligi, shaffofligi va boshqaruv sifati bilan baholanadi.

Agar kompaniyalarda samaradorlik oshmasa, moliyaviy shaffoflik taʼminlanmasa, davlat aralashuvi yuqori darajada saqlanib qolsa yoki menejment mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlmasa, investorlar ishonchi pasayishi mumkin. Bu esa kelgusida kapital jalb qilish imkoniyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu maʼnoda, IPO islohotlarning yakuni emas, balki ularning yangi va ancha masʼuliyatli bosqichidir. Chunki ochiq bozorga chiqqan kompaniya endi global investorlar oldida doimiy ravishda oʻz samaradorligi va boshqaruv sifati bilan hisobdor boʻladi.

Kapital bozori bir marta oʻtkazilgan IPO bilan shakllanib qolmaydi. Unga xizmat qiladigan butun bir institutsional muhit zarur. Agar shu muhit boʻlmasa, hatto muvaffaqiyatli deb baholangan joylashtiruv ham uzoq muddatli samara bermasligi mumkin.

Kapital bozorini barqaror rivojlantirish uchun quyidagi shartlar hal qiluvchi ahamiyatga ega: kuchli brokerlik tizimi, mustaqil audit amaliyoti, yuqori sifatli tahlil maktabi, ishonchli huquqiy himoya, sud tizimining samaradorligi hamda korporativ axborotning oshkoraligi. Bu omillar oʻzaro uzviy bogʻliq. Ulardan biri zaif boʻlsa, bozor butunlay muvozanatini yoʻqotishi mumkin.

UzNIF IPOsi birinchi qadam, xolos. Asosiy vazifa endi shu bitimni alohida voqea emas, balki kapital bozorini tizimli ravishda shakllantirish jarayonining boshlanishi sifatida davom ettirishdir.

Global moliyaviy bozorlar tabiatan juda oʻzgaruvchan. Geosiyosiy ziddiyatlar, markaziy banklarning foiz stavkalari boʻyicha ­qarorlari, energiya narxlari, xomashyo bozorlaridagi tebranishlar va ehtimoliy global retsessiya xavflari rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir koʻrsatadi. Demak, tashqi muhitdagi har bir siljish investitsiya oqimlariga ham, bozor kayfiyatiga ham taʼsir etmasdan qolmaydi.

Biz uchun eng muhim vazifalardan biri makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va tashqi shoklarga chidamli iqtisodiy modelni mustahkamlashdir. Investor kapitalni barqarorlikka tikishni istaydi, agar ushbu barqarorlik zaiflashsa, eng jozibali aktiv ham qiziqishni yoʻqotishi mumkin. Shuning uchun investitsiyaviy jozibadorlikni saqlab qolish faqat bir martalik muvaffaqiyat emas, balki doimiy iqtisodiy intizomni talab qiladi.

UzNIF IPOsi yana bir strategik savolni kun tartibiga olib chiqdi. Oʻzbekiston kelajakda Markaziy Osiyoning moliyaviy markazlaridan biriga aylana oladimi? Bu savol ortiqcha emas. Aksincha, u mamlakatimizning keyingi iqtisodiy trayektoriyasi qaysi tomonga burilishini belgilaydi.

Bu maqsadga erishish uchun bir nechta zarur shart mavjud. Birinchidan, kapital bozori chuqur va likvid boʻlishi kerak. Yaʼni bozorda bitimlar koʻp, ishtirokchilar turli va aktivlar erkin sotilib-sotib olinadigan muhit shakllanishi lozim. Likvidlik boʻlmagan joyda moliyaviy markaz haqida gapirish qiyin.

Ikkinchidan, huquqiy tizim investor uchun ishonchli boʻlishi shart. Investor oʻz kapitali himoya qilinishiga ishonmasa, hech qanday imtiyoz yoki reklama uni bozorda uzoq muddat ushlab tura olmaydi. Shu bois, huquq ustuvorligi moliyaviy markazning asosiy tayanchlaridan.

Uchinchidan, xalqaro moliyaviy institutlar va investitsiya banklari uchun qulay muhit yaratilishi zarur. Bu faqat regulyator yengilligi degani emas. Bu qoidalarning aniqligi, bozorga kirish va chiqish mexanizmlarining soddaligi, axborot ochiqligi va institutsional barqarorlik degani.

Toʻrtinchidan, milliy valyuta barqarorligi va iqtisodiy prognozlanuvchanlik taʼminlanishi shart. Valyutadagi keskin tebranishlar kapitalning uzoq muddatli qarorlarini zaiflashtiradi. Shu sabab moliyaviy markaz faqat texnik infratuzilma emas, balki ishonchli makroiqtisodiy muhit bilan ham baholanadi.

Beshinchidan, inson kapitali yetarli darajada shakllanishi kerak. Moliyaviy tahlilchilar, investitsiya bankirlari, korporativ huquqshunoslar, risk-menejerlar, audit va komplayens mutaxassislari qatlami kengaymas ekan, moliyaviy markazning mazmunli poydevori boʻlmaydi.

Shu nuqtayi nazardan, UzNIF IPOsi Toshkentni moliyaviy markazga aylantirish yoʻlidagi birinchi yirik qadam sifatida baholanishi mumkin. Ammo bu qadamning qiymati shundaki, u keyingi islohotlar uchun mezon ham, sinov ham boʻlib xizmat qiladi. Yaʼni endi masala bir bitimda emas, balki butun tizimni ishlaydigan holatga keltirishda.

Kapital bozorining rivojlanishi faqat yirik investorlar manfaati bilan cheklanib qolmaydi. Uning taʼsiri keng jamoatchilik hayotiga ham bevosita yetib boradi. Zero, samarali kapital bozori aholi jamgʻarmalarini iqtisodiyotga yoʻnaltirish, biznes uchun qoʻshimcha moliyalashtirish manbalarini yaratish va mamlakatning umumiy iqtisodiy dinamikasini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Uzoq muddatli istiqbolda bunday jarayonlar quyidagi ijobiy natijalarni beradi: aholining investitsiya qilish madaniyati shakllanadi, shaxsiy jamgʻarmalar iqtisodiyotga jalb etiladi, biznes uchun nisbatan arzon kapital manbalari paydo boʻladi, yangi ish oʻrinlari ochiladi va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish surʼati tezlashadi. Eng muhimi, iqtisodiyot davlat byudjetiga ortiqcha bosim oʻtkazmasdan ham barqaror rivojlanish imkoniyatiga ega boʻladi.

Qisqasi, Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun yangi davr boshlanmoqda. UzNIF IPOsini oddiy moliyaviy bitim sifatida baholash yetarli emas. Bu mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi model shakllanayotganining yaqqol belgisidir. Mazkur model davlatga qattiq bogʻlangan iqtisodiy tartibdan bozor tamoyillariga tayanadigan iqtisodiyotga, yopiqlikdan global integratsiyaga, maʼmuriy boshqaruvdan korporativ boshqaruvga hamda byudjet mablagʻlariga suyangan moliyalashtirishdan investitsiyaviy moliyalashtirishga oʻtishni anglatadi.

Albatta, oldinda hal qilinishi lozim boʻlgan murakkab vazifalar kam emas. Biroq eng muhim natija shundaki, Oʻzbekiston xalqaro kapital bozori xaritasida oʻz oʻrnini koʻrsatdi. London fond birjasidagi IPO mamlakatimizning investitsiyaviy imijiga, iqtisodiy islohotlariga va strategik transformatsiya jarayoniga berilgan jiddiy xalqaro baho boʻldi.

Global investorlar endi yurtimizga faqat xomashyo manbasi yoki isteʼmol bozori sifatida emas, balki uzoq muddatli iqtisodiy hamkor sifatida qaramoqda. Aynan shu nuqta UzNIF IPOsining haqiqiy tarixiy ahamiyatini belgilab beradi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar

masalalari qoʻmitasi raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor