Dushanba kuni kunduzgi respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida beqaror ob-havo saqlanib turadi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari hamda Fargʻona vodiysida kunning ikkinchi yarmida ayrim joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati +23...+26 darajani tashkil etadi. Shimoliy, janubiy va choʻl hududlarda esa yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatilib, harorat +27...+32 darajagacha koʻtariladi.
5–7 may kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim joylarda qisqa muddatli yomgʻir boʻlishi mumkin.
8 may kuni esa janubiy va sharqiy viloyatlardan tashqari ayrim hududlarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi ehtimoli bor. Shu kunlarda havo harorati bosqichma-bosqich koʻtarilib, kechalari +17...+20 darajagacha, kunduz kunlari +32...+35 darajagacha, janubda esa +38 darajagacha yetadi.
Shuningdek, 6–7 may kunlari shimol va choʻl hududlarda, 8 may kuni esa respublika boʻylab ayrim joylarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayishi, baʼzi hududlarda chang-toʻzonlar kuzatilishi mumkin.
Togʻ oldi va togʻli hududlarda 4, 5 va 8 may kunlari ayrim joylarda qisqa muddatli yomgʻir, momaqaldiroq boʻlishi, 4 may kuni esa sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.