Elektron brasletni kimlarga qoʻllash mumkin emas?

    Elektron brasletlar 2025-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich qoʻllaniladi.

    Vazirlar Mahkamasining 05.12.2024-yildagi “Uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi VMQ-813-sonli qarori qabul qilindi.

    Nizom:

    • elektron braslet taqilishi belgilangan shaxslarning huquqlari va majburiyatlari;
    • elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibini buzish uchun javobgarlik;
    • elektron brasletga shikast yetkazilganda yoki yoʻqotilganda moddiy zararni undirish tartiblari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.

    Elektron brasletlar 2025-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich qoʻllaniladi.

    Elektron braslet uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs oyogʻiga taqiladi. Shaxs oyogʻiga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja koʻrsatilgan va boshqalar) qoʻl qismiga taqilishiga ruxsat etiladi.

    Elektron brasletni quyidagi shaxslarga qoʻllash mumkin emas:

    • 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
    • homilador ayollar;
    • 3 yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar;
    • I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
    • tibbiy koʻrsatmaga koʻra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan shaxslar (implant qilingan kardiostimulyator oʻrnatilgan shaxslar, yuqumli teri kasalligi (allergo kontakt dermatit, teri zamburugʻi yoki qichima kasalligi) boʻlgan shaxslar).

    Elektron braslet qoʻllaniladigan shaxslar quyidagilarni:

    • elektron brasletni belgilangan vaqt ichida quvvatlab borishi;
    • elektron brasletni oʻzboshimchalik bilan yechmasligi;
    • elektron brasletga zarar yetkazish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirmasligi shart.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 05.12.2024-yildan kuchga kirdi.