Kimlardir xuddi koʻz yumib yashayotganga oʻxshaydi, hayotda maʼno koʻrmaydi, maʼrifat, ilm nima ekanini bilmaydi. Qalbi maʼrifat nuridan ilhomlangan odamlar esa atrofdagi barcha narsada ilmning moʻjizasini koʻradi, oʻrganadi, bundan hayratlanadi. Oʻrganishning cheki, hayrat dengizining adogʻi yoʻq. Sizu biz bu odamlar bilan koʻrishamiz, suhbatlashamiz, ilmlaridan bahramand boʻlamiz. Kun oʻtgan sayin bilim xazinamiz boyib boradi. Darhaqiqat, tibbiyotimizda oʻz oʻrniga ega boʻlgan ustoz Muxammadxon Ubaydullayev ana shunday yuksak maʼrifat egalari safiga kiradi.
Hammamizga yaxshi maʼlum, insoniyat tamaddunida ustoz tushunchasining oʻrni beqiyos. Yaqin kunlarda yurtimizga jahonning mashhur shifokorlaridan biri, yuksak tajriba va bilim sohibi sifatida eʼtirof etilgan doktor, ustozimiz Muxammadxon Ubaydullayev yurtimizga kelishi kutilyapti. Bu xabar nafaqat koʻplab shifokorlar qatori Oʻzbekistondagi nufuzli tibbiyot oliygohlardan biri Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻpsonli professor-oʻqituvchilari qatori men uchun quvonchli habar.
Uzoq yillar mobaynida ustozimimiz bilan ilmiy va amaliy jarayonlarda yelkama-yelka mehnat qilib, uning ilmiy salohiyati va tafakkur mahsulidan koʻp saboqlar oldim. Muxammadxon Burxonovich — xalqimiz orasida shifokorlikni sanʼat darajasiga olib chiqayotgan va mazkur sohada zamonaviy yondashuv usullarini davom ettirib kelayotgan taniqli olimlardan biridir. Shu oʻrinda “Yuz jarrohligi va uranoplastika” yoʻnalishining tibbiyotda murakkab yoʻnalishlardan biri ekanligiga toʻxtalib, ustozning yaqin shogirdi sifatida Muxammadxon Burxonovichning oʻziga xos davolash uslubini katta hayotga qadam qoʻyayotgan yosh olimlar uchun ibrat maktabiga qiyoslamoqchiman.
Muxammadxon Burxonovich 1955-yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tugʻilgan. 1978-yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti Stomatologiya fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagach, tibbiyotdagi ilk faoliyatni Andijon va Namangandagi shifoxonalarda oʻtadi. Tanlagan sohasiga boʻlgan qiziqishi va oʻqib oʻrganishlari samara berib bugungi kunda dunyo miqyosida eʼtirof etilgan mutaxassis darajasiga yetdi. Albatta, bu ilmiy bosqich olim uchun oson kechgani yoʻq
Uning 1989-yilda Moskvada himoya qilingan “Uranoplastika natijalarini qiyosiy baholash” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi, keyinroq esa 2001-yilda himoyadan oʻtgan “Tugʻma va orttirilgan nosomaksillyar kompleks nuqsonlarini davolash” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi uning ilmiy faoliyatidagi bir – birini toʻldiradigan murakkab bosqichlardan hisoblanadi.
Eʼtirof etish joiz, Muxammadxon Burxonovichning nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro maydonda ilmi bilan tanilib soha vakillari orasida katta hurmat qozonishiga Yaman va Rossiya Federatsiyasining Bashqiriston respublikasidagi shifoxonalarida toʻplagan xalqaro tajriba sabab boʻldi. Olim oʻzining masʼuliyatli ishi asnosida tugʻma kamchiliklar: koʻpincha bolalarda uchraydigan lab yoriqlari kabi oʻnlab turdagi nuqsonlarni bartaraf etishda uranoplastika jarrohlik amaliyoti samarali yordam berishini isbotladi.
Bunday nuqsonlar nafaqat tashqi koʻrinishni buzishi, balki nutq rivojlanishi, ovqatlanish, nafas olish va eshitish qobiliyatiga ham jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatishini koʻp yillik tajribamdan koʻrib kelayotgan shifokor sifatida tan olishim kerak, uranoplastika nafaqat estetik jihatdan, balki inson hayotidagi muhim fiziologik funksiyalarni tiklash nuqtayi nazaridan ham juda muhim sohadir.
Toʻgʻma yoki orttirilgan nuqsonlarini tuzatish maqsadida tibbiyotda turli usullar va texnologiyalar ishlab chiqilayotgan bugungi kunda har bir usulning oʻz afzalliklari va murakkab jihatlari mavjud.
Men ustozim faoliyatida bola tugʻilgandan soʻng birinchi marta amalga oshiriladigan oʻta nozik jarayon uranoplastika va qayta uranoplastika ijobiy bajarilgan muolajalariga koʻp guvoh boʻlganman.
Har gal bemorlarining psixo-emotsional holatiga ustalik bilan baho berishini koʻrganimda ayniqsa, bosqichli va koʻp bosqichli operatsiyalardan keyingi qon yoʻqotish darajasi va tiklanish muddatini olimlarga xos zukkolik bilan qiyosiy tahlil qilganiga guvoh boʻlganimda tanalagan kasbimga mehrim, hurmatim va masʼuliyatim oshib boravergan.
Bu iqror bir mening emas, ustozning yuzlab shogirdlarida umumiy tibbiy, ijtimoiy va insonparvarlik hislatlari shaklanishi va sayqallanishiga sabab boʻlmoqda. Shu maʼnoda tibbiyot — bu faqat fan emas, inson ruhini, tanini va umidini davolash sanʼati hamdir.
Ustoz Ubaydullayev Muxammadxon Burxonovich va uning shogirdlari oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrib zamonaviy tibbiyotimizning ildizi qaysi poydevorda ekanligini yaqqol his etish mumkin.
Tibbiyotda ustoz-shogird anʼanalari ilmning uzluksizlik zanjiridir. Ushbu anʼanani asrab-avaylash, uni yangi avlodga yetkazish har bir shifokorning muqaddas burchi. Uranoplastika sohasida olib borilayotgan izlanishlar, turli usullarning qiyosiy baholanishi va shogirdlarga berilgan qimmatli bilimlar — barchasi inson hayotini yaxshilash, uning salomatligini muhofaza qilish maqsadini koʻzlaydigan katta mehnat mahsulidir.
Muxammadxon Burxonovichning ilm maktabida yetishib chiqqan koʻplab shogirdlar bugun tibbiyot sohasida muhim vazifalarni bajarmoqda. Ular dunyoning turli manzillarida turli lavozimda faoliyat olib borsalar-da, ustoz-shogirdlik oʻrtasidagi munosabatlarni nafaqat mahorat darslari va amaliyot, balki kun sayin takomillashib borayotgan zamonaviy ilm negizida mujassam insoniylik va ezgulikka xizmat qildirmoqdalar.
Shuhrat BOYMURADOV,
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori