Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda soʻz erkinligi, axborot ochiqligi va media rivojlanishi borasida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi oshayotgan bugungi kunda professional, masʼuliyatli va zamonaviy jurnalistika kadrlariga ehtiyoj har qachongidan yuqori.

Oʻzbekistonda matbuot tarixi chuqur ildizlarga ega. XX asr boshlarida jadidlar harakati vakillari —
Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat kabi buyuklar matbuotni xalqni maʼrifatli qilish, milliy ongni shakllantirish vositasi sifatida koʻrgan. Ular gazeta va jurnallarni nafaqat axborot manbasi, balki millatni uygʻotish quroli deb bilgan. Mahmudxoʻja Behbudiy bir asrdan ziyodroq muqaddam yozgan edi: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmidan bebahra millat bosh­qalarga poymol boʻlur”. Bu soʻzlar bugun — raqamli transformatsiya davrida har qachongidan koʻra dolzarb.

Biz — ularning vorisimiz. Lekin bugungi jurnalis­tika oldida butunlay yangi vazifalar turibdi. Bir asr oldin masala axborot yetkazish boʻlgan. Bugun eng katta masala ishonchni saqlab qolishdir.

Mamlakatimizda soʻz erkinligi, axborot ochiqligi va media rivojlanishi borasida jiddiy islohotlar oʻtkazilmoqda. Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi oshayotgan ayni pallada professional, masʼuliyatli va zamonaviy jurnalistlarga ehtiyoj har qachongidan yuqori. Abdulla Avloniy yozganidek, “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur”. Bugun bu oyinaga yana bir muhim element qoʻshildi — media. Millatning dunyodagi oʻrni, obroʻsi va ovozini bugun media ommalashtirmoqda.

Axborot makonida bizni nima kutmoqda?

Insoniyat tarixida hozirgacha axborot bunchalik tez harakatlanmagan. Yangilik soniyalarda tarqalib, dunyo kezmoqda. Sunʼiy intellekt matn yozmoqda, algoritmlar auditoriya kayfiyatini boshqarmoqda, ijtimoiy tarmoqlar esa klassik OAV bilan raqobatlashayotgan yangi media maydoniga aylandi. Bugun voqea haqidagi ilk maʼlumotni jurnalist emas, koʻpincha tasodifiy guvoh, bloger yoki algoritm tarqatyapti.

Men ham bu hodisadan xoli emasman. Baʼzida kechqurun ish kunini yakunlab, telefonni bir chetga qoʻyish oʻrniga yangiliklar tasmasini aylantiraman. Psixologlar bu holatni “yangilik kutish sindromi” deb atamoqda. Unda odam salbiy axborotni oʻqishdan toʻxtay olmaydi, goʻyo toʻxtasa, dunyodan orqada qolgandek tuyuladi. Bu bugungi auditoriyaning ommaviy holatidir. Algoritmlar aynan shu zaiflikdan oziqlanadi.

Oʻzbekiston faol ravishda jahon axboroti oqimiga qoʻshilmoqda. Raqamli medialar soni oshdi, mustaqil internet resurslar va blogosfera rivojlandi, axborot isteʼmoli tuzilmasi tubdan oʻzgardi. Mamlakatimiz aholisining 94,2 foizi internetdan foydalanadi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari soni 14,1 millionga yetdi — bir yilda 41,7 foiz oʻsdi. Bu raqamlar nafaqat rivojlanish koʻrsatkichi, balki masʼuliyat hajmini ham anglatadi.

Oksford universitetining Reuters Institute maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab OAVlarga ishonch darajasi atigi 40 foizni tashkil etadi. Bu jurnalistika uchun jiddiy signal: auditoriya axborotni shunchaki qabul qilmaydi — tekshiradi, solishtiradi, shubhalanadi. Shuning uchun aytish mumkinki, jurnalistikaning vazifasi oʻzgardi. U endi faqat “nima boʻldi?” degan savolga javob bermaydi. U “bu nima uchun muhim?”, “buning ortida nima bor?”, “qaysi jarayonlar bu voqeaga olib keldi?” degan savollarga ham javob topishi shart. Bunday sharoitda jurnalist oldidagi eng katta vazifa tezlik va haqiqat orasidagi muvozanatni saqlab qolishdir. Chunki bugun eng qimmat resurs neft ham, texnologiya ham emas, balki ishonchdir.

Bugun jahon media makonida bir nechta muhim yondashuv shakllanmoqda, ular jurnalistikaning kelajagini belgilab bermoqda.

Birinchisi, auditoriya endi shunchaki yangilikni emas, uning ichidagi sabab va oqibatni qidiradi. The New York Times va The Guardian kabi nashrlar bu yoʻnalishda peshqadamlik qilmoqda — har bir maqola nafaqat voqeani yoritadi, balki uning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy kontekstini ochib beradi. Materialning qiymati uni birinchi boʻlib chiqarishda emas, balki uni toʻgʻri tushuntirish, ochib, tahlil qilib berishda.

Ikkinchisi, solutions journalism, yaʼni yechimga yoʻnaltirilgan jurnalistika ham zamon talabi. AQSHdagi Solutions Journalism Network bu yondashuvni ijtimoiy muammolarga javoblar haqidagi puxta, dalilga asoslangan, tanqidiy va foydali jurnalistika sifatida taʼriflaydi.

Uchinchidan, bugun sunʼiy intellekt jurnalistikada tobora faol oʻrin egallamoqda. Associated Press agentligi 2014-yildan buyon SI yordamida moliyaviy hisobotlar boʻyicha maqolalar yozmoqda. The Washington Post gazetasi Heliograf tizimi orqali minglab avtomatik xabarlarni chiqarmoqda.

Lekin savol tugʻiladi: SI masʼuliyatni his qila oladimi? Jamiyatdagi ogʻriqni toʻgʻri anglay oladimi? Sunʼiy intellekt xabar yozishi mumkin. Lekin intonatsiya tanlash, jamoat manfaatini hisobga olish, axloqiy chegaralarni hurmat qilish — bular jurnalistning vazifasi.

Kadrlar tayyorlash: universitetning yangi vazifalari

Oʻzbekistonda jurnalistika taʼlimining zamonaviy tizimi bevosita Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbusi bilan shakllangan strategik yutuqdir. Universitetimiz qisqa davrda katta yoʻlni bosib oʻtdi. Mamlakatimizga kelgan xorijlik ekspertlar, ­olimlar va media mutaxassislari Markaziy Osiyoda yagona ixtisoslashgan jurnalistika universiteti mavjud ekani, uning xalqaro ilmiy va taʼlimiy hamkorlik tarmogʻi, YUNESKO standartlariga mos zamonaviy oʻquv dasturlarini koʻrib, hayratini izhor etadi. Bir necha yilda bunyod etilgan bu tizim Oʻzbekistonning mediataʼlim sohasidagi oʻziga xos modelidir.

Universitet sakkiz yilda oddiy taʼlim muassasasidan mediatafakkurni shakllantiradigan ilmiy va ijodiy markazga aylandi. Bugun OTMda 6000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Oʻtgan 8 yilda 88 ta ilmiy tadqiqot ishi yoqlandi. Universitet 100 ga yaqin mahalliy va xorijiy tashkilotlar, yetakchi xorijiy OTMlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Birinchi kursdan media sohasiga shoʻngʻib, ishlab ketayotgan epchil, chaqqon talabalarimiz bor. Diplomni qoʻlga olmay turib, jurnalist, kontent yaratuvchi, media mutaxassisi boʻlib ulguradi. Bu universitetimizning eng katta iftixori.

Buni tushunish uchun atrofga nazar solaylik. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi dunyoning eng kuchli jamoalari bilan bir safda futbol oʻynamoqda. Yaqingacha terma jamoamizning jahon chempionatida ishtirok etishi faqat orzu edi. Bugun esa Oʻzbekiston futbol gigantlariga qarshi maydonga tushib, ular bilan bir maydonda bellashmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning islohotlar haqida gap ketar ekan, shu kunlarda tashkil etilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga toʻxtalish lozim. Ushbu forumga 100 dan ziyod davlatdan mehmonlar keldi, 43 milliard dollarlik bitimlar imzolandi. Mamlakatimiz iqtisodiyotida YAIM qiymati 10 yil oldingi 38 milliard dollardan 200 milliard dollar qiymat tomon shiddat bilan odimlamoqda.

Demak, Oʻzbekiston kuchlilar qatoriga kirayotgan bir davrda media ham yangi darajaga koʻtarilishi shart. Bugungi Oʻzbekiston mediasi 10 yil oldingisidan tubdan farq qiladi va bu farqni yaratgan asosiy kuch izchil islohotlardir. Davlat organlari faoliyatining transparentligi, jurnalistlarning ish ­sharoiti ­yaxshilanishi, raqamli media rivoji — bularning barchasi tasodif emas, balki ongli va izchil siyosat samarasi.

