Xususan, oʻzbekistonliklar ushbu turdagi oʻyinlar uchun listing jarayonidan oʻtgan kripto-aktivlarni qonuniy ravishda sotib olishi yoki sotishi mumkinmi, fuqarolar ushbu kripto-aktivlar bilan qanday va qayerda operatsiyalarni amalga oshirishi mumkinligi va hokazo.
Quyida eng koʻp beriladigan savollarga Agentlik mutaxassislari javob berdi.
1. “HMSTR” kripto-aktivmi?
Internetdagi ochiq manbalardan (rasmiy veb-sayt, “White Paper” deklaratsiyasi, ijtimoiy tarmoqlardagi loyiha profillari, Telegram messenjeri va boshqa resurslar) olingan maʼlumotlarga asoslanib, “The Hamster Foundation” — loyiha tashkilotchilari “TON” ekotizimi (tarqatilgan maʼlumotlar reyestri) doirasida “Hamster Kombat” oʻyinining “web3” oʻyinchilari uchun “Airdrop” jarayonini amalga oshirish uchun HMSTR tokenining chiqarilishini eʼlon qilishdi.
Shu bilan birga, “coinmarketcap.com” axborot resursi maʼlumotlariga koʻra, ushbu tokenga “Yagona kripto-aktiv identifikatori” (UCID) – № 32195 berilgan hamda mazkur token listingini amalga oshirishni rejalashtirgan elektron platformalar haqida ham maʼlumot taqdim etilgan.
2. “HMSTR” tokenining listingi qachon rejalashtirilgan?
Ushbu tokenning xalqaro kripto-platformalarda roʻyxatga olinishining aniq sanasi boʻyicha savollar loyiha tashkilotchilariga yuborilishi kerak.
3. Ushbu tokenlar egalari “Airdrop” jarayonida olingan “HMSTR” tokenlarini Oʻzbekistonning qayerida qonuniy ravishda sotishi mumkin?
Qabul qilingan “HMSTR” tokenlarini faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat koʻrsatuvchi provayderlar orqali, agar ular kripto-birja kotirovka roʻyxatiga yoki kripto-doʻkonning savdo savatiga kiritilgan boʻlsa, xarid qilish yoki sotish mumkin boʻladi.
Shu bilan birga, eslatib oʻtamiz: ushbu turdagi tokenlar juda oʻzgaruvchan boʻlib, aksariyat hollarda foydali funksionalligi yoʻqligi sababli roʻyxatga kiritilgandan soʻng qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.
4. Token va listing jarayoni amalga oshiriladigan kripto-platformalar haqida toʻliq maʼlumotni qayerdan olish mumkin?
“HMSTR” tokeniga oid maʼlumotlarni loyihaning rasmiy veb-saytida https://hamsterkombatgame.io/), “White Paper” deklaratsiyasida (https://hamsterkombatgame.io/docs/HK_WP_03.pdf), ijtimoiy tarmoqlar va Telegram messenjeridagi (https://t.me/hamster_kombat) loyiha profillari, “coinmarketcap.com” axborot resursida va boshqa manbalarda olish mumkin.
Shuningdek, yurtdoshlarimizdan hushyor boʻlishlarini, loyiha boʻyicha norasmiy maʼlumotlar manbalari orqali olingan maʼlumotlarga ishonmasliklarini, shuningdek, ushbu tokenlarni xarid qilish/sotish boʻyicha oʻz xizmatlarini taklif qilayotgan shaxslarga ishonmasliklarini hamda turli firibgarlik sxemalari qurboni boʻlmasliklarini soʻraymiz.
5. Oʻzbekistonda “HMSTR” tokenini noqonuniy xarid qilish/sotish uchun javobgarlik bormi?
Oʻzbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivning turi yoki nomidan qatʼi nazar, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunchilik darajasida maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanadi.