Ko‘hna shaharda davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga mamlakatimizning “tashrif qog‘ozi”, ajdodlarimiz bunyodkorlik salohiyatining go‘zal ifodasi – dunyoga mashhur Registon maydoniga tashrif buyurdilar. Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillaqori madrasalarining mahobati, o‘zi xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uyg‘otadi.
Oliy martabali mehmonlar Registondagi har bir obida, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalarini hayrat bilan tomosha qildi. Ularga madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida so‘zlab berildi.
Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida mehmonlarga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berildi. Sohibqiron bobomiz va temuriylar davlati o‘z davrining eng ulkan va rivojlangan mamlakati bo‘lgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng Prezidentlar va ularning rafiqalari "Afrosiyob" muzeyiga tashrif buyurdilar.
Bu muzey Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiladi. Bu yerdagi noyob eksponat va devoriy suratlar butun dunyo sayyohlarini, shu jumladan koreyaliklarni o‘ziga jalb etib keladi.
VII asrga oid devoriy suratlardan birida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Koguryo elchilarini qabul qilish marosimi ham aks etgan. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi almashinuvlarning ko‘p asrlik tarixidan dalolat beradi.
Yaqinda koreyalik mutaxassislar ishtirokida muzeyni restavratsiya qilish ishlari yakunlangan bo‘lib, ular doirasida binoning ichki va tashqi qiyofasi mukammal qilib yangilandi.
Janubiy Koreya Prezidenti tarixiy ashyolarni hayrat va e’tibor bilan tomosha qilar ekan, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqalishini, bu do‘stlik va hamkorlik bundan keyin ham bardavom bo‘lishini ta’kidladi. Yetakchilar madaniy merosni asrash borasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.
So‘ng oliy martabali mehmonlar Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyi bo‘ldi.
Amir Temurning suyukli nabirasi bo‘lgan Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.
Ekskursiyaning oxirgi manzili “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi bo‘ldi. Bu yerda mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.
Davlat rahbarlarining Samarqanddagi uchrashuvi samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.