Mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy va huquqiy islohotlar, yoshlar siyosati, ijtimoiy barqarorlik va davlat boshqaruvining samaradorligi buning yaqqol ifodasidir.

Shuni alohida qayd etish joizki, yangi Oʻzbekiston deganda, avvalo, aholi uchun uchun qulay, adolatli va imkoniyatlarga boy jamiyat tasavvur qilinadi. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy yordam tizimlarini takomillashtirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirish — bularning barchasi mamlakatning xalqparvar yoʻnalishdagi islohotlari demak.

Zero, xalqning fikri va tashabbuslarini inobatga oladigan davlat siyosati, yoshlar, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu esa oʻz navbatida, mamlakatda tinchlik, barqarorlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Soʻnggi yillarda respublikamizda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda jiddiy islohotlarni amalga oshirilib, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida katta qadamlar tashlamoqda. Bu jarayonning asosiy maqsadi — fuqarolarning hayot sifatini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, insonparvar va xalqchil davlat modelini yaratishdan iborat.

Yangi Oʻzbekiston — bu faqat iqtisodiy oʻsish emas, balki har bir fuqaroning hayot sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan insonparvar va xalqchil davlat timsolini anglatadi.

Har bir davrda barcha rivojlangan davlat va jamiyatlar oʻzlari uchun muhim boʻlgan yoʻnalishlarda maʼlum bir maqsadlarga eltuvchi strategiyani ishlab chiqadi. Bundan besh yil oldin Oʻzbekiston ham oʻz rivojlanish tarixida yangi bir davrga qadam qoʻydi. Ushbu davrda boshlangan islohotlarni amalga oshirish uchun esa xalqimiz bilan bamaslahat tarzda ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi hayotga tatbiq etildi. Oʻtgan davr mobaynida ushbu Strategiya asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Quvonarlisi, qisqa vaqt ichida koʻzlangan maqsad va vazifalarga tahlil va raqamlar asosida emas, Oʻzbekistonning har bir fuqarosi oʻz turmush tarzida his qilgan oʻzgarishlar orqali toʻlaqonli erishildi.

Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi mamlakatimizning asosiy rivojlanish yoʻnalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanadi. U 5 ta ustuvor yoʻnalish doirasida 100 ta maqsadga erishishga qaratilgan. Uning maqsadlari va samaradorlik koʻrsatkichlari aholi uchun qulay shaklda bayon etilgan. Shu bilan birga mamlakatning barqaror va inklyuziv rivojlanishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan va respublikamizning uzoq muddatli rivojlanish yoʻnalishlarini belgilaydi. Unda turli sohalardagi islohotlar, iqtisodiy oʻsish, taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimlarining takomillashtirilishi, ekologik barqarorlikni taʼminlash va davlat boshqaruvini zamonaviylashtirish kabi maqsadlar koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Strategiya xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha xohish-irodasini roʻyobga chiqarish, har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim boʻgʻiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlash maqsadlariga xizmat qiladi.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi oʻzida quyidagi asosiy gʻoyalarni aks ettirgan:

  • barqaror iqtisodiy oʻsish orqali daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrin olish;
  • aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish;
  • aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
  • xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
  • mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli “Yangi Oʻzbekiston – xalqchil davlat” gʻoyasini roʻyobga chiqarish masalasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatida ham muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Milliy markaz tomonidan Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida “Xalqchil davlat” milliy dasturi loyihasi tayyorlangani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Milliy dastur loyihasini tayyorlashda 60 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlarining masʼul xodimlari hamda fuqarolik jamiyati instituti vakillari qatnashdi. Loyihalar yuzasidan 200 ga yaqin takliflar qabul qilindi.

“Xalqchil davlat” milliy dasturi va uning “Yoʻl xaritasi” loyihasi xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlarni nazarda tutadi. Ushbu hujjatda har bir fuqaroning farovonligini taʼminlashga qaratilgan “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻlaqonli roʻyobga chiqarish yoʻnalishlari belgilanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan emas, balki inson qadri, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan kompleks islohotlar bilan belgilanmoqda. Ushbu jarayonning izchil davom ettirilishi fuqarolarning davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini taʼminlash, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va demokratik, insonparvar hamda xalqchil davlatni barpo etishning muhim sharti hisoblanadi.

Valisher ABIROV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti,

Nargiza YUSUPOVA,

universitet talabasi