Kadastr agentligi Axborot xizmati rahbari N.Atamuratov AOKAda oʻtkazilgan brifingda egalik huquqini berish jarayoni haqida maʼlumot berdi.
Qayerga murojaat qilish kerak?
Hech qayerga murojaat etishlari shart emas. Qonunga muvofiq vakolatli tashkilotlardan tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida har-bir hududda xatlov ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur reja-jadval 2024-2025-yillar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taklifiga koʻra Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlandi.
Unga koʻra 2024-yilda respublikamizning barcha tuman va shaharlarida jami 901 ta, 2025-yilda esa 2980 ta mahallalarni qamrab olish rejalashtirilgan.
Ushbu reja-jadval Kadastr agentligining kadastr.uz saytida eʼlon qilindi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida saytga kirish bilan dastlabki oynada jadval bilan tanishish taklif etiladi. “Batafsil” tugmasini bosish orqali saytning kerak boʻlimiga oʻtiladi.
Foydalanuvchilar oʻzlariga kerakli boʻlgan mahallani topishlari uchun 3 ta harakatni amalga oshiradilar:
- 1-hududni tanlash,
- 2-tuman yoki shaharni tanlash,
- 3-qidiruv tugmasini bosish.
Shu orqali tanlangan manzildagi mahallalar jadvali kelib chiqadi.
Agarda roʻyxatdan sizning mahallangiz nomi chiqmasa, xavotirga tushmang. Demak, sizning mahallangiz 2025-yildan keyingi bosqichda xatlovdan oʻtkaziladi. 2026-yil reja-jadvali 2025-yil yakuniga qadar eʼlon qilinadi.
“EʼTIROF” AAT haqida
Kadastr agentligining “Geoinfocom” Davlat muassasasi tomonidan Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish axborot tizimi — “EʼTIROF” AAT dasturi ishlab chiqildi.
Qonunning 14-moddasiga asosan vakolatli tashkilotlardan tegishli maʼlumotlarni va hujjatlarni oʻzlarining axborot tizimlaridan “EʼTIROF” dasturiga integratsiya qilgan holda elektron ravishda taqdim etilishi yoʻlga qoʻyildi.
“EʼTIROF” AATga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi (IIP) orqali integratsiya qilingan tashkilotlar:
- Davlat aktivlarini boshqarish agentligi – yakka tartibdagi uy-joylar xususiylashtirilganligi yoki xususiylashtirilmaganligi toʻgʻrisidagi servisi;
- Soliq qoʻmitasi – mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish servisi;
- Adliya vazirligi – “E-qaror” yagona elektron tizimi;
- “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi – Yagona identifikatsiya tizimi (One ID) va Yagona billing tizimi;
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi – “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi hamda Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
- “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi va Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi – Yagona milliy mehnat tizimi;
- Kadastr agentligining ichki tizimlari – Koʻchmas mulkni hisobga olish va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish maqsadlarida foydalaniladigan integratsion axborot tizimi (UZKAD) hamda Yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlar toʻplamini shakllantirish va ularni koʻrib chiqish monitoringini yuritish (“E-YER NAZORAT” AAT).
Jarayonlar ochiq va shaffof boʻlishini koʻzlagan holda “EʼTIROF” dasturida barcha jarayonlarni aholi koʻrib, kuzatib borishi mumkin. Tasdiqlangan reja-jadval boʻyicha xatlovdan oʻtkazilgan mahallalarni hamda har bir obyekt toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlonga chiqariladi hamda ushbu obyektga tegishli davlat idoralari tomonidan berilgan ijobiy yoki salbiy xulosalarni onlayn koʻrish, xulosadan norozi boʻlgan taqdirda 1 oy ichida eʼtiroz bildirish imkoniyati yaratildi.
“EʼTIROF” AAT barcha uchun ochiq platforma. Ushbu tizimga etirof.kadastr.uz saytidan roʻyxatdan oʻtgan holda kirish va kuzatish imkoniyati mavjud.