— Koronavirus kasalligi bilan birga zotiljam (pnevmoniya) kasalligi ham koʻpayayotganligi rostmi?

— Ha, rost. Shifokorlar koronavirus bilan bir vaqtda boshqa infeksion omil, yaʼni turli boshqa virus va bakteriyalar chaqirgan zotiljam kasalligi bilan ham kurashishiga toʻgʻri kelmoqda. Toʻgʻri, bu kasallik xuddi koronavirusga oʻxshab shamollash alomatlaridan boshlanadi, lekin uning kechuvi va organizmdagi oʻzgarishlarida tafovutlar boʻladi.

Hozirgi mavsumda zotiljam kasalligining ortishi inson organizmida moyillik bor holatda, bugungi jazirama issiq kunlari haddan ortiq muzdek dush qabul qilib yoki basseynda choʻmilib, soʻng meʼyoridan ortiq konditsionerlardan foydalanish, muzlatgichdan yaxlatilgan ichimliklarni isteʼmol qilish oqibatidandir.

Shu bilan birga, anomal issiq kunlar insonda qon quyulish holatlarini koʻpaytiradi, bu esa oʻz oʻrnida yurak qon-tomir kasalliklarining koʻpayishini ham keltirib chiqarishi mumkin.

Qon quyulishi esa koronavirus infeksiyasi uchun juda qulay sharoitdir va agarda virus organizmga tushsa, ogʻir darajaga oʻtib ketishi oson boʻladi.

Shu sabab, koronavirus infeksiyasi bilan birga, issiq kunlarda inson organizmida kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa kasalliklardan ham oʻzingizni himoya qilishingizni soʻraymiz.

Bunda, doimiy ravishda iliq yoki issiqroq suyuqliklarni ichib turish kerak, shuningdek, sogʻlom ovqatlanish, yaʼni ovqat ratsionida meva va sabzavotlarni koʻpaytirish, yengil hazm boʻluvchi ovqatlarni isteʼmol qilish, kunning quyosh tik turgan vaqtlarida tashqarida yurishdan saqlanish, spirtli ichimliklar isteʼmolini cheklash hamda konditsionerlardan unumli va samarali foydalanish zarurdir.

— Buyuk Britaniyada 19-iyuldan karantin qoidalari olib tashlanishi belgilanmoqda ekan, degan xabarlar mavjud, buning sababi nima?

— Buyuk Britaniya birinchilar qatorida 2020-yil sentyabr-oktyabr oylarida aholisini ommaviy vaksinatsiya qilishni boshlagan edi. Vaksinatsiya bilan qamrab olish jarayoni aholi orasida koronavirusning “britancha” shtammi juda keng tarqalayotgan vaqtga toʻgʻri keladi. Shu davrda u yerda kasallanish va oʻlim holatlari soni juda koʻpaygan davr edi.

Bugungi kunga kelib, Buyuk Britaniya haqiqatan ham 19-iyuldan karantin talablarini olib tashlashni rejalashtirayotgani toʻgʻrisida maqolalar mavjud. Maqolada Buyuk Britaniyaning Bosh vaziri katta yoshli aholining 86%i vaksinatsiyaning birinchi bosqichi bilan qamrab olinganligi, bu esa ommaviy immunitet hosil qilishi uchun yetarli koʻrsatkich boʻla olishini asos sifatida keltiradi.