Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev tashabbusi va raisligida o'tkazilgan muloqotda dastlab tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari tomonidan tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin tadbirkor va ishbilarmonlarning muammolari o'rganildi.
O'zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va o'zbek diasporasi mutaxassislari bilan tashkil etilgan onlayn suhbat davomida Rossiya Federatsiyasining oliygohlarini bitirib, mamlakatimizga qaytayotgan viloyat yoshlarining o'z mutaxassisligi bo'yicha ishga joylashtirish, tadbirkorlar uchun qulay investitsion muhit yaratish borasida fikr almashildi. Bu borada bildirilgan takliflar ijobiy hal etiladigan bo'ldi.
— Ma'lumki, Prezidentimiz raisligida 4 mart kuni oliy o'quv yurtlari talabalari bandligini ta'minlash bo'yicha ustuvor vazifalarga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Ukrainadan qaytgan talabalarni o'zimizdagi oliygohlarda o'qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish bo'yicha topshiriqlar berilgan edi, — deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Toshkent viloyati filiali rahbari Nodirbek Bahromov. — Belgilangan vazifalar ijrosi bo'yicha viloyat hokimi Belarus, Ukraina va Rossiyadan tartibli ravishda qaytgan migrantlar, talabalar bilan ham suhbatlashdi. Birinchi galda talabalarning o'qishini poytaxt va hududdagi oliygohlarda davom ettirishini ta'minlash bo'yicha mutaxassislarga zarur topshiriqlar berildi.
Asli Olmaliqlik Asilbek Abduvaliyev Ukrainaning Xarkov shahridagi arxitektura institutida o'qiyotgan edi. U mavjud vaziyat sababli o'qishini O'zbekistonda davom ettirmoqchi. Suhbat davomida ko'plab yoshlar qatori uning murojaati ham ijobiy hal etiladigan bo'ldi.
Shundan so'ng muloqot davomida tadbirkorlar ham o'z taklif va muammolarini bildirishdi. Xususan, korxonalar faoliyatini tashkil etish uchun kichik sanoat zonalaridan joy ajratish, baliqchilik xo'jaliklarini tashkil etish, imtiyozli kreditlar ajratish, yangi ish o'rinlarini yaratish, kadastr hujjatlari bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish kabi ko'plab masalalar ko'rib chiqildi.
Qonuniy yechimga ega bo'lmagan ba'zi murojaatlar yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.
Toshkent viloyati hokimligi
Axborot xizmati