Unda biznes aloqalarni mustahkamlash, hududlarda intensiv bogʻ va tokzorlarni barpo etish, mevani qayta ishlash texnologiyalarini keng joriy etish, yengil sanoat, turizm, qurilishga doir loyihalar xususida muzokaralar olib borildi.

Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida Olgan Bekar samimiy uchrashuv uchun Zoyir Mirzayevga minnatdorlik bildirib, Toshkent viloyatidagi mavjud imkoniyatlar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan turk biznesmenlarining asosiy qismi ushbu hududda ish olib borayotgani va bu borada yaratilayotgan imkoniyatlarni alohida qayd etdi.

— Boʻstonliq tumaniga olib boradigan 90 kilometr atrofidagi yoʻl boʻyida xizmat koʻrsatish, zamonaviy maktab loyihalarini roʻyobga chiqarishimiz kerak. Nurafshon markazida ham katta hajmda qurilish ishlari olib borilmoqda. Albatta, bu ishlarda tajribali mutaxassislar muhim. 50 ga yaqin kichik-kichik sanoat zonalarimiz bor. Qishloq xoʻjaligi, qurilish kabi bir qancha yoʻnalishlarda tajribalari yetarli mutaxassislar boʻlsa, biz bilan hamkorlikda ishlasa, hamma sharoitni yaratib berishga doim tayyormiz, — dedi Zoyir Mirzayev.

Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining izchil rivojlanib borayotgani qayd etilgan doʻstona muloqotda oʻrtaga tashlangan masalalar yuzasidan imkon qadar yaqin fursatlarda turkiyalik mutaxassislar bilan uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati