Hurmatli Nodirjon!
Sizning mahorat va samimiyat bilan yozilgan maqola va suhbatlaringizni koʻproq “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi sahifalarida oʻqiyman. Yozganlaringizda yangi oʻzbek jurnalistikasi barq urib turadi. Siz topib yozadigan, izlanuvchan jurnalistlardan birisiz. Yaqinda qoʻlimga “Fidoyilik formulasi” deb nomlangan kitobingiz tushib qoldi. Kitobni katta qiziqish bilan oʻqib chiqdim.
Bizda soʻz aytish huquqi koʻproq adabiyotga berilgan boʻlsada, lekin matbuotning soʻz qudratiga suyanib, soʻz aytish mavqei ham baland. Hamma gap oʻsha soʻzni toʻgʻri va dadil aytishga bogʻliq. Nazarimda, xalq dardini, jamiyat ogʻriqlarini matbuot koʻp yozadi. Shu bois jurnalist izlanishdan, oʻqib-oʻrganishdan bir lahza toʻxtamaydi. U kerakli va hayotiy voqeani, zarur gapni birinchi boʻlib aytishga intiladi.
Nodirjon, kitobingizni oʻqib, qalami hamisha uygʻoq jurnalistni koʻrdim. Matbuot sahifalarida koʻp koʻrinmasangiz ham, ozu soz yozishingizga guvoh boʻldim. Oʻzingiz tabiatan kamsoʻz, kamtarin boʻlganingiz bois yozganlaringizda ham vazminlik va teranlik bor. Fikrlaringiz tosh bosadi va jozibador. Jonli voqealar va manzaralarga boyligi bilan oʻquvchining esida qoladi.
Kamina koʻproq sanʼat sohasi jurnalistikasida faoliyat yuritganim bois, sizning atoqli teatr arbobi va milliy teatr sanʼatimiz asoschilaridan biri Mannon Uygʻur haqidagi maqolangizni katta qiziqish va maroq bilan oʻqidim. Sarlavha topilgan: “Sanʼatimiz dagʻdagʻasi osmonlarcha bor. Bunga Ogʻa kabi dargʻalar asos yaratib ketgan”.
Maqolani Mannon Uygʻur nomidagi koʻchaning hozir mavjudmi-yoʻqligini surishtirishdan boshlaganingiz haqiqiy jurnalistning izlanishlari samarasi boʻlgan: “Hozir poytaxtimizda Mannon Uygʻur nomli bitta katta, bitta tor va bitta berk koʻchalar mavjud. Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida sanʼat arbobi nomi berilgan mahalla ham bor”, deb yozganingiz oʻquvchiga taskin beradi.
Maqolaning yana bir hayajonli sahifasi boshlanadi: “Uygʻur — buyuk sanʼatkorning taxallusi. Haqiqiy ismlari Abdumannon Majidov. U kishi oʻziga nega bunday taxallus tanlagan? Bu jiddiy savolga javobni Oʻzbekiston Qahramoni, xalq artisti, ogʻaning haqiqiy shogirdlaridan biri Zikir Muhammadjonovning maqolasidan topasiz. Koʻp manbalarda taxallusning maʼnosini anglab boʻlmagach, Zikir aka shunday yozadilar: «Klassik va boshqa turli xildagi eski lugʻatlarni varaqlab chiqdik. Nihoyat, 1969-yilda nashr etilgan «Qadimgi turk lugʻati” kitobining 362-betida “Uygʻur” soʻzining maʼnosi “uygʻotish” deb berilganiga koʻzimiz tushdi. Boshqacha boʻlib chiqishi mumkin ham emasdi. Mannon Uygʻur chin maʼnoda mazlum millatning uygʻotuvchisidir...»
Shuningdek, Zikir Muhammadjonov taniqli teatrshunos Muhsin Qodirov maqolasida Abulgʻoziy Bahodirxonning “Shajarai turk” asarida uchratgan “uygʻur” soʻziga berilgan izohni ham sharhlaydi va shunday xulosaga keladi: “U oʻzini uyushqoq, uyushtiruvchi, birlashtiruvchi deb bilgan, sanʼatda uygʻur boʻlishni orzu qilgan edi, shunday boʻldi, u taxallusini oqladi”.
Soʻng Oʻzbekiston xalq artisti Mannon Uygʻurning qizgʻin va mashaqqatli ijod yoʻlini ibratli misollar orqali teran ochib bergansiz.
Fidoyi rejissyorning yuksak isteʼdodi tufayli yaratilgan “Otello”, “Gamlet” spektakllarining shuhrati hamon oʻzbek milliy teatr sanʼati tarixida faxr va iftixor bilan tilga olinadi. Mashhur sanʼatkor Shukur Burhonovning maqolangizda keltirgan ushbu yorqin xotiralari ham yuraklarga harorat bagʻishlaydi: “Garchi teatr ilmiga ega boʻlmasamda, yuzlab rollar ijro etdim. Uygʻurning qoʻlida oʻqiganim, uning maktabini oʻtaganimdan gʻururlanish va xursand boʻlishdan toʻxtamayman”.
Maqola soʻngida urush yillari shahrimizga mehmon boʻlib kelgan Angliya parlamenti aʼzosi janob Jonsonning “Teatr kitobi”ga gʻurur bilan yozgan ushbu haroratli soʻzlarini keltirasiz: “Biz — Shekspir Vatanidan kelgan mehmonlar oʻzbek teatri sahnasida «Otello” spektaklini tomosha qilib, hozirgi zamonda oʻzimizning mamlakatda bu qadar yuksak ij roni koʻrmaganimizdan qoyil qolganimizni mamnuniyat bilan izhor etamiz. Bu ijroni butun dunyo koʻrishi kerak!»
Nodirjon! Sizning ulugʻ sanʼatkor hayoti va ijodini teran va qiziqarli maʼlumotlar bilan ochib bergan ushbu mazmundor maqolangizni “maʼrifiy ocherk” deb atagan boʻlardim.
Oʻzbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonovning yorqin va betakror hayoti hamda ijodiga bagʻishlangan “Buyuklik siri” maqolangizni ham maroq bilan oʻqib chiqqach, tarixiy bir voqea yodimga tushdi. 1995-yili “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi (afsus, bugun shunday gazeta yopilib ketdi! A.J.) oʻquvchilari bilan Navoiy viloyatida qator ijodiy uchrashuvlar oʻtkazgan edik. Guruhimizda mashhur sanʼatkor Zikir Muhammadjonov, gazeta bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, taniqli olim va tarjimon Ibrohim Gʻafurov va kamina bor edik. Oʻshanda Nurota tumanining Chuya qishloq fuqarolar yigʻinida katta uchrashuv boʻlgan. Esimda, qishloq bogʻiga kirib borish yoʻlagida oʻn besh-yigirmaga yaqin tizilib turgan qariyalar goʻyo askarlarday qadlarini tik tutib: “Xush kelibsiz, general Sobir Rahimov!” deb aynan Sobir Rahimov rolini kinoda mahorat bilan ijro etgan Zikir Muhammadjonovni katta hurmat va ehtirom bilan kutib olganlarini hamon hayajon bilan eslayman.
Maqolangizda mashhur aktyor bilan metroda uchrashib qolib, yonma-yon oʻtirish va suhbatlashish sharafiga muyassar boʻlganingizni jonli tasvirlagansiz. Va maqolani juda shirali ibora bilan yakunlagansiz: “Ulugʻ aktyorni kuzatganimizdan keyin doʻstim aytgan gap hamon esimda: «Juda oddiy odam ekan!”
Ha, buyuklikning siri oddiylikda, deb bejiz aytishmagan».
Shuningdek, kitobdan mashhur sanʼatkorlar — “Vatandoshlar” jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi, Oʻzbekiston xalq artisti marhum Sherali Joʻrayev bilan boʻlgan “Sen agar bugʻdoy boshoq boʻlsang, somoningman, Vatan!” nomli suhbatingiz hamda “Yalla” ansambli va uning badiiy rahbari, Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirovga bagʻishlangan “Shonli yoʻl zahmati va shuhratli ijod zavqi” deb nomlangan maqolangizni ham kitobxonlar sevib oʻqishlariga ishonamiz.
El sevgan hofiz Sherali Joʻrayev ijodining yuqori choʻqqisi — Vatan mavzusida kuylagan qoʻshiqlarini mehr bilan sanab oʻtib, bir oʻrinda shunday ajoyib fikrini bayon etasiz: “Qoʻshiqlarimdan birida shunday dardli satr bor: «Vatan degan har kas vatanparvarmas”. Shunday ekan, Vatanga boʻlgan muhabbatimiz, uni yuksaltirishga qaratilgan har bir xatti-harakatimiz mehr, muhabbat, gʻurur va iftixorga yoʻgʻrilgan boʻlishi kerak.
Afsonaviy sanʼatkor Botir Zokirovdan soʻng milliy estrada sanʼatimizni dunyoga mashhur qilib kelayotgan “Yalla” ansambli va Farrux Zokirov nomi xorijda ham sevib tilga olinadi.
Siz maqolani “Mana, xalqimiz oʻz «Yalla”sini nima uchun yaxshi koʻradi!» deb yakunlagansiz. Vaholanki, maqolada ansambl va Farrux Zokirov hayoti va ijodidan yorqin, betakror misollarni keltirib, oʻquvchini ishontirgansiz, “yaxshi koʻrishi”ni isbotlab bergansiz.
Nodirjon, oʻzingiz Toshkentda tugʻilib-oʻsganingiz bois, qadim va yangi poytaxt hayotini chuqur bilasiz. Shu bois “Yangilanayotgan eski shahar”, “Ulugʻ qadriyatlar beshigi”, “Seni bilmaslarga rahmim keladi” deb nomlangan turkum maqolalaringizni oʻqigan oʻquvchi kechagi Toshkentning tarixi, bugungi Toshkentda boʻlayotgan beqiyos oʻzgarishlarga guvoh boʻladi. Toshkentning betakror manzaralari bilan birga toshkentliklarning bebaho qalblarini ham koʻrib, yanada mehrlari toshadi. Yana bir gapni alohida taʼkidlamoqchiman, Toshkent va toshkentliklar haqida yozilgan maqolalarida muallifning begʻubor qalbi namoyon boʻlib turibdi. Juda topib yozganingizdek: “Hozir bizda davlatimizning «Inson qadri muqaddas” tamo yili asosida olib borayotgan siyosatini qoʻllab-quvvatlayotgan, unga koʻmaklashayotgan jahon hamjamiyatining eʼtibori bor, xayrixohligi bor...»
Nodirjon! Tarixiy, diniy va qadim merosimizga oid maqola va suhbatlaringiz ham qiziqish bilan oʻqiladi. Oʻzbekiston FA akademigi Ahmadali Asqarovning “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobi chop etilgani munosabati bilan “Koʻhna tarix shodasidagi marjon” nomli suhbatingizni nuqta-verguligacha qiziqib oʻqidim. Chunki katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan bu kitobni “Oʻzbekiston” NMIUda ishlab yurgan kezlarimda ming mashaqqat bilan chop etganimiz yodimga tushdi. Boʻlib oʻtgan mashmashalarni eslamoqchi emasman. Menga kitob muallifining jasorati, har bir muhokamada yozganlarini dadil isbotlab bergani va “ichki” kurashlarda gʻolib chiqqani hayratga solgan. Haqiqiy olim shunday boʻlishi kerak. Oʻzini ham, yozgan soʻzini ham ilm bilan himoya qilishini Ahmadali Asqarovdan oʻrganishni istardim. Shu oʻrinda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning aralashuvi va bevosita topshirigʻi bilan ushbu kitob dunyoning bir necha tillariga tarjima qilindi. Ham kitob muallifining, ham uni chop etgan nashriyot jamoasining yuzi yorugʻ boʻldi.
Nodirjon! Sizning Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufni eslab yozgan “Yurakka «koʻmilar” asl shoirlar» nomli xotira-essengizni hayajonsiz oʻqib boʻlmaydi. Mashhur va samimiy shoirga boʻlgan mehringiz har bir satrda nur sochib turibdi. Siz sheʼr oʻqib zalni junbishga keltirgan va muxlislar qalbini olqishlarga burkab, yoningizga kelib oʻtirgan shoirni shunday tasvirlaysiz: “Uzoq termilib qolganimni sezib, Muhammad aka menga qarab, jilmayib koʻz qisib qoʻydi”.
Bu taʼrif bilan Muhammad Yusufning soʻz orqali chiroyli va betakror siymosini mahorat bilan tasvirlagansiz. Qoyil!..
“Qoʻlyozmalar tilga kirganda...” maqolangizda manbashunoslikning yangi ilmiy maktabi yaratilayotganligini Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti faoliyati va professor-oʻqituvchilarning fikr-mulohazalari asosida yorqin va ishonchli ochib bergansiz. Bu maqolani kichik tadqiqot deb atagan boʻlardim.
Yana kitobingizdan oʻrin olgan “Fidoyilik formulasi”, “Maʼnaviyatdan iqtisod qilingan bir soʻm”, “Muomala madaniyati — inson qalbining koʻzgusi”, “Kitob oʻgʻrisi... Oʻgʻrimi?”, “Iltimos, saviya bilan yarashib olinglar!”, “Zanjirlarni uzish fursati” deb nomlanuvchi qator maqolalaringizda yangilanayotgan jamiyatda odamlar hayoti, turmush tarzi, oila muammolari, maʼnaviyat, tarbiya va insoniy munosabatlar yorqin, jonli va hayotiy misollar, voqealar orqali ishonchli, taʼsirchan yoritib berilganligi bilan kitobxon qalbidan oʻrin olishiga ishonaman.
Kitob haqidagi fikr-mulohazalarimni muxtasar etib, kitobingiz bilan tabriklab, jonli maqolalaringizdan birining sarlavhasini oʻzingizga nisbat berib aytmoqchiman: “Turma — yugur, tinma — tirish, bukilma — yuksal”, deb niyat qilaman. “Oddiy odamlarning quvonch va tashvishlari” maqolangiz qahramonlari Hasan va Nuriddin akalaringiz yaxshi niyatlar bilan aytgan soʻzlarini takrorlab, maktubimga nuqta qoʻyaman: “Yashang, uka! Qoʻlni tashlang...”
Ashurali JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan jurnalist