Iqtisodiyot, sport, xalqaro maydonda yuqoriga koʻtarilayotgan yangi Oʻzbekiston soʻz erkinligi va media ochiqligi boʻyicha ham xalqaro reytinglarda oʻz oʻrnini mustahkamlab borishi shart. Chunki haqiqiy taraqqiyot iqtisodiy raqamlar bilan birga fuqaro ovozining eshitilishi, jurnalistning erkin ishlashi, jamiyatning axborotga toʻliq kirish imkoniyatidir. OʻzJOKU esa yangi Oʻzbekistonga munosib kadrlar tayyorlash uchun muntazam faoliyatda. Universitetda jurnalistika, axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar, xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik, sotsiologiya va psixologiya, 9 ta xorijiy til filologiyasi, mediadizayn, mediamarketing, ijtimoiy ish yoʻnalishlarida taʼlim berilmoqda.

Jurnalistika yoʻnalishini rivojlantirish uchun bugun universitetda oltita ustuvor yoʻnalishga ­eʼtibor qaratilmoqda. Ular raqamli jurnalistika koʻnikmalarini mustahkamlash, tanqidiy tafakkur va verifikatsiya madaniyatini shakllantirish, yechimga yoʻnaltirilgan jurnalistika tamoyillarini taʼlim jarayoniga joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, media etikasi va ijtimoiy masʼuliyatni chuqurlashtirish, tadqiqot va innovatsiyalarni rivoj­lantirish.

YUNESKO ekspertlari bilan hamkorlikda jurnalistika yoʻnalishidagi malakaviy talablar qaytadan koʻrib chiqiladi hamda oʻquv rejalariga zamon talablariga mos yangi fanlar kiritiladi. Ayni paytda dunyo­dagi nufuzli oliy oʻquv yurtlarining jurnalistika dasturlari atroflicha oʻrganilib, ilgʻor tajribasi milliy taʼlim tizimiga moslashtirildi. Natijada raqamli jurnalistika, maʼlumotlarni tahlil qilish, mediasavodxonlik, sunʼiy intellektdan foydalanish va axborotni tekshirish kabi muhim yoʻnalishlar oʻquv jarayoniga joriy etildi. YUNESKO bilan davom etayotgan ushbu hamkorlik universitetimizni xalqaro taʼlim standartlariga yaqinlashtirish barobarida milliy mediataʼlimni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish imkonini bermoqda.

Biroq vaqt toʻxtab turmaydi va bugungi yutuqlar ertangi kun uchun kafolat boʻla olmaydi. Zamonamiz kutilmagan va tezkor oʻzgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Bunday sharoitda aholining axborotga munosabati tubdan oʻzgardi: odamlar endi faqatgina voqeadan xabardor boʻlishni emas, balki uning mohiyatini anglashni, sabab-oqibat zanjirini tushunishni, kelajakka taʼsirini baholashni talab qilmoqda. Aynan shuning uchun yangi avlod jurnalistlarini tayyorlashda biz kasbiy malaka doirasidan chiqib, chuqur tahliliy tafakkurni, yuksak ijtimoiy masʼuliyatni va jamiyatga sadoqat bilan xizmat qilish ruhini ­shakllantirishga intilmogʻimiz darkor.

Hozirgi raqamli davrda media faqat axborot yetkazuvchi vosita boʻlib qolmayapti — u yangi avlodning dunyoqarashi, qadriyatlari, tafakkur tarzi va ijti­moiy munosabatlarini shakllantiruvchi muhim muhitga aylanmoqda. Ayniqsa, zed, alfa va endi shakllanib kelayotgan beta avlodlari uchun mediahayotning ajralmas qismi, kundalik muloqot va bilim olish maydonidir. Shu bois, bugun jurnalistika oldida faqat haqqoniy axborot yaratish emas, balki yangi avlodning mediamuhitda qanday ulgʻayishi, qanday axborot isteʼmol qilishi va raqamli makonda qanday qadriyatlarni shakllantirishi kabi ulkan masʼuliyatli vazifalar turibdi.

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida aynan shu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar boshlab, zed avlod laboratoriyasini tashkil etdik. Universitet olimlari raqamli mediamuhitning bolalar va yoshlar ongiga taʼsiri, yangi avlodning mediaviy xulq-atvori, axborotni qabul qilish va baholash madaniyati hamda kelajakdagi media tendensiyalarini oʻrganishga qaratilgan ilmiy loyihalar ustida ishlamoqda.

Sherzodxon QUDRATXOʻJA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori,

siyosiy fanlar doktori, professor